O‘zbekiston | 12:44
1443
21 daqiqa o‘qiladi

Hibsga olinganlarning yaqinlari, hatto qo‘shnilari ham tergov qilingan – o‘zbekistonliklarni qaqshatgan “Paxta ishi”

1983 yil aprelda Buxoro viloyati IIB OBXSS boshlig‘i A.Muzaffarov va shahar sanoat mollari savdo bo‘limi direktori Sh.Qudratov hibsga olinadi. Ularning har ikkalasi pora olishda ayblanadi. Ko‘p o‘tmay bu jinoyat ishi bo‘yicha tergovga Moskva tomonidan SSSR bosh prokurorining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchilari bo‘lgan Telman Gdlyan hamda Nikolay Ivanov jalb qilinadi va ular O‘zbekistonga yuboriladi. Shu tariqa o‘zbekistonliklarni 5 yil qaqshatgan “Paxta ishi” qatag‘oni boshlanadi.

Nahoringda paxta, shomingda paxta,
Ayvoningda paxta, tomingda paxta.
Oqar og‘u bo‘lib qoningda paxta,
Nega yig‘lamaysan, ahli Andijon?

Shoir Muhammad Yusuf yuqoridagi misralarni bekorga yozmagan. Yoshi kattalar yaxshi bilishadi, 1970-1980-yillarda O‘zbekistonda paxta ekilmagan faqat o‘zbekning tomi qoldi xolos. Boshqa hamma joyda “oq oltin” yetishtirildi.

O‘sha paytlarda nafaqat paxtakorlar, hasharchilar, talabalar, hatto maktablarning 5-sinfdan yuqori o‘quvchilari ham paxta dalasiga haydaldi va ular dekabr oyida ham dalada yurishdi.

Sovet rahbari Leonid Brejnev hali O‘zbekiston 4 mln tonna paxta yetishtirib yurgan kezlarda Sharof Rashidovga avvaliga hosilni 5 mln tonnaga, keyin esa 6 mln tonnaga yetkazish talabini qo‘yadi.

Bu talabning oqibati nima bo‘ldi? O‘zbekning bog‘lari qo‘porib tashlandi, poliz mahsulotlari maydoni kamaytirildi, hatto tomorqalarga paxta ektirildi. Baribir 6 millionlik reja bajarilmadi.

Shundan so‘ng Moskvada o‘tirgan korchalonlar o‘zbekistonliklarga rejani bajarish yo‘lini o‘rgatishdi: “sen pulni olib kel, rejang bajariladi”. Oqibatda reja qog‘ozda bajarildi.

Bu orada 1982 yil kuzida Leonid Brejnev vafot etadi. Uning o‘rniga ko‘z tikkan KGB boshlig‘i Yuriy Andropov Brejnevning jasadi qabrga qo‘yilmasdan “taxtga” o‘tiradi.

Shundan so‘ng Rashidovning boshida qora bulutlar aylana boshlaydi. Chunki Andropov Rashidovni azaldan yoqtirmas va o‘ch olish uchun payt poylab yurgandi. Biroq Brejnev tirikligida u Rashidovga inday olmasdi.

Andropov Brejnevning o‘limidan so‘ng arqonni biroz uzun tashlaydi va bir muddat Rashidovga tegmaydi. So‘ng xuruj boshlanadi. Oqibatda 1983 yil kuzida Rashidov Qoraqalpog‘istonda yurganida vafot etadi.

Shundan so‘ng Andropov O‘zbekistonga Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi “desant”ni tashlaydi. Bu “desant” 5 yil davomida O‘zbekistonda mislsiz qatag‘on uyushtiradi. Quyida paxta va paxta ishi tarixi haqida so‘z yuritamiz.

Paxta ishi” boshlanishidan avvalgi vaziyat

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sovetlar Ukraina va Rossiya janubida paxta yetishtirishga urinib ko‘rishadi, biroq bu samara bermaydi. Shundan so‘ng SSSR rahbariyati O‘rta Osiyoda paxta yetishtirishni ko‘paytirishga qaror qiladi.

Mintaqadagi cho‘llar o‘zlashtiriladi. Kanallar qaziladi, suv omborlari quriladi. So‘ng juda katta hududlarga paxta ekish boshlanadi.

1960-yillardan boshlab Moskva O‘zbekistonda paxta yetishtirish rejasini yildan yil oshirib boradi. Avvaliga bir mln, so‘ngra ikki mln tonna...

1970-yillar oxiriga kelib O‘zbekiston paxta hosilini 5 million tonnaga chiqaradi. Ammo bu ham Moskvani qoniqtirmaydi va hosilni 6 million tonnaga yetkazish rejasini qo‘yadi.

Yoshi kattalar yaxshi biladi, o‘sha paytlarda har bir qarich yerga paxta ekiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, paxta ekilmagan joy faqat uylarning loy suvoq tomi qoladi.

Aslida O‘zbekistondagi ishchi kuchi, dala maydonlari hajmi, yer-suv imkoniyatlari 6 million tonna paxta yetishtirishga imkon bermas edi. Ammo Moskvadagi korchalonlar talab qilib turaverganidan keyin rejani bajarmaslikning iloji bo‘lmaydi.

Biroq shunda Moskvaning o‘zi qanday qilib paxta hosilini 6 mln tonnaga yetkazishning yo‘lini “o‘rgatadi”. Hosilining yetmagan qismiga Moskvaga pul bora boshlaydi.

O‘sha paytda qo‘shib yozish nafaqat paxta yetishtirishda, balki mamlakatning barcha sohalarida urchib ketadi. Masalan, Qozog‘istonda go‘sht va sut-qatiq, Ukrainada lavlagi, Boltiqbo‘yi respublikalarida baliq yetishtirishda ham qo‘shib yozish avj oladi.

Paxta ishi”ning boshlanishi

O‘zbeklar boshiga mislsiz balolar yog‘dirgan “Paxta ishi” tarixi 1983 yil bahoriga borib taqaladi. O‘sha yili aprelda KGBning Buxoro viloyati boshqarmasi Buxoro shahar sanoat mollari savdosi bo‘limi direktori Sh.Qudratov va viloyat IIB OBXSS (sotsialistik mulkni talon-toroj qiluvchilarga qarshi kurash bo‘linmasi) boshlig‘i A.Muzaffarovni hibsga oladi. Ularning har ikkalasi pora olishda ayblanadi.

Ko‘p o‘tmay Buxorodagi bu jinoyat ishi bo‘yicha tergovga Moskva tomonidan SSSR bosh prokurorining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchilari bo‘lgan Telman Gdlyan hamda Nikolay Ivanov jalb qilinadi va ular O‘zbekistonga yuboriladi.

Gdlyan va Ivanov o‘z tergov guruhi bilan O‘zbekistonga yetib kelgach, birin-ketin Buxoro viloyati IIB boshlig‘i general Norov, uning ikki o‘rinbosari – polkovnik Sh.Rahimov, podpolkovnik V.Mulin generallar X.Norbo‘tayev, S.Sobirov, polkovniklar T.Hayitov, I.Pozilxonov, M.Alimov va yana Ichki ishlar vazirligining bir qator rahbar xodimlarini soxta ayblovlar bilan hibsga oladi.

So‘ng bunday hibsga olishlar O‘zbekistonning boshqa hududlarida davom ettiriladi. Guruhning maqsadi Sharof Rashidovni ham qamoqqa tiqish bo‘lgan. Biroq ular bunga ulgurmaydi va O‘zbekiston rahbari 1983 yil 31 oktyabrda vafot etadi. O‘zbekistonga Inomjon Usmonxo‘jayev rahbar bo‘ladi.

1984 yil iyunda O‘zbekiston markaziy qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi Yegor Ligachev boshchiligida Moskvadan kelgan xodimlar ham ishtirok etadi.

Yig‘ilishda Moskvadan kelganlar ham, o‘zimizning xodimlar ham oldindan tayyorlab qo‘yilgan, go‘yoki O‘zbekiston poraxo‘rlik botqog‘iga botgani haqidagi gaplarni o‘qib berishadi.

Yig‘ilish oxirida Ligachevning “o‘rgatganlari” bilan ish ko‘rgan Usmonxo‘jayev avvaliga Rashidovni rosa yomonlaydi. Keyin Moskvadan kadrlar bo‘yicha yordam so‘raydi. Ana shu plenumdan keyin “Paxta ishi” qatag‘onlari boshlanadi.

Eng avval O‘zbekistondagi aksariyat amaldorlar, hatto prokuratura, ichki ishlar, KGB va boshqa tashkilotlarning rahbar xodimlari yoppasiga ishdan bo‘shatiladi va ularning o‘rniga Moskva tomonidan yuborilgan shaxslar rahbarlikka tayinlanadi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari, Oliy sud raisi vazifasini bajaruvchi, “Paxta ishi”ni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha hukumat komissiyasi raisining o‘rinbosari sifatida ishlagan Abdusamat Polvonzoda o‘sha kunlarni shunday eslaydi:

O‘shanda Gdlyan hamda Ivanov amali kattaroq bo‘lgan va Toshkentdagi tergovda “sinmagan” shaxslarni Moskvadagi qamoqxonalarga jo‘natadi. Ular o‘sha yerda mislsiz qiynoqlarga solinadi.

Gdlyan va Ivanov guruhi huquqni himoya qilish organlarini “tozalagach”, rahbar shaxslarni hibsga olishga o‘tadi.

Jumladan, O‘zbekiston SSR ministrlar soveti raisi Normuhammad Xudoyberdiyev, uning o‘rinbosari Bektosh Rahimov, Markazqo‘m kotibi, so‘ng O‘zbekiston SSR oliy soveti prezidiumi raisi bo‘lgan Oqil Salimov, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Abdulla Xudoyberganov, Navoiy viloyati partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Valeriy Yesin, O‘zbekiston SSR Paxta sanoat vaziri Vahobjon Usmonov, Buxoro viloyati partiya qo‘mitasi birinchi kotibi I.Jabborov, Markazqo‘m ikkinchi kotibi Timofey Osetrov, Markazqo‘m kotibi Erejyeb Aytmurotov, Markazqo‘m ishlar boshqarmasi boshlig‘i Tursun Umarov, Qoraqalpog‘istonning birinchi kotibi Qallibek Kamolov, Toshkent viloyati obkomining birinchi kotibi Mirzamahmud Musaxonov, Samarqand viloyati obkomining birinchi kotibi Nazir Rajabov, ichki ishlar vazirining o‘rinbosarlari Qahramon Toshtemirov, Petr Begelman, Yoqub Muhammadjonov va boshqalar hibsga olinadi.

Vaziyat shu darajaga keladiki, 1989 yilda Gdlyan va Ivanov hatto Inomjon Usmonxo‘jayevni ham hibsga oladi.

Keksa yoshdagilarning aytishicha, Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi guruh paxtaga aloqador shaxslarni tergov qilishda turli jirkanch usullardan foydalangan.

Jumladan, ular qamoqqa olingan shaxsning yaqinlariga “falon so‘m topib kelsang, odamingni qo‘yib yuboraman”, deyishadi. Shunda qamalgan shaxslarning yaqinlari qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘ydan imkoni boricha qarz ko‘tarib, yetmaganiga to‘ylarida sep qilib berilgan tilla taqinchoqlarigacha yig‘ib tergovchiga olib borishadi.

Tergovchilar pul hamda tilla buyumlarni olib qolishadi va hibsdagi shaxsni ozod qilishmaydi. Aksincha, o‘sha pullar va tilla buyumlarni ularning o‘ziga qarshi dalil sifatida ishlatishadi.

Ana shunday tarzda yig‘ilgan pullarning asosiy qismini Gdlyan va Ivanov vijdonsizlarcha o‘zlashtirib yuboradi. Qolgan qismini esa “Mana, o‘zbeklar poraga olgan pullar va tillalar”, deb Moskva televideniyesi orqali butun SSSRga ko‘rsatadi.

Abdusamat Polvonzoda o‘sha kunlarni shunday eslaydi:

Shuningdek, tergovchilar hibsga olingan shaxslarga ularning qarindoshlarini jazolash orqali ham azob berishga urinadi. Jumladan, Bektosh Rahimovga shunday qilinadi. Uning organda ishlaydigan o‘g‘lini ishdan olish bilan qo‘rqitishadi.

