O‘zbekiston | 08:49
1361
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Xitoyni bog‘lovchi yangi aviayo‘nalish ochildi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent–Guanchjou yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reysni amalga oshirdi. Yangi aviaqatnov O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Foto: Dunyo

28 may kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Guanchjou yo‘nalishi bo‘yicha ilk reys amalga oshirildi.

Xitoyning Guandun provinsiyasi markazi hisoblangan Guanchjou shahridagi Bayyun xalqaro aeroportida reys ekipaji va yo‘lovchilar mintaqa aviatsiya hukumati, aeroport ma’muriyati, aviakompaniya rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.

Guanchjou Bayyun xalqaro aeroporti bosh direktori o‘rinbosari Tsi Yaominning ta’kidlashicha, yangi yo‘nalish nafaqat ikki shahar o‘rtasidagi havo qatnovini kengaytiradi, balki qadimiy Buyuk ipak yo‘lining zamonaviy davomi sifatida ham ahamiyat kasb etadi.

Uning qayd etishicha, Xitoyning yirik xalqaro savdo markazlaridan biri bo‘lgan Guanchjou hamda Markaziy Osiyoning muhim transport-logistika markazi sanalgan Toshkent o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov savdo, sarmoya va madaniy-gumanitar aloqalar rivojiga yangi turtki beradi.

Xitoylik sayyohlar ham yangi parvozlarni ijobiy baholab, ular O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, xususan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarning dunyoga mashhur obidalari bilan tanishish imkoniyatlarini kengaytirishini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent–Guanchjou yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar 28 maydan boshlab haftasiga bir marta — chorshanba kunlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Guandun provinsiyasidan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni haftasiga 12 taga yetdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid