Jahon | 17:52 / 24.02.2026
13826
12 daqiqa o‘qiladi

Titanikning omadsiz o‘t yoquvchisi haqida hikoya

1912 yil 15 aprelga o‘tar tunda Atlantika okeani shimolida suzayotgan “Titanik” kemasi aysbergga urilib, cho‘kib ketadi. Kemada bo‘lgan odamlarning bir qismi qutqariladi, qolganlar halok bo‘ladi. Tirik qolganlar orasida kema o‘t yoquvchisi bo‘lib ishlagan shaxs ham bor edi. Qizig‘i, shu odam  “Titanik”dan avval va keyin bir nechta kemada ishlagan, ular yo avariya bo‘lgan yoki halokatga uchragan.

Insoniyat kemani ixtiro qilib suvda suza boshlagach, juda ko‘plab kemalar cho‘kib ketgan. Bunday holat hozir ham davom etmoqda. Biroq omma hamma cho‘kkan yoki halokatga uchragan kemalar haqida ham ma’lumotlarga ega emas.

Kema halokatlari tarixida eng mashhur hodisa “Titanik” kemasining cho‘kib ketgani hisoblansa, ajab emas.

“Titanik” kemasi va uning cho‘kishi haqida filmlar, hikoyalar ko‘p. Ammo unda o‘t yoquvchi bo‘lib ishlagan shaxs va uning kema halokatiga aloqasi haqida deyarli gapirilmaydi.

Xo‘sh, “Titanik”ning oddiy o‘t yoquvchisi Artur Jon Prist kim bo‘lgan?

Tug‘ma o‘t yoquvchi

Artur Prist 1887 yilda Angliyaning Sautgempton shahrida oddiy ishchi oilasida tug‘iladi. Pristlar oilasi serfarzand bo‘lib, ularning 12 nafar farzandi bo‘lgan.

Artur ulg‘aygach, 1915 yilda Enni Martin ismli ayolga uylanadi va ular uch nafar o‘g‘il farzandli bo‘lishadi. Oila Sautgempton shahrida yashaydi.

U uylanishidan avval, 1907 yilda “Asturiya” kemasiga o‘t yoquvchi bo‘lib ishga kiradi. Bu kemada jami 27 kishi o‘t yoquvchi guruhida ishlagan.

Kemada o‘t yoquvchilik kasbida ishlash juda qiyin bo‘lgan. O‘t yoquvchilar mudom issiq haroratda mehnat qilgan. Shu jumladan, Arturning ham vazifasi og‘ir bo‘lgan. Biroq u matonat bilan mehnat qilishda davom etadi.

Artur o‘z faoliyati davomida bir nechta kemada ishlaydi va ularning barchasi yo halokatga uchraydi yoki avariya bo‘ladi. “Asturiya” ularning birinchisi edi. Quyida ular haqida hikoya qilamiz.

Asturiya”

Bu kema 1907 yilda qurib bitkazilgan va dastlab Britaniya qirollik pochtasi uchun xizmat qilgan. “Asturiya” juda yirik kema bo‘lgan. Artur Prist kema suvga tushirilgan paytda unga o‘t yoquvchi bo‘lib ishga kiradi.

Masalan, uning uzunligi 158, eni 19 metrni tashkil etgan. Kemada ikkita paluba bo‘lgan. Bu kema Sautgempton–Buenos-Ayres (Argentina poytaxti) yo‘nalishida qatnaydi va o‘zining birinchi qatnovini 1908 yilda amalga oshiradi.

Kema Buenos-Ayres portiga yetib borganida u yerda turgan boshqa bir kema bilan to‘qnashib ketadi. O‘shanda “Asturiya” jiddiy shikastlanmaydi va suzishda davom etadi.

Olimpik”

1911 yilda Artur Prist “Olimpik” kemasiga ishga kiradi va u yerda ham o‘t yoquvchilik qiladi. Bu kema 1910 yilda suvga tushirilgan bo‘lib, u Sautgempton–Nyu York yo‘nalishida yo‘lovchi tashiydi.

“Olimpik” ham juda yirik kema bo‘lgan. Uning uzunligi 269, eni 28 metrni tashkil etgan va unga 950 nafar ekipaj a’zosi xizmat qilgan. Kema bir vaqtning o‘zida qariyb 2 500 nafar yo‘lovchini olib yurgan.

1911 yil 14 iyun kuni “Olimpik” Sautgemptondan Nyu Yorkka qarab yo‘lga chiqadi. O‘shanda unda 1 313 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Kema Nyu Yorkka bir haftada yetib boradi. Shunda ilk marta bunday bahaybat kemani ko‘rgan amerikaliklar hayratda qolishadi.

“Olimpik” 1911 yil 20 sentabr kuni Nyu Yorkka beshinchi marta borganida avariyaga uchraydi. U Britaniyaga qarashli Xouk harbiy kemasi bilan to‘qnashadi. Kema yengil shikastlanadi va shu holida Sautgemptongacha suzib keladi.

1912 yilda Artur Prist “Titanik”ka o‘t yoquvchi bo‘lib o‘tib ketadi. Turli sinovlardan o‘tgan “Olimpik” esa 1935 yilgacha odamlarga xizmat qiladi.

Titanik”

“Titanik” kemasi “Olimpik” bilan uzunligi, eni, yo‘lovchilar sig‘imi va boshqa yana bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha qariyb teng edi.

Jumladan, “Titanik”ning ham uzunligi 269, eni 28, balandligi 18,5 metr bo‘lgan. Unga 899 kishidan iborat ekipaj xizmat ko‘rsatgan. Kemada 2 439 nafar yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan.

1912 yil 10 aprel kuni Titanik Sautgempton–Nyu York yo‘nalishida suzishni boshlaydi. 14 apreldan 15 aprelga o‘tar tunda kema Atlantika okeani shimolida aysbergga uriladi.

Oqibatda kema korpusining old qismi shikastlanadi. So‘ng o‘sha joydan uning ost qismiga suv kira boshlaydi. O‘sha kuni Titanikda 1 300 nafardan oshiq yo‘lovchi, 900 dan oshiq ekipaj a’zolari bo‘lgan.

Kema aysbergga urilganidan so‘ng 2 soat 40 daqiqada u butunlay cho‘kib ketadi. Kemada bo‘lganlardan 712 kishi qutqariladi. 1 500 atrofida odam cho‘kib ketadi. Artur Prist tirik qolganlar orasida edi.

Alkantara”

1914 yilda Artur Prist “Alkantara” kemasiga o‘t yoquvchi bo‘lib ishga kiradi. Bu kema 1913 yilda suvga tushirilgan bo‘lib, u Sautgempton–Buenos-Ayres yo‘nalishida yo‘lovchi tashigan.

Bu kema “Titanik” va “Olimpik”ka qaraganda ancha kichik bo‘lib, uning uzunligi 170, eni 20,5 metrni tashkil etgan. Unda 1 390 yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan.

1914 yilda Birinchi jahon urushi boshlangach, Britaniya hukumati “Alkantara”dan patrul kema sifatida foydalanadi.

1916 yil 27 fevral kuni inglizlar Shimoliy dengizda Britaniya sohillariga yaqin joyda nemis kemasi suzayotganini payqab qolishadi.

Dushman kemasini safdan chiqarish uchun yettita kema jo‘natiladi. Ular orasida “Alkantara” ham bor edi. Ingliz kemalari manzilga yetgach, “Alkantara” nemis kemasiga juda yaqin boradi va havoga ogohlantirish o‘qi uzadi.

Shunda nemis kemasi ekipaji Rio de Janeyroga yo‘lovchilar olib ketayotganini ma’lum qiladi. “Alkantara”dagilar buni tekshirish uchun Grifga yaqinlashganda nemis kemasi yashirib qo‘yilgan to‘plardan uni o‘qqa tutadi.

“Alkantara” ham javob zarbalari beradi. Oqibatda har ikki kema shikastlanadi va cho‘kib ketadi. O‘shanda “Alkantara”da bo‘lgan 68 nafar dengizchi halok bo‘ladi. Qolganlarni qutqarishadi. Artur Prist ham tirik qoladi.

