Ta’lim | 11:41
1248
4 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prik hokimi tashlandiq bog‘cha muammosidan nega ko‘z yumyapti?  

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani 30-DMTT 100 o‘ringa mo‘ljallanganiga qaramay, unga 150 nafar bola qatnaydi. Hozirda bino yaroqsiz holatga kelgani sababli yopilgan. Bolalar boshqa xonadonga ko‘chirilib, faoliyat davom ettirilmoqda. Bog‘cha xodimlari bir necha bor viloyat hokimiyati, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi viloyat va tuman bo‘linmalariga ta’mir masalasida murojaat qilgan, ammo javobsiz qoldirilgan.

Murojaatchi yuborgan rasmlar

Kun.uz’ga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Yangiqishloq MFY hududida joylashgan 30-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti abgor holatda.

Tashkilot 1991 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan masjid binosida 2019 yildan buyon faoliyat yuritadi. Dastlab 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lgan. Biroq hozirgi kunda bu yerda 130 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim olmoqda.

Xodimlarning ta’kidlashicha, bog‘chadagi mavjud xonalar bir vaqtning o‘zida ham ta’lim, ham yotoqxona vazifasini bajaradi. Muassasada alohida oshxona, qo‘riqlash (qorovul), hamshira xonasi yo‘q. Omborxona yaroqsiz holatda, musiqa zali mavjud emas. Yozgi ayvoncha ham qurilmagan.

2

Hojatxona sanitariya talablariga javob bermaydi, bolalar va tarbiyachilar moslashtirilmagan tor xonalarda ishlashga majbur bo‘lmoqda.

56

30- DMTT mas’ulining aytishicha, xodimlar o‘zaro mablag‘ to‘plab, bog‘chani ta’mirlashga harakat qilgan. Ammo bu yetarli bo‘lmagan.

“Biz ko‘p yillardan beri shu binoni yamab, bolalar uchun sharoit yaratishga urinyapmiz. Lekin bu yechim emas. Bu bino molxonaga o‘xshaydi”, – deydi ular.

Hozirda bino yaroqsiz holatga kelgani sababli faoliyat to‘xtatilgan. Bolalar boshqa bino (xonadon)ga ko‘chirilib, ta’lim-tarbiya jarayoni shu yerda davom ettirilmoqda. 

Xodimlar hamda ota-onalar tomonidan masalani hal etish yuzasidan bir necha bor tegishli idoralarga murojaatlar yo‘llangan. Xususan, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, Uchko‘prik tumani hokimi Q. Erkaboyev hamda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbariyatiga xat bilan chiqilgan. Biroq e’tiborsiz qoldirilgan.

7-17-2

Bundan tashqari, 2026 yil 28 mart kuni Prezident virtual qabulxonasiga ham murojaat yuborilgan. Bog‘cha vakillarining aytishicha, hozirga qadar muammoni hal qilish bo‘yicha aniq qaror.

“Bolalar 150 nafar, sharoit 100 nafar bolaga ham mos emas. Biz mukammal sharoit so‘ramayapmiz. Hech bo‘lmaganda bolalar uchun xavfsiz, sanitariya talablariga javob beradigan yangi yoki to‘liq rekonstruksiya qilingan bino kerak”, – deydi murojaatchilar.

ImageImage

Hozircha Uchko‘prik tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi yoki viloyat boshqarmasi tomonidan 30-DMTT holati bo‘yicha rasmiy bayonot berilmagan. Masala esa ochiq qolmoqda: 150 nafar bola hali ham eskirgan, moslashtirilmagan binoda tarbiyalanmoqda.

Kun.uz mazkur 30-DMTT holati bo‘yicha rasmiy tashkilotlar bilan bog‘landi. Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan viloyati hokimligi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishtirokida holatni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilganini, o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi. Kun.uz vaziyatni kuzatib boradi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid