Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
The Economist: Ukraina urushda tashabbusni Rossiyadan tortib oldi
Ukraina so‘nggi uch yil ichida ilk bor urushda tashabbusni Rossiyadan tortib olganga o‘xshamoqda. Bu haqda The Economist jurnali 10 may kuni e’lon qilgan tahliliy maqolasida ma’lum qildi.
Nashr ta’kidlashicha, qish davomida Rossiya dron va raketa hujumlari orqali Ukraina shaharlari hamda energetika tizimiga deyarli har kecha zarba berib kelgan bo‘lsa, hozir vaziyat o‘zgarmoqda.
“Ukraina hozir deyarli har bir harakati orqali Rossiyaga tobora kattaroq zarar yetkazmoqda”, — deb yozadi jurnal.
Maqolada qayd etilishicha, Rossiyaning kutilgan bahorgi hujumi samarasiz chiqqan. 2026 yil aprel oyida Rossiya Qurolli kuchlari 2024 yil avgustidan buyon ilk bor egallaganidan ko‘ra ko‘proq hududni yo‘qotgan.
The Economist’ning AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) xaritalari asosida keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 30 kun ichida Rossiya 133 kvadrat kilometr hudud ustidan nazoratni yo‘qotgan.
Shu bilan birga, Ukraina tomonidan Rossiya hududi ichiga amalga oshirilayotgan uzoq masofali zarbalarning ko‘lami, masofasi va intensivligi ortib borayotgani ta’kidlangan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida Ukraina ilk bor uzoq masofali dron hujumlari soni bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketgan.
Ukraina dronlari mamlakat chegarasidan qariyb 2000 kilometr uzoqlikdagi iqtisodiy va harbiy obektlarga muntazam zarba bermoqda. Bu esa Rossiya aholisining taxminan 70 foizi ukrain dronlari yetib bora oladigan hududda yashashini anglatadi.
The Economist hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan buyon 1,4 million nafar harbiy xizmatchisini halok bo‘lgan yoki og‘ir yaralangan holda yo‘qotgan. Hozirda Rossiya armiyasining oylik yo‘qotishlari 35 ming nafarni tashkil etmoqda.
Londondagi Qirollik kolleji harbiy tadqiqotlar fakultetining faxriy professori Lourens Fridman fikricha, yaqin oylar urush taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Uning aytishicha, Rossiya Ukraina dron texnologiyalari sohasidagi yutuqlariga qarshi qanday chora ko‘rishi va yozgi hujum uchun katta kuch to‘playotgan-to‘plamayotgani ma’lum bo‘ladi.
11 may kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI tashqi ishlar vazirlari yig‘inidan so‘ng Ukraina hozir bir yil oldingidan ancha kuchli pozitsiyada ekanini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa “har qachongidan ham zaifroq pozitsiyada” qolmoqda.