O‘zbekiston | 14:05 / 09.10.2019
16411
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta terimi mavsumida majburiy mehnatning oldini olish borasida xato va kamchiliklar kuzatilmoqda - Senat

2019 yil 9 oktabr kuni Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva olib bordi, deyiladi Senat axborot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tuzilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Jumladan, Milliy komissiya va uning tarkibida tashkil qilingan Odam savdosiga qarshi kurashish hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyalar nizomlari, 2019-2020 yillarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi (yo‘l xaritasi) loyihalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, kichik komissiyalar hamda hududiy komissiyalar ish faoliyati samaradorligini oshirish, ularning hisobotlarini yuritish, xorijda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta'minlash masalalari, bu borada Milliy komissiya tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng jamoatchilikni, xususan, xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish orqali O‘zbekiston Respublikasining imijini yaxshilash va boshqa masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Milliy komissiya a'zolari bugungi kunda mamlakatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan fuqarolarni chet elda rasmiy ishga joylashtirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligini,  buning oqibatida chet elga mustaqil ravishda ish qidirib chiqqan hamyurtlarimiz murakkab vaziyatlarga tushib qolayotganligini qayd etishdi. Milliy komissiya bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bu boradagi muammolarni o‘rganish va bartaraf etish uchun ishchi guruh tuzishni maqsadga muvofiq deb topdi.

Shuningdek, hozirgi vaqtda respublikada paxta terimi mavsumi boshlangan davrda majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan sa'y-harakatlar olib borilayotganiga qaramasdan joylarda bu borada xato va kamchiliklar kuzatilayotgani ham ta'kidlandi.

Yig‘ilishda Milliy komissiyaning faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga rioya qilish, Milliy komissiyaning rasmiy veb-saytini ishlab chiqish va uning faoliyatini ta'minlash kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilayotganligi qayd etildi.

Mavzuga oid