Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Armaniston Rossiyadan “kindigini uzyaptimi”?
Janubiy Kavkaz bugun katta geosiyosiy o‘zgarishlar markaziga aylangan. Ozarboyjon va Gruziyadan keyin endi Armaniston ham Rossiyadan uzoqlashish yo‘lini qidirmoqda. Moskva–Yerevan munosabatlari bugun tarixiy burilish nuqtasiga yaqinlashayotgandek. Ukrainadagi urush Rossiyaning imkoniyatlarini ham sezilarli darajada cheklab qo‘ydi. Xo‘sh, Moskva endi nima qiloladi?
Moskva Armanistonning g‘arb oilasiga integratsiya bo‘lishini qanday qabul qiladi?
Anvar Yo‘ldoshev: Armanistonning “ikki stul” siyosati, ya’ni Rossiyadan uzoqlashishi Moskva tomonidan salbiy qabul qilinadi. Shu sabab Rossiya Yerevanga nisbatan turli bosim choralarini qo‘llashi mumkin.
Birinchi navbatda, bu iqtisodiy bosim orqali namoyon bo‘ladi. Masalan, Rossiya Armanistonga yetkazib berayotgan arzon gaz masalasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Agar Armaniston boshqa manbalardan gaz olishga majbur bo‘lsa, u ancha qimmat narxga duch keladi. Ozarboyjon bilan munosabatlar ijobiy rivojlansa, u yerdan ham gaz olish ehtimoli paydo bo‘lishi mumkin, biroq bu hali siyosiy muvozanatga bog‘liq masala.
Iqtisodiy bosimning yana bir muhim yo‘nalishi — armanistonlik ko‘plab tadbirkorlar Rossiya bilan ishlaydi, minglab fuqarolar esa Rossiyada mehnat qiladi va Armanistonga pul yuboradi. Agar Moskva cheklovlarni kuchaytirsa, bu pul oqimi kamayishi, bizneslar esa qiyinchilikka duch kelishi mumkin.
Bundan tashqari, Armaniston mahsulotlariga nisbatan savdo cheklovlari joriy etilishi ehtimoli ham mavjud. Shuningdek, Rossiya axborot bosimi orqali ham ta’sir o‘tkazishga urinishi mumkin. Moskva bu borada katta tajriba va kuchli media apparatiga ega. Turli axborot kampaniyalari orqali Armaniston ichidagi norozilik kayfiyatlarini kuchaytirish, hukumatga qarshi kayfiyatni rag‘batlantirish ehtimoli bor. Ayniqsa, saylovoldi davrida bunday usullar yanada faol qo‘llanishi mumkin.
Biroq Armanistonga nisbatan harbiy kuch ishlatish ehtimoli past. Rossiyaning u yerda bitta harbiy bazasi bor bo‘lib, undagi bir necha ming askar vaziyatni tubdan o‘zgartira olmaydi. Qolaversa, Armaniston anchadan beri KXShTdagi ishtirokini deyarli muzlatib qo‘ygan bo‘lsa-da, Moskva bu borada keskin choralar ko‘ra olmadi.
Shuningdek, Armanistonning KXShT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan tezda chiqib ketishi ham oson emas. Chunki mamlakat iqtisodiy jihatdan hali ham ushbu tizimlarga bog‘liq. Yevropa bilan integratsiya jarayoni esa uzoq muddat talab qiladi. Bu balki 10–15 yil davom etishi ham mumkin. Shu vaqt ichida Armaniston iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolishi kerak bo‘ladi.
Aholi bugungi hayot sharoitiga qarab baho beradi, ichki norozilik kuchaysa Pashinyan hokimiyatini saqlab qolishi qiyinlashadi. Shuning uchun Armaniston hozircha muvozanatli siyosat yuritishga majbur. Bir tomondan Yevropa bilan yaqinlashishga harakat qilmoqda, boshqa tomondan esa Rossiya bilan aloqalarni butunlay uzishga shoshilmayapti. Hatto Pashinyanning Rossiyaga tashrifi va Putin bilan uchrashuvlarida ham bu muvozanat sezilgan. U Moskva tomoniga “biz sizlardan butunlay uzoqlashayotganimiz yo‘q”, deb Putinni tinchlantirishga harakat qilgan.
Kamoliddin Rabbimov: Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Moskvaning possovet hududidagi, jumladan, Janubiy Kavkazdagi ta’sirini sezilarli darajada zaiflashtirdi. Xuddi shunday holatni AQShning Eronga nisbatan kuch ishlatish siyosatida ham ko‘rish mumkin. Rossiya Ukrainada o‘z strategik maqsadlariga to‘liq erisha olmadi, AQSh ham Eronga nisbatan kutilgan natijani qo‘lga kirita olmadi. Bu esa yangi, globallashgan va axborot texnologiyalari ustuvor bo‘lgan dunyoda eski “qudrat” haqidagi tasavvurlar tez yemirilayotganini ko‘rsatadi.
Janubiy Kavkazdagi vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, mintaqadagi uch davlatning Rossiyaga munosabati keskin o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Ozarboyjon allaqachon Rossiyaning geosiyosiy ta’siridan deyarli chiqib ketgan va ayrim hollarda Moskvaga ochiq chaqiriqlar bilan ham chiqmoqda.
Gruziyada esa vaziyat murakkabroq.
Bugungi Gruziyaning Rossiya bilan munosabatlari Saakashvili davridagiga qaraganda nisbatan yumshoqroq. Biroq shunga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar cheklangan. Gruziya MDHdan allaqachon chiqib ketgan. Hozirgi siyosiy hokimiyat tepasidagi Ivanishvili ko‘pincha Rossiyaga yaqin siyosatchi sifatida talqin qilinadi.
Ammo shunday bo‘lsa ham, u Gruziyani Rossiya ta’sir doirasiga to‘liq qaytara olmadi. Ikki davlat o‘rtasidagi fundamental ziddiyatlar hanuz saqlanib qolmoqda. Mana shunday fonda Armaniston ham o‘z tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Qorabog‘dagi mag‘lubiyatdan keyin bu faqat Pashinyanning pozitsiyasi emas, balki Armaniston jamoatchilik kayfiyatida ham aks etmoqda. Bugun ko‘plab armanlar “Rossiyaga tayanish biz kutgan natijani bermadi”, degan fikrni ilgari surmoqda. Ikki asr davomida Rossiyani asosiy tayanch deb bilgan siyosiy yo‘nalish endi savol ostiga qo‘yilmoqda.
Shu jarayonda Yevropa Ittifoqi va Armaniston o‘rtasida qabul qilingan 44 banddan iborat deklaratsiya muhim ahamiyat kasb etadi. Unda Ozarboyjon bilan to‘liq tinchlik kelishuviga erishish hamda Turkiya bilan munosabatlarni normallashtirish masalalari alohida qayd etilgan. Avvallari Armaniston Turkiyani genotsidda ayblab kelgan bo‘lsa, endi bu mavzu ikkinchi planga tushmoqda. Ozarboyjon bilan ham uzoq yillik qarama-qarshilikni yumshatish jarayoni ketmoqda.
Ya’ni ilgari izolyatsiyada qolgan va asosan Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan Armaniston endi mintaqaga qaytishga, qo‘shnilari bilan aloqalarni tiklashga urinmoqda. Bu esa Janubiy Kavkazdagi geosiyosiy muvozanat tubdan o‘zgarayotganini anglatadi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi possovet hududidagi siyosiy munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Albatta, Moskva o‘z qo‘lidagi mavjud instrumentlardan foydalanishga harakat qilmoqda. Biroq muammo shundaki, Rossiyaning Armanistonni avvalgidek o‘z orbitasida ushlab turuvchi vositalari tobora kamayib bormoqda.
Masalan, Pashinyan Yevropa bilan munosabatlarni chuqurlashtirish niyatini bildirganida, Putin energetika bosimi haqida signal bergani aytiladi. Ammo bugungi Armaniston bunday ehtimoliy bosimlarga qisman tayyorlanib ulgurgan. Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan deklaratsiyada energetika va transport loyihalari uchun yuz millionlab yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shu sababli Rossiya iqtisodiy instrumentlarni ishga solgan taqdirda ham, Armaniston avvalgidek keskin shokka tushmasligi mumkin.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.