Jahon | 10:10
2116
2 daqiqa o‘qiladi

Epshteyn ishi bo‘yicha yangi qurbonlar ko‘rsatma bermoqda

Parij prokuraturasiga amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha yana “o‘nga yaqin” ehtimoliy jabrlanuvchi murojaat qildi. Bu haqda Parij prokurori Lor Beko RTL telekanali efirida ma’lum qildi.

Foto: REUTERS

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha kelib tushgan murojaatlar soni taxminan 20 taga yetgan.

Tergovning asosiy maqsadi Fransiyada odam savdosi bilan bog‘liq ehtimoliy vositachilarni aniqlashdan iborat. Tergovchilar Epshteynning jinoiy faoliyatiga yordam bergan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni tekshirmoqda.

“Hozircha javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan biror shaxs so‘roq qilingani yo‘q”, — dedi prokuror.

Uning ta’kidlashicha, tergovning hozirgi bosqichida avvalo ehtimoliy qurbonlarning ko‘rsatmalari yig‘ilmoqda, shundan keyin ashyoviy dalillar o‘rganiladi.

Keyingi bosqichlarda Epshteynning kompyuteridagi ma’lumotlar, telefon muloqotlari va manzil kitoblari ham ekspertizadan o‘tkaziladi.

Amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn 2008–2009 yillarda fohishalikni tashkil qilish aybi bilan jazo o‘tagan. U 2019 yil 6 iyul kuni voyaga yetmagan qizlarni fohishalikka majburlash aybi bilan yana hibsga olingan va 10 avgust kuni Nyu-Yorkdagi qamoqxona kamerasida osilgan holda topilgan.

2025 yil dekabrida Epshteyn ishiga oid hujjatlarning birinchi qismi e’lon qilingan edi. 2026 yil 30 yanvarda esa AQSh Adliya vazirligi “Epshteyn fayllari”ga oid yana 3 milliondan ortiq sahifa, 2000 ta video va 180 mingta tasvirni jamoatchilikka taqdim etdi.

Avval e’lon qilingan materiallarda Britaniya shahzodasi Endryu kabi taniqli shaxslar bilan aloqalar ham tilga olingan. Shuningdek, JPMorgan banki Epshteyn bilan uzoq yillar hamkorlik qilgani uchun jabrlanuvchilar bilan 290 million dollarlik kelishuvga erishgan.

AQSh Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ish materiallarida 1200 dan ortiq jabrlanuvchi aniqlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid