O‘zbekiston | 18:27 / 10.07.2024
6802
9 daqiqa o‘qiladi

Energoregulyator rahbari bozorga o‘tishning birinchi bosqichi qanday bo‘lishini tushuntirdi

Elektr energetikasi sohasida bozor qoidalari “yaqin kunlarda” kuchga kirishi mumkin. Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, bunda markaziy xarid qiluvchi elektr tokini eng past narx taklif qilgan ishlab chiqaruvchidan sotib oladi. Yirik iste’molchilar uchun elektr tokining narxi onlayn savdo platformasida shakllanadi.

YouTube / Otabek Bakirov

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev iqtisodchi Otabek Bakirovning “Dialog” loyihasiga bergan intervyusida elektr energiyasi sohasida bozor qoidalariga o‘tilishi haqida ma’lum qildi.

Otabek Bakirov tariflar o‘zgartirilgach, O‘zbekiston ochiq energetika bozorini tashkil etish yo‘lida qaysi bosqichda turgani haqida so‘radi. Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hozir “markaziy xarid qiluvchi” nomli birinchi bosqichda turibdi.

“Bu bosqichda, eng past tannarxga ega ishlab chiqaruvchining elektr energiyasi birinchi navbatda sotilishini inobatga olsak, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida haqiqiy raqobat hosil bo‘ladi. Albatta, bu bosqich to‘laqonli kuchga kirishi uchun bozor qoidalarini tasdiqlashimiz kerak. Bu qoidalarni biz 15 nafar xorijiy ekspertlar bilan ishlab chiqdik va bugungi kunda muhokamada. Mana shu bozor qoidalari qabul qilinib, kuchga kirganidan so‘ng, u qoidalarga asosan ishlab chiqaruvchilar o‘zaro raqobatlashadi.

Albatta, bu yerda savol tug‘ilishi mumkin: ba’zi elektr stansiyalari bilan 20-25 yillik shartnomalar tuzilgan, u qanday raqobat bo‘lishi mumkin? Bu savolga ham javob bor. Birinchidan, u stansiyalar bu bozorga kirish uchun, ya’ni biz bilan shartnoma tuzish uchun o‘zaro raqobatlashib bo‘lishdi. Ya’ni eng past tarif taklif qilgan stansiya bilan shartnoma tuzildi. Ikkinchidan, men sizga aniq aytishim mumkin, oxirgi yillarda tuzilgan quyosh, shamol yoki issiqlik elektr stansiyalari loyihalarining tariflari – bugungi kunda eng jozibador tariflar. Ular bu raqobatdan qo‘rqmaydi”, – dedi Sherzod Xo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu yil 1 iyuldan faoliyat boshlagan markaziy xarid qiluvchi – “O‘zenergosotish” AJning xarajatlari energetika bozori miqyosida judayam kam: xodimlariga oylik to‘lash va soliq to‘lash.

“Uning vazifasi – elektr energiyasini sotib oladi, sotib olishda keyingi kun uchun qaysi stansiyadan qancha sotib olinishining grafigini qiladi. Bozor qoidalari yaqin kunlarda kuchga kirishi bilan bu majburiy tusga ega bo‘ladi. Har bir stansiya ertangi kun uchun qancha elektr energiyasi ishlab chiqarishini aytadi. Har bir stansiyada xarid qilish narxi ma’lum-ku, demak, “O‘zenergosotish”ning qo‘lida instrument bor: qaysi biridan xarid qilsam ekan? Eng arzonidan. Prioritet eng arzoniga beriladi”, – deya tushuntirdi soha rahbari.

Xo‘jayevning aytishicha, kafolatlangan xarid shartnomasi tuzilmagan stansiyalar taklif etadigan narxlarni Idoralararo tarif komissiyasi tasdiqlaydi.

U ustuvorlik eng arzon narx taklif etayotgan stansiyaga berilishi uchun taklif talabdan ko‘proq bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

“Hozir, shu kecha-kunduzda O‘zbekistondagi mavjud elektr stansiyalar ishlab chiqarish quvvatini to‘liq ishlatmayapti. Prioritet – quyosh, shamol va gidro elektrstansiyalar. Ular to‘liq ishlayapti, albatta, ob-havo sharoitlaridan kelib chiqqan holda. IESlar esa ancha kam ishlayapti”, – dedi Sherzod Xo‘jayev.

Energoregulyator rahbariga ko‘ra, “O‘zenergosotish” AJ, bozor qoidalarida yozilgan tartibga asosan, xarid qilgan elektr energiyasining ustiga o‘zining xarajatlarini qo‘yib, ikki xil toifadagi sub’yektlarga sotadi: birinchisi – to‘g‘ridan to‘g‘ri yirik iste’molchilar, ikkinchisi – chakana savdo kompaniyalari (chakana savdo kompaniyalari elektr energiyasini aholiga va kichik quvvatli yuridik iste’molchilarga yetkazib beradi).