Paxta ishi asoratlari

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1984-1990-yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan “Paxta ishi” bo‘yicha qatag‘onlarda minglab tergovchilar qatnashgan. Ularga o‘zbekistonlik hamkasblari yordamlashgan. Oqibatda O‘zbekistondan 40 ming kishi tergovga tortilgan. Ularning aksariyati tergov hibsxonalarida hech qanday prokuror sanksiyasi yoki hibsga olish haqidagi sud qarorisiz saqlangan. Tergov qilinganlardan 5 mingdan oshiq odam javobgarlikka tortiladi va qamaladi.

O‘sha paytda ayrimlar Gdlyan va Ivanov hamda ularning guruhi tomonidan qo‘llangan qiynoqlarga chiday olmay, joniga qasd qilgan. Ayrimlar qamoqxonalardagi og‘ir sharoitlarga chiday olmay vafot etgan.

Olti yil mobaynida markaziy gazeta va jurnallar, telekanallar tinimsiz ravishda o‘zbeklarni yomonlab, ularni poraxo‘rlikda ayblab, butun dunyoga yomonotliq qilish bilan shug‘ullanadi. Bunday ishlarni mahalliy rahbarlar qo‘llab turadi. Zero, ularning boshqa chorasi ham yo‘q edi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: O‘zbekistonda qo‘shib yozish bo‘lganmi? Ayrim faktlar Brejnev paxta hosilini 6 mln tonnagacha oshirish haqida talab qo‘ygach, qo‘shib yozish holatlari bo‘lganini tasdiqlaydi. Chunki reallikda o‘sha paytda O‘zbekistonda 6 mln tonna paxta yetishtirishning iloji yo‘q edi.

Xo‘sh, unda “Paxta ishi” kampaniyasining nimasi nohaq bo‘lgan? Gap shundaki, 1970-yillar oxiri, 1980-yillar boshlarida qo‘shib yozish SSSRning barcha respublikalarida aksariyat sohada avj olgan edi.

Masalan, ukrainlar lavlagi hosiliga qo‘shib yozgan, qozoq qardoshlar go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirishda shu ishni qilgan. Sibirda yog‘och mahsulotlari tayyorlovchilar rejani bajara olmay qo‘shib yozgan va hokazo.

Bunga barcha sohalarda bajarishning imkoni bo‘lmaydigan miqdorda reja belgilanishi sabab bo‘lgan. Ana shunday vaziyatda Moskvadagi korchalonlar “tozalashni” va qamashni Markazdan boshlamay yoki SSSRning barcha hududlarida birday olib bormay, birgina O‘zbekistonga yopishib nohaqlik qiladi.

Bu haqda Abdusamat Polvonzoda shunday deydi:

Ana shunday vaziyatda juda katta vakolatlarga ega bo‘lgan Gdlyan va Ivanov hammani bir boshdan qatag‘on qiladi. Ayniqsa, hibsga olinganlarning yaqin qarindoshlarini, farzandlarini, rafiqalarini ham olib ketishadi va oylab tergov izolyatorlarida saqlashadi.

Masalan, Inomjon Usmonxo‘jayev hibsga olingandan so‘ng uning yaqinlaridan 30-40 kishi hibsxonalarga tiqilgan va ular bir necha oylab tergov izolyatorida saqlangan.

Toshkent viloyati partiya qo‘mitasi birinchi kotibi M. Musaxonov ishi bo‘yicha uning farzandlari – ToshDU kafedra mudiri Mirzayusuf Musaxonov, qizlari Sojida va Nafisa Musaxonova hibsga olingan.

Beruniy tumani partiya qo‘mitasi kotibi O.Rajabov ishi bo‘yicha uning 54 nafar qarindoshi, tanishlari hatto qo‘shnilari hibsga olinib, tergov qilingan.

