Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyning “yangi avtoimperiya”si: mashina ishlab chiqaruvchidan texnologik gigantga aylangan kompaniya – Geely
Pekin. Ulkan pavilonlar, robotlar, sun’iy intellekt, ovoz bilan boshqariladigan elektromobillar va haydovchisiz kapsulalar: “Auto China 2026” ko‘rgazmasi transport sanoati kelajagi qanday bo‘lishini ko‘rsatadigan maydonga aylandi. Unda Xitoyning eng tez o‘sayotgan avtomobil gigantlaridan biri – Geely o‘zining eng so‘nggi innovatsiyalari bilan ishtirok etdi. Xalqaro media vakillari uchun yopiq matbuot anjumanida kompaniyaning bugungi holati, global strategiyasi va texnologik ambitsiyalari haqida so‘z bordi.
Bir necha yil oldin Xitoy avtomobillari haqida gap ketganda ko‘pchilikning xayoliga arzon va sifati past mashinalar kelardi. Bugun esa vaziyat o‘zgargan. Endi ushbu mamlakat kompaniyalari global bozorda faqat narx bilan emas, texnologik jihatdan ham raqobatlashmoqda. Geely bunga eng yaqqol misollardan biri bo‘lib turibdi.
1998 yilda ilk avtomobilini ishlab chiqargan kompaniya bugun Volvo, Polestar, Lotus, ZEEKR va Lynk & Co kabi yirik brendlarni qamrab olgan global xoldingga aylangan. Tashkilotning strategiyasi esa oddiy: endi faqat mashina ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas.
Pekindagi ko‘rgazmada Geely aynan shu yondashuvni namoyish qildi. Kompaniya sun’iy intellekt asosidagi robotlar, ultra tezkor quvvatlash texnologiyalari, aqlli xavfsizlik tizimlari va haydovchisiz transport platformalarini taqdim etdi. Eng katta qiziqishlardan biri esa L4 avtonom robotaksi konseptiga qaratildi.
Bu avtomobilda rul ham, pedal ham yo‘q. Ichki salon esa mobil ofis yoki dam olish hududini eslatadi. Barcha boshqaruv “Super Eva” sun’iy intellekti orqali amalga oshiriladi. Geely’ning G-ASD 4.0 tizimi kuzov ichiga yashirilgan sensorlar yordamida yo‘lni to‘liq nazorat qiladi.
Takidlanishicha, bu konsept bitta narsani tasdiqlaydi: avtomobil sanoati asta-sekin transport vositasi ishlab chiqarishdan mobil texnologiyalar ekotizimiga aylanyapti. Chunki bugungi avtomobil bozorida qiymat faqat motor quvvati yoki tashqi dizayn bilan o‘lchanmayapti. Asosiy raqobat batareya texnologiyasi, sun’iy intellekt, avtonom boshqaruv va dasturiy ta’minot ustida ketmoqda.
Geely bu poygada ortda qolishni istamayapti. Kompaniya o‘zining “AI Mobility Ecosystem” strategiyasi orqali avtomobilni shunchaki transport vositasi emas, raqamli hayotning bir qismi sifatida ko‘rsatyapti.

Ko‘rgazmadagi eng qiziq yo‘nalishlardan biri yangi energiya avtomobillari segmenti bo‘ldi. Geely Galaxy M7 modeli 225 kilometrgacha sof elektr yurish imkoniyati va 1730 kilometrgacha umumiy yurish zaxirasi bilan taqdim etildi. Bu ko‘rsatkichlar Xitoy kompaniyalari texnologik jihatdan uzoq masofaga mo‘ljallangan va kundalik foydalanishga qulay modellar yaratishga ham o‘tayotganini bildiradi.
Shuningdek, kompaniya i-HEV aqlli gibrid texnologiyasini faol targ‘ib qilmoqda. Geely ma’lumotlariga ko‘ra, Emgrand i-HEV modeli real sinovlarda 100 kilometrga 2,22 litr yoqilg‘i sarflagan.

Media tur davomida jurnalistlar Geely’ning Hanchjou va Ningbo shaharlaridagi zavodlari, test markazlari bilan tanishdi. Avtohalokat sinovi (crash-test) hududidagi namoyishlar kompaniya xavfsizlik masalasini marketingdan ko‘ra strategik ustunlik sifatida ko‘rayotganini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, Geely 2025 yilda 4 milliondan ortiq avtomobil sotdi. Sotuvlarning katta qismini elektromobil va gibrid modellari tashkil qilmoqda.
Mavzuga oid
17:00 / 20.03.2026
Geely jahon bozorida Xitoyning yetakchi avtomobil brendiga aylandi va O‘zbekistondagi mavqeyini ham yanada mustahkamlamoqda
19:00 / 09.02.2026
O‘zbekiston avto olamida yangi o‘yinchi: Geely brendi 3 ta yangi modelini rasman taqdim etdi
16:48 / 12.07.2025
To‘la benzin baki bilan 2100 km - Geely Galaxy A7 sedani sotuvga chiqdi
14:11 / 01.07.2024