Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Unutilgan odamlar: “Ko‘zi ojizlar” jamiyati Farg‘ona viloyat bo‘limi holidan kim xabar oladi?
Muammoni bartaraf etish uchun uning asl mohiyati tushunilib, tub ildiziga yetib borilmasa, barcha urinishlar befoyda ketadi. O‘zbekiston “Ko‘zi ojizlar” jamiyati Farg‘ona viloyat bo‘limining ish faoliyatida so‘nggi yillarda yuzaga kelayotgan moliyaviy muammolar ham befoyda urinishlar sabab hamon hal etilmasdan qolmoqda. Tahririyatimizga kelib tushgan murojaatda bu haqda so‘z boradi.
O‘zbekiston “Ko‘zi ojizlar” jamiyati qariyb 85 yildan buyon mamlakatda istiqomat qiluvchi barcha ko‘zi ojiz nogironlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan nodavlat notijorat tashkiloti shaklida tuzilgan yagona jamoat birlashmasi hisoblanadi. Xususan, jamiyatning Farg‘ona viloyat bo‘limi ham shu kunga qadar samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Ammo so‘nggi yillarda bir qator moliyaviy muammolar yuzaga kelgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, jamiyat tashkil etilganidan buyon hech vaqt viloyat hokimligining e'tiboridan chetda qolib ketmagan. Jumladan, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yilidan boshlab chorak asr mobaynida O‘z KOJ Farg‘ona viloyat bo‘limining 9 ta shtat birligini saqlash maqsadida ish haqi va boshqa xarajatlar uchun viloyat hokimlarining farmoyishlari bilan viloyat byudjyetining zaxira jamg‘armasidan tegishli pul mablag‘lari ajratilgan.


2016 yil yanvar oyidan boshlab esa bunday moliyaviy yordam viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘ining e'tiroziga ko‘ra to‘xtab qolgan. Respublikaning ayrim viloyatlarida hozirgi kunda ham davom etmoqda. Bu masalada viloyat hokimiga bir necha bor yozma ravishda murojaat qilib ijobiy natijaga erisha olmagan jamiyat rahbari yuridik shaxs sifatida hokimning qabuliga kirish va vaziyatni tushuntirish uchun 2016 yil mobaynida 5-6 marta Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali qabuliga yoziladi. Bu ham natija bermagach, viloyat hokimligining qabulxonasiga borib u yerdagi xodimlarga ham hokim bilan uchrashishi zarurligini tushuntiradi. Lekin u yerdagi xodimlar viloyat hokimining shaxsiy qabuli yo‘qligi, faqat joylardagi sayyor qabullar e'lon qilinganida uchrashish mumkinligini aytishadi. So‘nggi oylarda viloyat hokimi joylarda sayyor qabullarni tashkil etib, fuqarolar bilan uchrashmoqda. Biroq 7000 dan ziyod ko‘zi ojiz nogironning huquq va manfaatlarini ko‘zlab harakat qilayotgan Jamiyat raisi viloyat hokimining shaxsiy qabuliga kira olmasligi achinarli holat emasmi?


Aslini olib qaralganda, sayyor qabullar ma'lum bir hududda yashovchi fuqarolar uchun tashkil etiladi. “Ko‘zi ojizlar” jamiyatiga tegishli muammolarni bir necha yuzlab fuqaroning oldida hokim bilan hal etish qator noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin.
“Davlatimiz rahbari tomonidan 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e'lon qilinishi yurtdoshlarimiz uchun katta huquq va erkinliklar berdi. Ammo ayrim hududlardagi rahbarlar hozirgi kunda ham murojaatlarni e'tiborsiz qoldirayotganligi achinarli. Viloyat hokimi bilan uchrashish va moliyaviy muammolarni ijobiy hal etish uchun sa'y-harakatlarimizni 2017 yilda ham davom ettirmoqdamiz. Jumladan, joriy yilning 7 fevral kuni 1088 ishonch telefoniga qilgan murojaatimiz hozircha javobsiz qolmoqda. 15 fevral kuni viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari S.B.Qo‘chqorovga yuborgan yozma murojaatimizda ham shaxsiy qabuliga kirish masalasida amaliy yordam so‘ralgan. Bu murojaatimizni ham javobi kutilmoqda”, deb yozadi O‘zbekiston “Ko‘zi ojizlar” jamiyati Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi B.Boltaboyev.


O‘z KOJ Farg‘ona viloyat bo‘limiga shu vaqtga qadar ko‘rsatilgan moliyaviy yordamni ushbu jamiyatga 2017 yilda ham davom ettiradi, deb umid qilamiz. Zero, O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi barcha fuqaro dinidan, millatidan, irqidan, e'tiqodidan, ijtimoiy holatidan qat'i nazar davlat himoyasidadir. Jamiyatni yagona huquq, yagona mafkuragina birlashtirib turadi. O‘zbekistonda hech kim nazardan chetda emas, barcha teng huquqli va o‘z huquqini talab qilishga haqlidir.
Mavzuga oid
22:32 / 23.12.2025
“Kun.uz’da chiqqan video sabab orzumga erishdim” – Harvard grantini yutgan qiz
19:42 / 21.12.2025
Farg‘onada jamoat tartibini buzgan ayollar ma’muriy javobgarlikka tortildi
11:00 / 11.12.2025
Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
08:22 / 05.12.2025