Britannik”

Ko‘p o‘tmay Artur Prist “Britannik” kemasiga o‘t yoquvchi bo‘lib ishga joylashadi. Bu kema ham “Olimpik” va “Titanik” bilan bir xil o‘lchamda – uzunligi 269, eni 28 metr qilib qurilgandi.

“Britannik” 1914 yilda suvga tushirilgan va 1915 yildan yo‘lovchi tashiy boshlagan. Bu kemada 3 300 yo‘lovchi o‘rni bo‘lib, unda 860 nafar ekipaj xizmat qilgan.

Birinchi jahon urushi boshlangach, Britaniya hukumati undan suzib yuruvchi gospital sifatida foydalana boshlaydi va kemaga qariyb 500 nafar tibbiyot xodimi ishga olinadi.

1916 yil 21 noyabr kuni “Britannik” O‘rtayer dengizining Gretsiyaga yaqin sohillarida suzib ketayotganida nemis suvosti kemasi qoldirgan minaga duch keladi.

Oqibatda kema shikastlanadi va cho‘ka boshlaydi. O‘shanda “Britannik”da bo‘lganlarning bir qismini qutqarib qolishadi, qolganlar cho‘kib ketadi. Artur Prist qutqarilganlar orasida edi.

Donegal”

1917 yilda Artur Prist endi “Donegal” deb nomlangan yo‘lovchi tashuvchi kemaga o‘t yoquvchi bo‘lib ishga kiradi. Bu kema 1904 yilda suvga tushirilgan bo‘lib, u asosan Shimoliy Irlandiyadagi Belfast va Angliyadagi Xeyshem shaharlari orasida yo‘lovchi tashiydi.

“Donegal” ancha kichik bo‘lib, uning uzunligi 100, eni 12 metrni tashkil etgan. Kemada 610 nafar yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan. Unga 70 nafar ekipaj a’zosi xizmat qilgan.

Birinchi jahon urushidan so‘ng Britaniya hukumati “Donegal”kemasidan ham suzib yuruvchi gospital sifatida foydalanadi.

1917 yil 15 aprel kuni “Donegal” Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi La-Mansh bo‘g‘ozi bo‘ylab suzayotganida unga nemis suvosti kemasi hujum qiladi.

O‘shanda inglizlarning yana bir yirik suzib yuruvchi gospital kemasi – Lanfrank u bilan yonma-yon edi. Har ikki kema ingliz harbiy yaradorlarni olib ketayotgandi.

Nemis suvosti kemasi inglizlarning har ikki kemasini ham shikastlaydi. Oqibatda ular suv ostiga cho‘kib ketadi. Artur Prist yana qutulib qoladi va qirg‘oqqacha suzib boradi.

Shumqadam” o‘t yoquvchi

“Donegal” ham cho‘kib ketgach, Artur Prist Sautgemptonga, uyiga qaytadi va so‘ng yana kemalardan ish qidira boshlaydi.

Biroq hech bir kema egasi uni ishga olishni xohlamaydi. Chunki bu paytga kelib Artur Pristning nomi kulfat keltiruvchi odam sifatida tanilib bo‘lgandi.

Kemalar ishga olishmagach u Sautgemptonda xotini hamda bolalari bilan yashaydi va boshqa ishlar bilan shug‘ullanadi.

Artur Pristning keyingi hayoti haqida ma’lumotlar juda kam. Faqat u 1937 yilda 49 yoshida Sautgemptondagi uyida pnevmoniyadan vafot etgani aytiladi. Arturning “kulfat keltiruvchi odam” sifatida tanilib, tarixda qolishiga uning hikoyalari sabab bo‘lgan.

U o‘t yoquvchilikni yig‘ishtirgach, tanish-bilishlarga va boshqalarga ko‘p marta boshidan o‘tgan voqealarni gapirib beradi. Ana shu hikoyalari sabab u “suvda cho‘kmas o‘t yoquvchi” nomi bilan mashhur insonga aylanadi.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid