11:20 / 15.08.2021
63103

TIV: Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshagan. Afg‘onistonliklarning asosiy qismi ko‘prikni tark etgan

O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan «Do‘stlik» ko‘prigida vaziyat yumshadi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

«2021 yil 15 avgust soat 10:00 holatiga ko‘ra Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshadi.

Xususan, ko‘prikning Afg‘oniston qismida to‘plangan Afg‘oniston fuqarolarining asosiy qismi ko‘prikni va unga tutash hududni mustaqil ravishda tark etgan. Bunga faol siyosiy va diplomatik sa'y-harakatlar, shuningdek, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida erishildi», deyiladi vazirlik bayonotida.

«Nigoh» kanali Termiz-Hayraton ko‘prigi atrofidagi vaziyat butunlay barqarorlashgani aks etgan suratlarni e'lon qildi.

Tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Yusuf Kabuljanovning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati Afg‘onistondan O‘zbekistonga o‘tgan qochqinlar masalasida amaldagi hukumat va «Tolibon» harakati bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Kabuljanov Afg‘onistondagi vaziyatga qaramay O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulligi faoliyatini davom ettirayotgani, xodimlar hali evakuatsiya qilinmaganini bildirgan.

  • Eslatib o‘tamiz, 15 avgustga o‘tar kechasi «Tolibon» mamlakatning eng yirik shaharlaridan biri Mozori Sharifni egalladi. Keyinchalik Balx viloyat sobiq gubernatori Ato Muhammad Nur hudud toliblar nazoratiga o‘tganini tasdiqladi. Mozori Sharif Termizdan 58 km uzoqlikda joylashgan.
  • Ko‘p o‘tmay toliblardan qochgan bir guruh afg‘onistonlik harbiylar O‘zbekiston hududiga qochib o‘tdi. Keyinchalik TIV dastlabki guruh 84 kishidan iborat bo‘lgani va tegishli tartibda qo‘lga olingani haqida ma'lumot berdi.
Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top