Jamiyat | 15:39 / 03.03.2021
12930
7 daqiqa o‘qiladi

Intellektuallarni birlashtirgan klub – «Zakovat» a'zolari bilan suhbat

«Zakovat» intellektual o‘yini ko‘pchilikda bolalik xotiralarini uyg‘otadi. Bu o‘yin ilk marta efirga ketgan 2001 yildan beri ko‘plab o‘zbek xonadonlari uchun qadrli ko‘rsatuv bo‘lib kelmoqda. Intellektuallar klubi 2021 yildan boshlab yangi bosqichga qadam qo‘ydi.

Bir necha oy oldin «Zakovat» efirdan olingani ma'lum bo‘lgach, Mass-media fondi rahbarlari Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva klubni homiylikka oldi. Ko‘p o‘tmay «Zakovat» NNT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi va yangi mavsum o‘zgacha tarzda boshlab yuborildi.

Klubga a'zo bo‘lish uchun ariza topshirganlar soni 13 mingdan ortiq. Kun.uz tajribali zakovatchilar va intellektual klubning yangi a'zolari bilan suhbatlashdi.

«Ilk o‘yinimga 20 yil, jamoamni tashkil etganimga 10 yil bo‘ldi»

Jobir Ahmedov, Toshkent tibbiyot akademiyasi dekan o‘rinbosari, «Zakovat» magistri:

— «Zakovat» ilk tashkil topgan paytda men tibbiyot institutining 2-bosqich talabasi edim. Oradan 20 yil o‘tdi. Shu muddat orasida o‘yinni biror marta tashlab qo‘ygan vaqtim bo‘lmadi. Doimiy mashqlarda, suratga olish jarayonlarida qatnashib kelyapmiz.

O‘yinda ishtirok etishim qiziqish tufayli bo‘lgan. 20 yil oldin ko‘rsatuvning ilk soni efirga ketganda, «Nima uchun men ham borishim kerak emas, men ham shu savollarga javob topa olaman-ku», degan fikr paydo bo‘lgan va kastinglarda qatnashganman.

Dastlab G‘anisher Rahmatullayev jamoasida o‘ynaganman, o‘z jamoamni tashkil qilganimga esa 10 yildan oshdi. Hozirgacha shu jamoamiz bilan mashg‘ulotlarda, musobaqalarda qatnashib kelamiz.

20 yildan beri «Zakovat» klubida qatnashib kelayotgan bo‘lsak, faqatgina ekran o‘yinlari uchun u yerga bormaymiz. To‘g‘ri, ekran o‘yinlari faoliyatimizni ko‘rsatib beruvchi asosiy manba. Lekin efirsiz ham faoliyatimiz to‘xtab qolmasdi.

O‘yin efirdan olingan ma'lum muddat xavotirga tushdik. Sahnadan tushishimiz yoki e'tibordan chetda qolishimizni o‘ylab emas. Yengil-yelpi yoki faqat ko‘ngilochar emas, odamlarni fikrlashga, muammolarga yechim topishga o‘rgatadigan o‘yin olib tashlansa, tomoshabin nimani ko‘radi, deb xavotirga tushgandik.

«Ilk efirga chiqishim tasodifiy bo‘lgan»

Bobur Yoqubov, Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali davlat sud-eksperti, «Zakovat» klubi magistri:

— «Zakovat» klubi ilk tashkil etilgan yillari bilimli, aqlli yoshlarni taklif etishyapti, deb meni ham chaqirishgandi. O‘shanda o‘yinni birinchi marta televizor orqali ko‘rganman va Milliy universitetning madaniyat saroyidagi klub yig‘ilishiga qatnashganman. Birinchi marta imtihondan o‘tib, har hafta 2 marta borib turadigan bo‘ldik.

Ilk efirga chiqishim tasodifiy bo‘lgan: rejissyorlar jamoasining o‘yini suratga olinishi kerak edi. Ulardan bir kishi kela olmay qolgan: G‘anisher Rahmatullayev, Nuriddin Qosimov va Zulfiqor Musoqovlar jamoasida o‘ynaganman.

Keyinroq o‘z jamoamizni tuzdik, 4-5ta jamoalar o‘ynay boshlagach, mavsum o‘yinlarini o‘tkaza boshladik. Shu taxlit o‘yinlar doimiy davom etib ketdi.

«Zakovat» eng yaxshi loyihalar boshlanishi uchun turtki bo‘lishi kerak»

Nikita Makarenko, yangi tashkil etilayotgan «Zakovat» rus ligasi piar direktori:

— «Zakovat» klubi eng iste'dodli, intellekti baland yoshlar uchrashadigan va fikr almashadigan maskanga aylanadi. Va bu klub turli sohalarda eng yaxshi loyihalarning boshlanishi uchun turtki bo‘ladi.

Masalan, biz nimaga Silikon vodiysini juda ko‘p tilga olamiz. Bu vodiyda ham avvaliga faqat Stenford universitetining kampusi joylashgan. U yerda dasturchilar, dizaynerlar, rassomlar, tadbirkorlar o‘zaro uchrashgan va turli soha vakillarining muloqotlari oxir-oqibatda katta loyihalar boshlanishiga sababchi bo‘lgan.

Ishonamanki, «Zakovat» klubi ham xuddi shunday vazifani bajaradi.

Yaxshi «zakovatchi» bo‘lish uchun

Jobir Ahmedov tavsiyalari:

1. Intellektual o‘yinlar uchun savollar tuzish kerak. Inson qancha ko‘p savol tuzsa, shuncha ko‘p narsa o‘rganadi. Bitta savolni tuzishga oylab vaqt ketishi mumkin. Bu payt inson o‘sha savolga aloqador turli yo‘nalishdagi bilimlarni o‘rganadi, uni mantiqqa bog‘laydi. To‘g‘ri, boshida tuzilgan savollar o‘xshamasligi mumkin, lekin keyingi urinishlarda savollar mazmuni ham yaxshilanib boraveradi.

2. Intellektual o‘yinlar bilan doimiy shug‘ullanish. Hozir internetda ham ochiq platformalar ko‘p. Ularda qatnashish va natijalarni doimiy nazorat qilib borish kerak.

3. Yoshlarning o‘zi ham intellektual o‘yinlarni o‘tkazishga qiziqishi kerak. Buning bilan ham boshqalarning qiziqishini oshirish, ham o‘zlari ko‘proq motivatsiya olishlari mumkin.

Bobur Yoqubov tavsiyalari:

— Bilim olishning erta-kechi yo‘q. Kishi biror notanish narsani ko‘rganda, notanish narsani eshitganda, uning nima ekani, qanday ma'no anglatishini bilishga qiziqishi lozim. Shunday yo‘l bilan inson qaysi yoshda bo‘lsa ham, ko‘p narsa o‘rganishi mumkin. Ko‘p narsa bilish esa faqat foyda beradi.

Klub 2021 yildan faoliyatini kengaytirgach, turli sohalarda faoliyat yurituvchi ko‘plab jamoatchilik faollari unga a'zo bo‘ldi. Ko‘rsatuv uchun intervyu bergan FIDe master Hulkar Tohirjonova, tadbirkorlar – Asaxiy.uz asoschisi Firuz Allayev, Paynet va LeBazar asoschisi Botir Orifjonov ham shular jumlasidan.

Ko‘rsatuvni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid