Ijtimoiy tarmoqlarda O‘RVI, pnevmoniya, ko‘kyo‘tal bilan og‘rigan bolalarni muolaja qilgan Zarifa Fozilova ismli pediatr haqida video tarqaldi. Unda bolasini shifokor qabuliga olib borgan onaning murojaati yozilgan. Videoda aytilishicha, shifokor bergan biologik faol qo‘shimchalar bolani uxlatib qo‘ygan.
“Qarz qilib 300 ming to‘lab, dorilariga 800 mingdan oshiq pul to‘ladik. Bolam 1,8 oylik, bergan dorilarini ichganidan keyin ko‘zini ocha olmadi. Rosa uyqusirab yurdi, uyg‘onadi, uxlaydi. BFQlarini ham ichirdik, faqat uxladi. Xirillab yo‘talib, isitmasi chiqdi”, – deyiladi videoda.
Bundan tashqari, murojaatchi shifokorda bolani davolash uchun litsenziya bo‘lmagani, bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Shayxontohur tumani prokuraturasiga murojaat qilganini aytgan. Shuningdek, shunga o‘xshash murojaat Facebook’dagi “Maslahat.uz” guruhida ham muhokama qilingan.
Kun.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish uchun dastlab shifokor Zarifa Fozilova bilan bog‘landi. Shifokor pediatriya bo‘yicha Toshkent pediyatriya tibbiyot institutini bitirgani, bu yo‘nalishda diplomi borligini aytib, uni Kun.uz’ga taqdim etdi.“Mening ustimdan bu shifokor emas, odamlarni aldayapti deyishdi. Diplomlarimni ko‘rsatsam, ularni sotib olgan ham deyishdi. Davlat ishxonasida 5 yildan ortiq ishlaganman”, – dedi Zarifa Fozilova.

Shuningdek, u shamollagan bolalarni antibiotiksiz davolash bo‘yicha izlanish olib borayotganini ham qo‘shimcha qildi.
U bolalarga “Vision” va “Junior” firmalarining biologik faol qo‘shimchalarini tavsiya qilganini aytdi. “BFQni bemorga berayotganda davolovchi vosita emasligini aytganman. Bu faqat immunitetini ko‘taradi. Immuniteti ko‘tarilgan bolalar kasallikni tezroq yengib o‘tadi deb tushuntiramiz. Bundan tashqari, klinikada bemor bolalardan qon tahlillar olinmaydi. Bu xizmatlarni ko‘rsatmaymiz. Ular o‘zi olib kelgan tekshiruv qog‘ozlariga qarab konsultatsiya berganman”, – dedi u.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Maftuna Saidovaning Kun.uz’ga bildirishicha, “Vision” va “Junior” firmalarining BFQlari O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan.















