O‘zbekiston | 07:37 / 03.02.2020
5970
5 daqiqa o‘qiladi

Biznes va boshqaruv oliy maktabi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi

Korporativ boshqaruv sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Muhokama uchun e’lon qilingan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish hamda uni Biznes va korporativ boshqaruv oliy maktabi sifatida qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Biznes va korporativ boshqaruv oliy maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

korporativ boshqaruv, loyiha boshqaruvi, menejment, xususiylashtirish, baholash faoliyati, davlat-xususiy sheriklik, komplayens va audit sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash;

xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning boshqaruv organlari a’zolari, xususan davlat ishtirokidagi korxonalar, korporativ boshqaruv sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, fond bozori, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari, ichki nazorat, moliyaviy-iqtisodiy faoliyat tahlili sohalarida qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilishni amalga oshirish;

aholining keng qatlami uchun ularning korporativ boshqaruv, minoritar aksionerlar huquqlarini himoya qilish, fond bozori sohalarida huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan imtiyozli shartlarda qisqa muddatli trening kurslarni tashkil etish;

kuzatuv kengashlarining mustaqil a’zolari va korporativ boshqaruv bo‘yicha mutaxassislarning reyestrini yuritish va ushbu sohada maqsadli kurslarni tashkil etish;

korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etishda uslubiy ta’minlash, shuningdek, ushbu sohada rahbar kadrlarni xalqaro talablar va standartlarga muvofiq ravishda tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilg‘or mamlakatlar, shu jumladan Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya tajribasini joriy etish;

Oliy maktabni xalqaro miqyosda tan olingan 200 ta jahonning eng nufuzli biznes maktablari reytingiga kiritish choralarini ko‘rish;

biznes va korporativ boshqaruv sohasidagi biznes maktablarining xalqaro reytinglarini olish uchun yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish;

davlat-xususiy sheriklik asosida “ikki diplom” (double degree) qo‘shma dasturlarini amalga oshirish va IELTS, TOEIC, TOEFL va GMAT talablarini hisobga olgan holda ularga nomzodlarni saralashni yuqori darajada tashkil qilish.

Oliy maktabga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishgan holda:

magistrlarni tayyorlashning Davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq professional boshqaruv kadrlari (menejerlari) uchun xalqaro miqyosda tan olingan biznes-ta’lim dasturlari asosida o‘quv rejalari, dasturlari va magistratura mutaxassisliklarining malaka talablarini tasdiqlash;

jahondagi ta’lim faoliyatiga doir eng namunali amaliyot va mehnat bozorining real talablarini hisobga olgan holda normativ va qisqartirilgan muddatlarda, ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda magistraturada o‘qishni tashkil etish, shuningdek, Oliy maktab dasturlari bo‘yicha o‘qish uchun nomzodlarni tanlab olish mezonlarini belgilash;

Oliy maktab professor-o‘qituvchilari faoliyatining turlari bo‘yicha vaqt me’yorlarini, shuningdek, ular uchun cheklangan o‘quv yuklamasini belgilash;

Oliy maktab va uning filiallari tuzilmasi, shtatlar jadvali, xodimlari va jalb etiladigan konsultantlar (ekspertlar) mehnatiga, shu jumladan, soatbay haq to‘lash miqdori va tizimini belgilash huquqi beriladi.

Oliy maktabga:

a) pulli asosda:

zamonaviy standartlar va korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, shuningdek seminar, trening va forumlarni, shu jumladan xalqaro miqyosda tashkil etishni o‘z ichiga olgan konsalting xizmatlarini;

xalqaro ilg‘or tajribalarni umumlashtirish asosida tegishli tavsiyalar berish bilan tashkilotlarda korporativ boshqaruv va menejment tizimlari diagnostika qilish bo‘yicha xizmatlarini;

menejment tizimini takomillashtirish maqsadida qo‘llanmalar va ichki korporativ hujjatlar namunalarini ishlab chiqishga;

b) Oliy maktab professor-o‘qituvchilari tarkibiga xorijiy yetakchi oliy o‘quv yurtlarining yuqori malakali o‘qituvchilarini jalb qilishga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid