O‘zbekiston | 10:00 / 30.12.2025
1946
7 daqiqa o‘qiladi

“Tezkor yetkazib berish, sifat va barqarorlikni maqsad qilganmiz” - Wolt kompaniyasi O‘zbekiston bozorida qanday ishlamoqda?

Mamlakatimizda 2024 yildan faoliyat boshlagan Wolt dastlab Toshkent, keyinchalik Samarqand shahrida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Kompaniya mahalliy restoran, kafe va do‘konlar bilan hamkorlikni kengaytirib, foydalanuvchilarga oziq-ovqat hamda boshqa mahsulotlarni tez, qulay va ishonchli yetkazib berish imkonini taqdim etmoqda. Kun.uz muxbiri kompaniya vakili bilan suhbatlashib, xizmatlar qanday tashkil etilayotgani, hududiy cheklovlar, kurerlarni tayyorlash va servis sifati bo‘yicha muhim jihatlarni o‘rgandi.

Wolt – restoran va do‘konlardan mijozlarga buyurtmalarni yetkazib berishga ixtisoslashgan xalqaro texnologik kompaniya. 2014 yilda Finlandiyada tashkil etilgan. Hozirda 30 dan ortiq mamlakat va yuzlab shaharlarda xizmat ko‘rsatadi. 2022 yilda AQShning DoorDash kompaniyasi bilan birlashdi. Bu global guruhga Buyuk Britaniyada faoliyat yurituvchi Deliveroo kabi yirik servislar ham kiradi. Mazkur kengayish kompaniyaga turli bozorlarga oson ulanish va tezkor yetkazib berish tizimini rivojlantirish imkonini berdi.

Tashkilot 2024 yildan O‘zbekistonda o‘z faoliyat boshladi. Dastlabki lokatsiya Toshkent shahri bo‘ldi. 2025 yilda servis Samarqandga ham yetib bordi. Kompaniya restoran, kafe va do‘konlar bilan hamkorlikni kengaytirib, kurerlarni ish bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda yuzlab muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan, foydalanuvchilarga taom hamda boshqa mahsulotlarning keng tanlovini tez, qulay shaklda yetkazib bermoqda.

“Mamlakatda internet foydalanuvchilari ulushi yuqori, aholi mobil internetni faol ishlatadi. Shu sababli Wolt uchun eng muhim vazifa tez, ishonchli, doimiy xizmatni taqdim etishni tizimlashtirishdan iborat edi. Kompaniya jamoasi foydalanuvchilarga buyurtma berish jarayonini qulaylashtirish bilan bir qatorda, qadriyat shaklida xizmat sifatini doimiy ravishda yuqori darajada ushlab turish ustuvorligini belgiladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Wolt orqali berilgan buyurtmalar o‘rtacha 35 daqiqa ichida yetkazib berilmoqda. Bu ko‘rsatkich nafaqat tezlikni, balki tizimning barqaror ishlashini ham o‘zida aks ettiradi”, – deydi Wolt kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Zafar Isxakov.

Kompaniya mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda yetkazib berish sohasida innovatsion yechimlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Misol uchun, Wolt ilovasi intuitiv interfeys, qulay to‘lov tizimi va buyurtmani real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati bilan ajralib turadi, buyurtmani kutishning o‘rtacha vaqti esa atigi 30–40 daqiqani tashkil etadi. Platforma orqali foydalanuvchilar issiq ovqat, ichimlik, oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi ehtiyoj tovarlari, gullar va boshqa predmetlarni tanlashi mumkin.

Wolt mijozlarga xizmat ko‘rsatishni uch tilda: o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiradi. Bu mahalliy foydalanuvchilardan tashqari O‘zbekistonga kelayotgan turistlar uchun ham qulaylik yaratadi.

“Kompaniya koll sentrlari foydalanuvchi murojaatlariga tezkor javob berish va yuqori xizmat darajasini ta’minlash uchun maxsus treninglardan o‘tadi. Ichki standartlarga ko‘ra, foydalanuvchi ilova orqali savol yo‘llasa, aksariyat hollarda 60 soniya ichida javob oladi”, – deydi Zafar Isxakov.

Mas’ulning aytishicha, Wolt’da kurer bo‘lib ishlashni istagan nomzodlar voyaga yetgan bo‘lishi va ilova orqali ariza topshirishi kerak. Ariza topshirilgach, hujjatlari tekshiriladi. Keyin majburiy treninglarda qatnashadi. Barcha treninglarni muvaffaqiyatli yakunlaganlar “liniya”ga chiqish va buyurtmalarni qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.

“Kurerlar jamoasi Wolt’ning asosiy ustunliklaridan biri hisoblanadi. Toshkent va Samarqand bo‘yicha ishlayotgan yetkazib beruvchilar, asosan, o‘z shaxsiy transport vositalaridan foydalanadi. Kompaniya esa ularga maxsus sumkalar, yomg‘ir o‘tkazmaydigan kiyimlar, kurtkalar va boshqa asbob-uskunalar singari zarur jihozlarni taqdim etadi”, – deydi kompaniyaning mamlakatdagi bosh direktori.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda q-commerce, ya’ni kundalik mahsulotlarni tezkor yetkazib berish bozori tez rivojlanmoqda. Mobil internetdan foydalanishning kengayishi, onlayn to‘lov tizimlarining ommalashuvi hamda foydalanuvchilarning qulaylikka bo‘lgan talabi oshishi mazkur yo‘nalishning asosiy drayveriga aylangan.

Isxakov qayd etishicha, q-commerce’ning asosiy ustunligi tezlik va moslashuvchanlikda namoyon bo‘ladi. Uning vositasida foydalanuvchilar faqat ovqat emas, oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyoj tovarlari, gullar va boshqa mahsulotlarni ham qisqa vaqt ichida qabul qilib olishi mumkin.

Ushbu jarayonda Wolt’ning O‘zbekiston bozoriga kirishi q-commerce rivojining amaliy namunasi sifatida e’tiborni tortadi.

Wolt tajribasida bozorga moslashuv muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda joriy etilgan funksiyalar mahalliy foydalanuvchilarning ehtiyojlari va xulq-atvoriga muvofiq ishlab chiqilgan. Ilovaning sodda interfeysi, real vaqt rejimidagi kuzatuv, qulay to‘lov tizimlari hamda ko‘p tilliligi servisning aholi tomonidan tez va oson qabul qilinishini ta’minladi.

Hamkorlik modeli ham e’tiborga loyiq. Wolt restoran va do‘konlar bilan uzoq muddatli sheriklikni maqsad qiladi, ularni faqat yetkazib berish kanali emas, texnologik hamkor sifatida ham ko‘radi. Servis bizneslarga yangi auditoriyaga chiqish, buyurtmalar hajmini oshirish va operatsion jarayonlarni soddalashtirish imkonini beradi. Xozirda beyond-food, retail va q-commerce formatlari orqali Wolt o‘z faoliyatini faqat ovqat yetkazib berish bilan cheklab qo‘ymay, yangi toifalarni ham sinovdan o‘tkazmoqda”, – deydi Zafar Isxakov.

Yaqin yillarda q-commerce bozori yanada kengayishi kutilmoqda. Texnologik innovatsiyalar, ma’lumotlar tahlili, algoritmlarga asoslangan logistika va foydalanuvchi tajribasini markazga qo‘ygan yondashuv bu soha rivojining asosiy vektorlarini belgilaydi. Wolt misolida ko‘rish mumkinki, xalqaro tajriba va mahalliy bozor ehtiyojlarini uyg‘unlashtirish O‘zbekistonda raqamli servislarning muvaffaqiyatli rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, ushbu tendensiyalar mahalliy tadbirkorlar uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi: ular o‘z mahsulot va xizmatlarini kengroq auditoriyaga yetkazish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli platforma orqali daromadni oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Ya’ni q-commerce foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish, O‘zbekistondagi raqamli iqtisodiyotning o‘sishi va zamonaviy biznesni rivojlantirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid