17:11 / 30.11.2017
22186

Sooronbay Jeenbekov. Nima uchun Moskvaga Minskdan avval borildi?

Foto: kremlin.ru

Davlat rahbarining ilk tashrifi katta siyosatdagi ko‘p narsadan dalolat beradi. Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga rasman kirishganidan so‘ng prezident devoni Minskka amalga oshiriluvchi tashrifga tayyorgarlik ko‘ra boshladi, u yerda bugun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining yubiley sammiti bo‘lib o‘tishi kerak. Biroq Minskka birinchi amaliy tashrif bilan borish kechirib bo‘lmas xatoga aylangan bo‘lardi hamda buni yo‘lning o‘zida to‘g‘irlashdi, deb yozmoqda qirg‘iz OAV.

Rossiya tomoni taklifi bo‘yicha

Minskka parvoz amalga oshirilishidan bir kun avval Qirg‘iziston prezidenti devonining tashqi siyosat bo‘limi mudiri Oyzoda Subako‘joyeva Sooronbay Jeenbekovning birinchi amaliy tashrifi Moskvaga 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi haqida xabar berdi. Ba'zi jurnalistlar hayratdan yoqa ushlashdi va hattoki qaytadan savol berishdi: u noto‘g‘ri gapirib qo‘ymadimi? 

«Bu Sooronbay Jeenbekovning davlat rahbari sifatidagi birinchi xorijiy tashrifi bo‘ladi. Tashrif Rossiya tomoni taklifi bo‘yicha amalga oshiriladi. Shuni aytish mumkinki, Rossiya bilan ittifoqchilikni mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosiy kurs faqat rivojlanib boradi. 2 yetakchi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi hamda xalqaro arenadagi muammolar bo‘yicha fikr almashadi», - deya aytib o‘tdi u.

Prezident bilan safarga ba'zilar kutgan, ayrimlar esa kutmagan jamoa jo‘nab ketdi: TIV rahbari Erlan Abdildayev, bosh vazir o‘rinbosari To‘lqinbek Abdigulov, Xavfsizlik kengashi kotibi Almazbek Qurmanaliyev, prezident devoni rahbarining birinchi o‘rinbosari Muhammadkaliy Abulg‘oziyev va yana bir necha kishi.

Putin va Medvedevdan iliq so‘zlar

Jurnalistlar Sooronbay Jeenbekovning Vladimir Putinning ikki tomonlama uchrashuvi boshlanishi taxminan bir soat davomida kutishgan. Shundan keyin Qirg‘iziston rahbari birinchi tashrifni nega aynan Rossiyaga amalga oshirganini tushuntirib berdi.

«Shunday bo‘lishi ham kerak edi. Birinchi tashrif aynan Rossiyaga amalga oshirilishi kerak edi. Men o‘z tomonimdan strategik sheriklik mustahkamlanishi uchun maksimum sa'y-harakatni amalga oshiraman. Rossiya Federatsiyasi biz uchun asosiy strategik sherik va ittifoqdosh bo‘lib qoladi. Men Vladimir Putinga taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. Biz dolzarb masalalarni, bo‘lajak hamkorlik istiqbollarini muhokama qildik. Men unga Qirg‘iziston Respublikasi oliy mukofoti - I darajali «Manas» ordenini topshirdim. Bizning delegatsiya juda yaxshi kutib olindi. Biz muhokama qilgan barcha masalalar o‘z yechimini topadi», - deya aniqlik kiritdi Sooronbay Jeenbekov.

Rossiya hukumatida ham bu borada katta umidlar borligi ta'kidlandi. Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedev Qirg‘iziston tanlangan yo‘ldan harakatlanishda davom etishiga umid bildirdi.

Uning ta'kidlashicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi darajaga chiqqan. «Bu ikki tomonlama aloqalar mustahkamlangani bilan ham bog‘liq, siz unga katta hissa qo‘shdingiz, bu Qirg‘iziston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi bilan ham ko‘rindi. Umid qilamanki, ushbu barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik davom etadi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Dmitriy Medvedev.

Vladimir Putin esa Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston-Rossiya munosabatlari rivojiga qanday hissa qo‘shganini yodga oldi hamda uni saylovlardagi g‘alaba bilan tabrikladi.

«Yana bir bor sizni tabriklamoqchiman. Siz tajribali insonsiz, hukumatni boshqargansiz. Sizning ishingiz tufayli Qirg‘iziston YeOIIga kirdi. Qirg‘izistondan Rossiyaga mahsulot yetkazib berish hajmi ikki barobarga oshdi, tovar aylanmasi 32 foizga ortdi», - dedi Vladimir Putin.

Prezident uchun noqulay savollar

Jurnalistlarni esa nafaqat ikki davlat yetakchisining suhbati, balki boshqa muammolar, masalan, yangi prezident kuch blokida kadr o‘zgarishlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq mavzu qiziqtirdi. Biroq bu savol uning matbuot bilan muloqot qilish ishtiyoqini so‘ndirdi. U qisqa javob qaytargan: «Bu haqda Qirg‘izistonda gaplashamiz». Jeenbekov ketmoqchi bo‘lgan, biroq Qozog‘iston bilan ziddiyat to‘g‘risidagi savol tufayli yana bir necha daqiqaga ushlanib qolgan.

«30 noyabr kuni Minskda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining davlat rahbarlari darajasida yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Tashkilot yetakchilari yig‘iladi. Men sammit doirasida Nursulton Nazarboyev bilan muzokaralar o‘tkazmoqchiman hamda yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilmoqchiman», - deya aytib o‘tdi Sooronbay Jeenbekov.

Yig‘ilish doirasida ikki tomonlama muzokaralar rejalashtirilmagan. Sooronbay Jeenbekov va Nursulton Nazarboyev agarda imkoniyat paydo bo‘lsa, masalani tor doirada muhokama qilishi mumkin

Top