Jahon neft va gazining beshdan bir qismi Eron va Birlashgan Arab Amirliklari orasida joylashgan, tor suv yo‘li bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Ammo Eron kemalarga tahdid qilganidan keyin u yerdagi harakat deyarli butunlay to‘xtagan.

Tramp AQSh hukumati mintaqadagi barcha dengiz tashuv kompaniyalariga “juda maqbul narxda” sug‘urtani taqdim etishini, bu esa “energiyaning dunyoga erkin oqimi”ni ta’minlash uchun qilinayotganini aytdi.

Mutaxassislar esa bu kafolatlar kompaniyalarning xavotirini kamaytirish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Tramp bu bayonotni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. Shu paytda neft va gazning jahon narxlari keskin ko‘tarilishda davom etib, uy xo‘jaliklari xarajatlariga ta’siri haqida butun dunyoda xavotirlar paydo bo‘ldi.

Dushanba kuni eronlik amaldor Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishga uringan har qanday kemaga tahdid qildi. Xabarlarga ko‘ra, Eron harbiylari hududdagi bir necha kemalarga o‘t ochgan.

Shundan keyin ba’zi sug‘urta kompaniyalari mintaqada harakatlanuvchi kemalar uchun polislar narxini oshirib yubordi. Lloyds List Intelligence ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Fors ko‘rfazida taxminan 200 ta xom neft tashuvchi tanker va neft mahsulotlari tankerlari qolib ketgan.

Seshanba kuni Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari Taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasiga (United States Development Finance Corporation — DFC) mintaqadagi barcha dengiz savdosi, ayniqsa ko‘rfaz orqali o‘tayotgan energiya tashishlari uchun “juda maqbul narxda” siyosiy sug‘urta va kafolatlar berishni buyurganini aytdi.

U, shuningdek, “zarurat bo‘lsa, imkon qadar tez” harbiy hamrohlik (konvoy) ham ta’minlanishini va’da qildi.

Bayonotdan keyin neft narxlari biroz pasaydi. Bu esa Tramp energiya bilan bog‘liq muammolarni hal qilish rejalarini muhokama qilish uchun energetika kotibi Kris Rayt va moliya vaziri Skott Bessent bilan uchrashishi kerak bo‘lgan paytga to‘g‘ri keldi.

Shunga qaramay, Lloyds List dengizchilik jurnali bosh muharriri Richard Mid Tramp xavfsizlikka oid xavotirlarni bartaraf eta oladimi-yo‘qmi — hali ham noaniqligini aytdi. U Qizil dengizda so‘nggi yillarda husiychilar kemalarga hujum qilgani sabab ko‘plab kompaniyalar, AQSh harbiylari aralashuviga qaramay, u yo‘ldan voz kechib, uzoqroq va qimmatroq marshrutlarni tanlaganini eslatdi.