O‘zbekiston | 20:40 / 06.01.2026
3291
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada tadbirkorlarga nisbatan chiqarilgan noqonuniy ma’muriy qarorlar bekor qilindi

Ayrim inspeksiyalarning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar sudlarga yuborilmasdan, o‘zboshimchalik bilan ko‘rib chiqilgan va jazo qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilingani aniqlandi.

Foto: Getty images

Ayrim nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlarga nisbatan chora ko‘rishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga amal qilmasdan, vakolat doirasidan chetga chiqmoqdalar. Bu haqda Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Farg‘ona viloyatidagi ayrim inspeksiyalarning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar sudlarga yuborilmasdan, o‘zboshimchalik bilan ko‘rib chiqilgan va jazo qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan. Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan xulosalar asosida 8 ta holatda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlari bartaraf etilgan va inspeksiya tomonidan noqonuniy chiqarilgan ma’muriy qarorlar bekor qilingan. Ishning boshqa tafsilotlari xabarda keltirilmagan.

Ta’kidlanishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasi 3-bandida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) ularning xodimlari, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining mansabdor shaxslari va (yoki) boshqa xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishi belgilangan.

«Agar tadbirkorlik faoliyatingizga asossiz aralashish yoki vakolati bo‘lmagan organlar tomonidan jazo choralari qo‘llash holatiga duch kelsangiz, Biznes-ombudsmanga murojaat qiling», deyiladi xabarda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid