Jahon | 16:31 / 30.11.2017
9662
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning yangi prezidenti Nazarboyev bilan ko‘rishmoqchi

Foto: TASS

Qirg‘iziston prezidenti Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan muzokaralarga tayyor. Bu haqda Sooronbay Jeenbekovning o‘zi jurnalistlarga kecha ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun, 30 noyabr kuni Minskda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining davlat rahbarlari darajasida yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. «Tashkilot yetakchilari yig‘iladi. Men sammit doirasida Nursulton Nazarboyev bilan muzokaralar o‘tkazmoqchiman hamda yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilmoqchiman», - deya aytib o‘tdi Sooronbay Jeenbekov.

Avvalroq yig‘ilish doirasida ikki tomonlama muzokaralar rejalashtirilmagani xabar qilingandi. Sooronbay Jeenbekov va Nursulton Nazarboyev agarda imkoniyat paydo bo‘lsa, masalani tor doirada muhokama qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi vaziyat 10 oktabr kuni keskinlashdi. Qozog‘iston fitosanitar nazoratni kuchaytirdi. Almazbek Atamboyev prezident lavozimidan ketishidan avval qo‘shni davlat qadamini blokada sifatida baholadi. Chegarada esa hamon har kuni yuzlab yuk mashinalari to‘planib qolmoqda.

Avvalroq Qozog‘iston parlamenti senati raisi Qosim-Jo‘mard Tokayev Qirg‘izistonning o‘z lavozimini tark etgan sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevga “sog‘ayib ketishni” tilagandi. Uning bildirishicha, Vikiliksda AQSh elchisi Yangning turkiyalik shifokorlar ma'lumotlariga tayangan xabari e'lon qilingan bo‘lib, unda Atamboyevning ruhiy kasalligi va alkogolga mukkasidan ketgani aytilgan.

Mavzuga oid