Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talabalar bosimi ortidan Erdo‘g‘an qarorini o‘zgartirdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbuldagi xususiy Bilgi universitetini yopish haqidagi qarorini bir necha kundan so‘ng bekor qildi. Bu qaror talabalarning ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin qabul qilindi.
Foto: REUTERS
Universitet faoliyatini to‘xtatish haqidagi farmon 21 may kuni imzolangan bo‘lsa, 24 may kuni mazkur qarorni bekor qilish to‘g‘risidagi yangi farmon mamlakatning rasmiy hukumat nashri — Resmi Gazetteʼda e’lon qilindi.
Rasmiy izohda universitetni yopish qarori oliy ta’lim to‘g‘risidagi qonunning universitetlararo kengash faoliyatini tartibga soluvchi 11-moddasi bilan asoslangani aytilgan. Ayrim ommaviy axborot vositalari esa ushbu qonun xususiy oliygoh ta’lim sifati yetarli emas deb topilgan hollarda uni yopish imkonini ham berishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq talabalarni davlatga qarashli Mimar Sinan nomidagi San’at universitetiga o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Shuningdek, universitetning ta’sischi jamg‘armasi tashqi boshqaruvga o‘tkazilgani ma’lum qilingan.
Qaror e’lon qilingach, universitet talabalari va ayrim o‘qituvchilar bir necha kun davomida norozilik aksiyalari o‘tkazdi. Xususan, 24 may kuni kampus hududida bo‘lib o‘tgan mitinglarda mingga yaqin kishi qatnashgan. O‘nlab talabalar universitet binosini egallab olgan, keyinchalik ular politsiya tomonidan chiqarib yuborilgan.
BBC Turkish xizmati ma’lumotiga ko‘ra, universitetni yopish qarori 2025 yil sentabridan buyon Can Holding xoldingiga nisbatan olib borilayotgan firibgarlik va soliqdan bo‘yin tovlash bo‘yicha tergov bilan bog‘liq bo‘lgan. 120 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan mazkur xolding 2019 yildan beri universitetni moliyalashtirib kelgan. Hozirda xolding tarkibidagi kompaniyalar davlat nazoratiga o‘tgan.
1996 yilda tashkil etilgan Bilgi universitetida hozirda 20 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Universitetda sakkizta fakultet va 150 dan ziyod ta’lim dasturlari mavjud. Oliygoh Erasmus talabalar almashinuv dasturida ham ishtirok etadi.
Bu Turkiyada universitetlarni yopish bilan bog‘liq ilk mojaro emas. 2020 yilda ham Erdo‘g‘an qarori bilan Istanbul shahar universiteti yopilgan edi. O‘sha paytda universitet moliyaviy qiyinchiliklar sabab faoliyatini davom ettira olmasligi aytilgan.
Mavzuga oid
21:32 / 20.05.2026
Turkiya qit’alararo raketasini ko‘z-ko‘z qildi. Yana qaysi davlatlar bunday qurilmaga ega?
18:10 / 15.05.2026
Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan uchrashdi
20:58 / 14.05.2026
Qozog‘iston Turkiya dronlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish maydoniga aylanadi
09:51 / 06.05.2026