O‘zbekiston | 13:50 / 05.02.2024
5673
3 daqiqa o‘qiladi

“El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkaziladi

Endi jamg‘arma hisobidan yoshlarni chet elga o‘qishga yuborishda malakali va sifatli injyener hamda texnologlar tayyorlashga ustuvorlik beriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116 ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlarini belgilash topshirildi.

Qayd etilishicha, “El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkaziladi hamda xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Endi jamg‘arma hisobidan yoshlarni chet elga o‘qishga yuborishda malakali va sifatli injyener hamda texnologlar tayyorlashga ustuvorlik beriladi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda o‘qitish “Akademik” va “Ishchi kasb” ta’lim komponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda kollej-texnikumning 1-2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi. Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim bo‘ladi.

Ya’ni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Bundan tashqari, kollej-texnikumda o‘qib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi bo‘lganlarni sohadagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Endilikda kollej-texnikumda “ishchi kasb” yo‘nalishida o‘qiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, “bakalavr”ga teng malaka darajasini olishi mumkin.

Yig‘ilishda 50 ming kollej-texnikum o‘quvchisini dual ta’lim bilan qamrab olishni tashkil qilish ham topshirildi.

Bu ishlar, avvalo, to‘qimachilik, qurilish va qurilish materiallari, eltexsanoat, mashinasozlik yo‘nalishlarida boshlanadi.

Bundan buyon bilim va malakani baholash jarayonlari bosqichma-bosqich nodavlat tashkilotlarga o‘tkaziladi.

Oliy ta’lim vazirligiga bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40 foizga qisqartirish, ushbu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300 ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.

Mavzuga oid