“Shu iste’molchilarni [narx borasida] 2 ta toifaga ajratishimiz mumkin: tartibga solinadigan va solinmaydigan. Tartibga solinadiganlar – aholi va kichik quvvatli yuridik iste’molchilar, ularga necha puldan elektr energiyasi sotilishini davlat tarif orqali belgilaydi. Tartibga solinmaydiganlarga esa “O‘zenergosotish”: “Mana mening tannarxim, shu tannarx asosida sizlarga – yirik iste’molchilarga sotyapman”, deb ko‘rsatadi. Bu hammasi onlayn savdo platformasi orqali aylanadi, yirik iste’molchilar tannarx necha pul bo‘ldi-yu, necha puldan sotganini ko‘rib turadi.

Bu modelda “O‘zenergosotish” subsidiya oluvchi tashkilot bo‘la olmaydi. Agar qaysidir sabablarga ko‘ra aholi va kichik quvvatli yuridik iste’molchilarga sotilayotgan elektr energiyasi narxi tannarxdan past bo‘lsa, chakana savdo kompaniyalari zararga kirishi mumkin va ular subsidiya olishi mumkin. Bu – nazariyada. Amaliyotda bugungi kundagi mavjud tariflarni, yildan yilga elektr energiyasini ishlab chiqarishda eng arzon shamol va quyosh elektr stansiyalarining ulushi oshib borishini inobatga olsak, subsidiyaga ehtiyoj qolmaydi”, – dedi u.

10 iyul kuni yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun Senatda ma’qullandi. Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, qonunda markaziy xarid qiluvchiga tegishli moddalar bor. Unga ko‘ra, markaziy xarid qiluvchi o‘zining tijorat kodeksini ishlab chiqib, tasdiqlatadi va shu tijorat kodeksiga amal qiladi. Bu kodeksdagi asosiy talab esa – shaffoflik.

“Chunki bu yerda yirik iste’molchi bilan “O‘zenergosotish” o‘rtasida shartnoma tuzilyapti va narx qo‘yilmayapti, formula qo‘yilyapti. “O‘zenergosotish” necha puldan sotib olsa, bozorda necha pullik narx shakllansa, shuning ustiga, aytaylik, 10 so‘m yoki 20 so‘m o‘zining ustamasini qo‘yib sotishini shartnomada ko‘rsatgan. Demak, yirik iste’molchi talab qiladi: “Bozorda narx o‘zi necha pul shakllandi, men ko‘rishim kerak”, deydi. Yirik iste’molchi onlayn savdo platformasiga ulanganidan so‘ng barcha savdo operatsiyalarini ko‘rib turadi: bir kunda qancha elektr energiyasi sotildi, necha puldan sotildi va o‘rtacha narx qanday shakllandi. Bu – aynan hozirgi bosqichda yuz beradi.

Bizdagi islohotlar biroz tezlashdi. Aslida, markaziy xarid qiluvchi salkam yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarishi ko‘zda tutilgan edi, amaliyotda esa “davlatga emas, yirik iste’molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga tayyorman” degan investorlar topildi. “Davlatning kafolati kerak emas, hozirgi vaziyatni ko‘rib, bilib turib, risklarni baholab, shu bozorga kirishga tayyorman”, dedi, kontraktni imzoladi va hozir elektr stansiyasini quryapti”, – dedi Xo‘jayev.

Energetika bozori regulyatorining ma’lum qilishicha, elektr energiyasining ulgurji savdo platformasini 2025 yil 1 yanvardan boshlab test rejimida ishga tushirish rejalashtirilgan.

“Markaziy xarid qiluvchi narxlarni ochishdan nima yutadi? Birinchidan, investor oriyentir olsin, hech kim hech tannarxdan past darajada sotishga majburlamayotganini. Ikkinchidan, investor ko‘rsin, faqat davlat kafolati ostida xarid qilinmayapti, yirik iste’molchilar davlat kafolatisiz xarid qilyapti.

Uchinchidan, biz yirik iste’molchilarimizni elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirishini juda ham sinchkovlik bilan rejalashtirishini xohlaymiz. Kunning qaysidir soatlarida o‘zini o‘zi to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan har qanday mamlakatda kunning qaysidir soatlarida elektr energiyasining tannarxi past, qaysidir soatlarida yuqori. Yirik iste’molchi onlayn platforma orqali soatbay narxlarning o‘zgarishini ko‘rib tursa, o‘zining texnologik jarayonini shunga moslashtiradi: arzon vaqtida ko‘proq olay, qimmat vaqtida olmay deydi.

Bu energotizimga nima beradi? Agar ishlab chiqarish bilan iste’mol balansi buzilmasdan, bir me’yorda ketsa, tizim zo‘riqmasdan ishlasa, pirovard natijada tannarx pasayadi. Yirik iste’molchilarning elektr ishlab chiqarish grafiklariga rioya etishi – aholiga, kichik quvvatli yuridik iste’molchilarga juda ko‘p foyda keltiradi”, – dedi Sherzod Xo‘jayev.

U suhbat davomida energoregulyatorga tabiiy gaz sohasi bo‘yicha vakolat berilmaganini ham izohlagan.

Mavzuga oid