Sog‘lom hayot | 18:24 / 22.05.2026
567
2 daqiqa o‘qiladi

Ebola yangi shtammiga qarshi vaksina faqat olti-o‘n oydan keyin tayyor bo‘ladi – JSST

Uganda va Kongo Demokratik Respublikasida hozirgi Ebola epidemiyasini keltirib chiqargan Bundibugio shtammiga qarshi vaksina olti-to‘qqiz oydan keyin tayyor bo‘ladi.

Foto: Dirole Lotsima Dieudonne/AP

Bu haqda The Guardian Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tadqiqot bo‘limi rahbari Vazi Murti bayonotiga tayanib yozdi.

Qayd qilinishicha, hozir faqat Zair shtammiga qarshi vaksina mavjud bo‘lib, u, xususan, 2014-2015 yillarda Afrikada Ebola epidemiyasini keltirib chiqargan.

Murti so‘zlariga ko‘ra, Bundibugio shtammiga qarshi eng istiqbolli vaksina Zair shtammiga qarshi vaksina bilan bir xil tamoyillarga asoslanadi, ammo uni yaratish uchun vaqt kerak.

«Hozircha bunday vaksinaning klinik sinovlar uchun foydalanish mumkin bo‘lgan dozalari yo‘q. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu olti oydan o‘n oygacha davom etadi», dedi u.

JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi vaziyat davom etayotgan qurolli mojaro tufayli yomonlashmoqda. So‘nggi oylarda 100 mingdan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

«Tibbiyot muassasalari, agar tibbiyot xodimlarining o‘zi qochishga majbur bo‘lsa, davolash va epidemiologik nazoratni ta’minlay olmaydi», dedi Gebreyyesus.

Kongo Demokratik Respublikasi rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola epidemiyasi boshlanganidan beri kamida 160 kishi halok bo‘lgan. Ikki provinsiyada 671 ta taxminiy kasallanish holati aniqlangan. BMT, shuningdek, qo‘shni Ugandada bir kishi halok bo‘lgani va yana bir kishi kasallanganini ma’lum qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid