O‘zbekiston | 16:24 / 31.10.2023
22490
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda o‘quvchini kaltaklagan pedagog ishdan ketdi. Bolalar ombudsmani holatni nazoratga oldi

Bog‘ot tumanidagi maktabda tarix o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisini darsga tayyorgarliksiz kelgani uchun kaltaklagan. U bilan mehnat shartnomasi o‘z xohishiga ko‘ra bekor qilindi. Holatni IIB va bolalar ombudsmani o‘rganmoqda.

Foto: Kun.uz

Kun.uz Xorazm viloyati Bog‘ot tumani 2-IDUM o‘qituvchisi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video haqida xabar bergandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vaziyat o‘rganilayotganini, batafsil ma’lumot berilishini bildirgandi.

Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat o‘z tasdig‘ini topganini xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, videolavhada keltirilgan holat haqiqatan 30 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Tarix fani o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisini qayta-qayta ogohlantirishiga qaramasdan dars mashg‘ulotiga tayyorgarliksiz kelgani uchun kaltaklagan. Holat yana bir o‘quvchi tomonidan tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqqa joylangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda maktab xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning xohishiga ko‘ra bekor qilingan. Bog‘ot tumani ichki ishlar bo‘limi tergovga qadar surishtiruv o‘tkazmoqda.

Holatni Bolalar ombudsmani ham o‘rganayotganini ma’lum qildi.

“O‘qituvchi bolaga nisbatan bunday noma’qul muomalada bo‘lishi, uni urishi, tahqirlashiga hech bir holatda mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu borada bolaning manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur bo‘lgan barcha choralar ko‘riladi”, – deyiladi bola huquqlari bo‘yicha vakilning rasmiy bayonotida.

Mavzuga oid