Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Avval yopiq davlat edingiz, endi qiziqa boshlayapmiz” – Niderlandiya elchisi bilan suhbat
O‘tgan hafta Toshkentda Niderlandiya milliy bayrami o‘tkazildi. Kun.uz diplomatik tadbir oldidan bu davlatning Qozog‘istondan turib Markaziy Osiyo bilan aloqalarga javobgar elchisi bilan suhbatlashdi. O‘zbek paxtasi gollandlarning sevimli mahsuloti, dasturlarimiz ham ko‘proq qishloq xo‘jaligi va suv bo‘yicha, deydi Niko Shermers.
Demokratiya, inson huquqlari, erkin matbuot va xalqaro huquq masalalariga alohida hurmat bilan qaraydigan davlat – Niderlandiya O‘zbekiston bilan 1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Biroq ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot o‘ta faol emas. Bunga sabab davlatlarimizning geografik jihatdan uzoqda joylashgani hamda tarixan bir-birimizga u qadar jiddiy bog‘liq bo‘lmaganimiz, deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan elchi Niko Shermers.
15 may kuni Toshkentda Niderlandiya milliy bayramlaridan biri – Qirol kuni keng nishonlandi. Diplomatik tadbir ishtirokchilari orasida hukumat va harbiy tashkilotlar a’zolari, diplomat va davlat xizmatchilari, huquqshunos, siyosatshunos va faollar bor edi. Elchi Niko Shermers o‘z tabrik nutqida Niderlandiya O‘zbekistonga tobora qiziqayotganini aytib o‘tdi.
Kun.uz bilan suhbatda esa u mintaqadagi maqsadlar, rejalar xususida so‘zladi, kutilayotgan safarlar yuzasidan fikrlarini bayon qildi.
-Mamlakatingiz – Niderlandiyaning mintaqadagi, xususan, O‘zbekistondagi asosiy maqsadlari, aniqrog‘i kun tartibi nimalardan iborat? Toshkent Niderlandiya tashqi siyosatida qandaydir o‘rin egallaydimi o‘zi?
-Xo‘sh, o‘z yurtingizdan juda uzoqda joylashgan mamlakatda faoliyatni yo‘lga qo‘yish har doim qiyin vazifa. O‘ylaymanki, bu bizning bu yerdagi faoliyatimizni biroz qiyinlashtiradi. Sizning hududingiz juda katta va men aslida beshta mamlakatni qamrab olishim kerak.
-Ha, u katta.
- Ha, Ostonadan turib biz O‘zbekistonni ham qamrab olishimiz kerak. Biroq bu yerda imkon qadar tez-tez bo‘lishga harakat qilamiz. Xususan, O‘zbekiston bugungi kunda e’tiborimizni tortmoqda, shuning uchun bu yerga muntazam kelishga harakat qilyapmiz. Kecha va undan oldingi kun men mamlakatingiz bo‘ylab sayohat qildim. Termiz va Nukusga borib, mamlakatingizning ayrim chekka hududlarini o‘rgandim, Niderlandiya uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan qanday imkoniyatlar taklif etishingizni bilishga harakat qildim.
- Sizning fikringizcha, nega mamlakatlarimiz siyosiy institutlari o‘rtasida muloqot yetarlicha faol emas?
- Ha, menimcha, bu avvalambor siyosiy rahbarlarimizga beriladigan savol. Lekin yana bir bor aytaman, muammo mamlakatlarimizning bir-biridan uzoqligida va bizda unchalik ko‘p umumiy tarix yo‘qligida deb o‘ylayman. Bu mintaqani ko‘chmanchilar, quruqlik ko‘chmanchilari egallagan. Mening mamlakatim ham ko‘chmanchilardan iborat, lekin dengiz ko‘chmanchilaridan. Shunday qilib, biz tarixan afsuski, hech qachon uchrashmaganmiz. Shu sababli biz ko‘proq imkoniyatlar topishimiz kerak va elchixonalar aynan shu maqsadda ishlaydi: mamlakatlarni bog‘lashga harakat qilish. Bu amalga oshgach, umid qilamanki, siyosiy rahbarlarimiz uchun ham bir-birlari bilan uchrashish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
- Ma’lumki, Niderlandiya elchixonasi Qozog‘istonda joylashgan va siz Markaziy Osiyodagi boshqa to‘rtta mamlakat bilan aloqalarni Qozog‘istondagi elchixona orqali boshqarasiz. Lekin nega hali O‘zbekistonda elchixona ochmadingiz? Axir bilasizki, mamlakatimiz aholisi eng ko‘p, mintaqaning yarmi, 50 foizini tashkil etadi.
- Ha. Xo‘sh, menimcha, men ham O‘zbekistonga savol berishim mumkin: nega O‘zbekiston hali Niderlandiyada elchixona ochmadi?
- Lekin aytishim mumkinki, O‘zbekiston dunyoda Niderlandiya kabi hali katta kuch emas.
- Yo‘q, mayli, lekin baribir, buning ahamiyati yo‘q. Gap yana tariximizda unchalik ko‘p aloqalar bo‘lmaganida. Va o‘ylaymanki, 2016 yilgacha mamlakatingiz biroz yopiq edi, shuning uchun O‘zbekistonga katta qiziqishimiz bo‘lmagan. Bu so‘nggi 10 yilda o‘zgardi va hozir tez o‘zgarmoqda. Shunday ekan, kelajakda nima bo‘lishini kim biladi?
- Janob elchi, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun asosiy nuqtalar va asosiy mavzular, aytishim mumkinki, suv, energetika sektori, inson kapitali va ta’limni qo‘shishim mumkin. Ushbu yo‘nalishlardan qaysi biri sizning mamlakatingiz uchun sarmoya kiritishga qiziqroq? Bu mintaqada ayniqsa, O‘zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha biror dastur yoki tashabbuslaringiz bormi?
- Ha, men suv resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligini aytib o‘tdim. O‘ylaymanki, bu ikki soha O‘zbekiston uchun haqiqatan ham katta, muhim, hatto strategik ahamiyatga ega. Va menimcha, Niderlandiya sifatida biz bu sohalarda ko‘p narsani taklif qila olamiz. Bugun ham mening qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatchim shu yerda. Biz Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan qanday hamkorlik qilish, Niderlandiya texnologiyalarini O‘zbekistonga qanday olib kelish bo‘yicha intensiv aloqalarga egamiz, chunki sizda, bu yerda ulkan imkoniyatlar mavjud. Agar to‘g‘ri texnologiyani kirita olsangiz, bundan foyda ko‘rishingiz tayin – Niko Shermers, Niderlandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi.
Elchining qo‘shimcha qilishicha, golland bozorida o‘zbek paxtasining obro‘si yuqori.
“Menimcha, paxta, albatta, Niderlandiyada juda mashhur, ya’ni o‘zbek paxtasi. Biz Niderlandiya texnologiyasi asosida taklif qilishingiz mumkin bo‘lgan mahsulotlar soni ko‘payishiga yordam bermoqchimiz”, - deydi diplomat.
Suhbatni Kun.uzʼning YouTube’dagi sahifasidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
12:06 / 20.05.2026
Niderlandiya futbol federatsiyasiga o‘rtoqlik o‘yini uchun pul to‘lanmaydi - O‘FA
14:22 / 09.05.2026
Fashistlar rejasini barbod qilgan 101 o‘zbek
18:15 / 07.05.2026
O‘zbekiston milliy jamoasi Niderlandiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
08:07 / 05.05.2026