O‘zbekiston | 14:20 / 26.03.2019
31489
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalarga shartnoma to‘lovlarining ikkinchi yarmini to‘lash muddati 15 aprelga qadar uzaytirildi 

Foto: KUN.UZ

Talabalarga 2018/2019 o‘quv yili uchun shartnoma to‘lovlarining ikkinchi yarmini to‘lash muddati 15 aprelga qadar uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 25 martdagi 16-son bayoni bilan respublika oliy ta'lim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga 2018/2019 o‘quv yili uchun shartnoma to‘lovlarining ikkinchi yarmini to‘lash muddati joriy yilning 15 apreliga qadar (shu kuni ham) uzaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, oliy ta'lim muassasalarida kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori bilim sohalari, soha va ta'lim yo‘nalishlari, ta'lim shakllari (ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan holda) va ta'lim bosqichlari (bakalavriat, magistratura, ikkinchi va undan keyingi ta'lim) bo‘yicha alohida, har o‘quv yili uchun belgilanadi

Kontrakt asosida o‘qitish uchun to‘lov o‘quv yilining quyidagi muddatlarida:

belgilangan to‘lov miqdorining kamida 50 foizi - talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15 sentyabrgacha, ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalari uchun 1 oktyabrgacha;

qolgan qismi (qismlarga bo‘lib to‘langan hollarda ham) - 1 martgacha amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan abituriyentlarning birinchi o‘quv yili uchun to‘lovi Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid