Kun.uz’ga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Yangiqishloq MFY hududida joylashgan 30-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti abgor holatda.
Tashkilot 1991 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan masjid binosida 2019 yildan buyon faoliyat yuritadi. Dastlab 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lgan. Biroq hozirgi kunda bu yerda 130 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim olmoqda.
Xodimlarning ta’kidlashicha, bog‘chadagi mavjud xonalar bir vaqtning o‘zida ham ta’lim, ham yotoqxona vazifasini bajaradi. Muassasada alohida oshxona, qo‘riqlash (qorovul), hamshira xonasi yo‘q. Omborxona yaroqsiz holatda, musiqa zali mavjud emas. Yozgi ayvoncha ham qurilmagan.

Hojatxona sanitariya talablariga javob bermaydi, bolalar va tarbiyachilar moslashtirilmagan tor xonalarda ishlashga majbur bo‘lmoqda.


30- DMTT mas’ulining aytishicha, xodimlar o‘zaro mablag‘ to‘plab, bog‘chani ta’mirlashga harakat qilgan. Ammo bu yetarli bo‘lmagan.
“Biz ko‘p yillardan beri shu binoni yamab, bolalar uchun sharoit yaratishga urinyapmiz. Lekin bu yechim emas. Bu bino molxonaga o‘xshaydi”, – deydi ular.
Hozirda bino yaroqsiz holatga kelgani sababli faoliyat to‘xtatilgan. Bolalar boshqa bino (xonadon)ga ko‘chirilib, ta’lim-tarbiya jarayoni shu yerda davom ettirilmoqda.
Xodimlar hamda ota-onalar tomonidan masalani hal etish yuzasidan bir necha bor tegishli idoralarga murojaatlar yo‘llangan. Xususan, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, Uchko‘prik tumani hokimi Q. Erkaboyev hamda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbariyatiga xat bilan chiqilgan. Biroq e’tiborsiz qoldirilgan.