Paxta ishi asoratlarini bartaraf etish

“Paxta ishi” qatag‘onlari davom etar ekan, 1980-yillarning ikkinchi yarmida Moskvadagi turli tashkilotlarga O‘zbekistondan yuborilgan shikoyatlar oqib bora boshlaydi. Ularda asosan sudlar chiqargan hukmlardan noroziliklar bayon qilingandi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik adiblar, deputatlar Moskvadagi minbarlardan turib Gdlyan va Ivanov tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni gapirishadi. Oxir-oqibat Moskvadagi tashkilotlar shikoyatlarga e’tibor qaratishadi.

Ko‘p o‘tmay Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi guruh Moskvaga chaqirib olinadi. 1989 yil may oyida SSSR prokuraturasi ularga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atadi. 1990 yil aprelda ular egallab turgan lavozimidan bo‘shatiladi. O‘sha yili Gdlyan va Ivanov Armanistonga qochib ketadi.

Ular Armanistondan SSSR xalq deputatlari kengashi deputati bo‘lib saylanadi. O‘shanda armanlar Gdlyan hamda Ivanovni himoya qilib chiqishadi va ularni SSSR prokuraturasiga topshirmaydi.

Keyinroq paxta ishi bo‘yicha qamalganlarning ishlarini qayta ko‘rib chiqish uchun komissiya tashkil etiladi. Abdusamat Polvonzodaning eslashicha, “Paxta ishi”ni qayta ko‘rish bo‘yicha tuzilgan komissiyaning sa’y-harakatlari bilan Rossiyada saqlangan mahbuslar O‘zbekistonga qaytariladi. 1991 yilda “Paxta ishi” bo‘yicha qamalgan shaxslarni ozod qilish boshlanadi.

O‘shanda Gdlyan va Ivanovga qarshi nafaqat SSSR bosh prokuraturasi, balki O‘zbekistonda ham jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Biroq SSSR bosh prokurori N.Trubin 1991 yil avgustda ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini ularning harakatida jinoyat alomatlari yo‘q deb to‘xtatadi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ham avtomatik tarzda bekor bo‘ladi.

Komissiya tezkorlik bilan ishlaydi va 1991 yil yozgacha nohaq qamalgan shaxslarning 3,5 ming nafari qamoqdan ozod qilinadi.

Maqolani shoir Muhammad Yusufning she’ri bilan boshlagan edik, uning she’ri bilan tugatamiz. Bu shoir o‘z davrida “Paxta ishi” qatag‘onlari haqida kuyinib bir qancha she’rlar yozgandi. Jumladan, u 1990 yilda “Gdlyan” nomli she’rini yozib, unda Gdlyanni Beriyaga tenglashtiradi.

Shoir shunday yozadi:
Alpomish Chambilda,
Go‘ro‘g‘li go‘rda,
Xaqiqat beshikda uxlardi qotib.
Bir jom oltin so‘rab,
Qilich o‘ynatib,
Kirib keldi qashshoq o‘zbek yeriga –
Telman Xoreonovich ... Beriya!..
... Uying kuydi o‘zbek,
Sho‘ring quridi.
Poygaging quridi,
To‘ring quridi.
Dehqoning,
Cho‘poning –
Paxta choponing,
Ortingdagi hamma zo‘ring quridi.
Elim deb kim kuysa –
Bari qamaldi.
Kimki yerin suysa –
Bari qamaldi.
Jallodning g‘aznasi to‘lguncha zarga,
Sening bo‘z ko‘ylaging ming bor yamaldi.
Alpomish ertakda,
Go‘ro‘g‘li go‘rda,
To‘maris beshikda uxlardi qotib.
Bir qop oltin so‘rab qilich o‘ynatib
Kirib keldi mo‘min o‘zbek yeriga –
Telman Xoreonovich ... Beriya.

Shoir boshqa bir she’rida bolalarning paxta terimiga chiqarilganini shunday ifodalaydi:

Sovuq deysizmi?
Ha, qahraton!
Qo‘lchalar qo‘ynida qotgan non,
Ammo nima qilsin, paxta – shon,
Birinchi sinf bolalari.

Xulosa shundayki, “Paxta ishi” – bu manfur sovet tuzumining o‘zbek xalqiga nisbatan amalga oshirgan qatag‘oni edi.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid