Jahon | 13:57 / 03.02.2025
2649
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azo urushi qurbonlari, Vashingtonda davom etadigan muzokara va qo‘shnilariga boj joriy qilgan Tramp - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi urush qurbonlari

Isroilning G‘azodagi 15 oylik hujumlarida halok bo‘lganlar soni 61 ming 709 nafarga yetdi. Bu haqda G‘azo hukumati media-byurosi rahbari Salom Ma’ruf xabar bergan.

So‘nggi aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning 471 kun davom etgan hujumlari natijasida halok bo‘lgan 61 ming 709 falastinliklarning 17 ming 881 nafari bolalardir. Bu hisobga qo‘yilgan 14 ming kishining jasadi vayronalar ostida qolib, hozircha bedarak yo‘qolgan.

Markaziy «Shifo» kasalxonasi hovlisida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ma’ruf 111 ming 588 nafar kishi jarohatlanganini ta’kidladi. Shuningdek, 1155 tibbiyot xodimi, 205 jurnalist va 194 fuqarolik mudofaasi xodimi halok bo‘lgani aytildi.

Unga ko‘ra, Isroil hujumlari sababli 2 mln kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Ularning ayrimlari kamida 25 marta boshpanasini almashtirgan. G‘azoda 9268 ta oila butunlay yo‘q qilingan, 292 oilaning barcha a’zolari halok bo‘lgan.

Vashingtonda G‘azo bo‘yicha muzokaralar

Isroil va Qatar o‘rtasida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va mahbuslar almashinuvi bo‘yicha ikkinchi bosqich muzokaralari 3 fevral kuni Vashingtonda boshlanadi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning devonxonasi ma’lum qildi.

Netanyahu kecha, 2 fevral kuni Vashingtonga uchib ketishi oldidan AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff bilan uchrashdi. Tomonlar Isroil pozitsiyasini muhokama qilish hamda Qatar va Misr delegatsiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

Muzokaralardan avval Vitkoff Qatar bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy hamda Misr rasmiylari bilan uchrashib, jarayonni ilgari surish uchun zarur bo‘lgan qadamlarni muhokama qiladi.

Yaqin Sharqqa beqarorlik keltirayotgan AQSh

HAMAS rahbarlaridan biri Sami Abu Zuhriy AQShning falastinliklarni G‘azodan ko‘chirib yuborish haqidagi doimiy bayonotlari Isroilning jinoyatlariga sherik ekanini tasdiqlashini bildirdi.

«Falastinliklarni G‘azodan majburiy ko‘chirish loyihalari aqlga zid va hech qanday huquqiy asosga ega emas. Bosqinchi Isroil bunga zo‘ravonlik bilan erisholmadi va siyosiy nayranglar bilan ham o‘z maqsadlariga yeta olmaydi», — dedi u.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Iordaniya, Misr va boshqa arab davlatlarini falastinlik qochqinlarni qabul qilish va ular uchun maxsus turar joylar barpo etishga chaqirgan edi. Biroq tashabbus keskin qarshilikka uchradi. Iordaniya, Misr, Arab davlatlari ligasi, Islom hamkorlik tashkiloti va BMT Tramp rejasini rad etdi.

Shu bilan birga, Tramp o‘z pozitsiyasini yana bir bor tiqishtirib, hatto Iordaniya va Misr g‘azoliklarni qabul qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

«Ular bunga rozi bo‘ladi va albatta shunday yo‘l tutadi. Biz ular uchun ko‘p ish qildik va ular bunga rozi bo‘ladi», – dedi Tramp jurnalistlarga, Qohira va Ammonga uning rejasini qabul qilish uchun bosim o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi savolga javoban.

Zelenskiy muzokaralar haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina ishtirokisiz Rossiya bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar xavfli ekanini, urushni tugatish bo‘yicha har qanday kelishuvda Ukraina ishtirok etishi shartligini ta’kidladi.

Bu bilan u Trampning Rossiya bilan «juda jiddiy» muzokaralar olib borayotgani haqidagi so‘zlariga javob qaytardi. «Ukraina to‘g‘risida bizsiz gapirish hamma uchun xavfli», — dedi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, Rossiya bilan muloqotdan oldin u shaxsan Tramp bilan uchrashishi kerakligini ta’kidladi. «Bu juda muhim va butun Yevropa xohlaydigan narsa», — dedi u.

Uning fikricha, shundan keyingina Rossiya bilan muzokaralar haqida gapirish mumkin bo‘ladi. Ukraina hozircha Tramp ma’muriyati bilan umumiy darajada muloqot qilib kelmoqda, biroq yaqin orada bevosita uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Zelenskiy shuningdek, muzokaralarda AQSh va Rossiya bilan bir qatorda Yevropa Ittifoqi ham ishtirok etishi lozimligini ta’kidladi. U Rossiya urushni haqiqatan to‘xtatishga yoki biron yo‘ldan qaytishga tayyor emasligini ta’kidlab, Kreml har qanday tisarilishni mag‘lubiyat deb hisoblashini aytdi. Shu sababli u Tramp Rossiya energetika va bank tizimiga sanksiyalar qo‘llash orqali Putinni muzokaralarga majbur qilishi mumkin, deb hisoblaydi.

Vashington Kiyevni saylovlarga undamoqda

AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Kiyevga prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.

«Ko‘plab demokratik davlatlar hatto urush davrida ham saylov o‘tkazadi. Bir nechta nomzod saylovda ishtirok eta olishi — bu demokratiyaning asosiy jihati: bir emas», — dedi u Reuters agentligiga.

Oq uy Ukrainada Tramp ma’muriyati umid qilayotgan Rossiya bilan ehtimoliy sulh jarayoni paytida saylov o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Agar ovoz berish amalga oshsa, g‘olib taraf keyingi tinchlik muzokaralari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Ukraina hukumatiga bu haqda rasmiy taklif berilmagan, Zelenskiy esa oldin ham urush davrida saylov o‘tkazish mumkin emasligini bir necha marta ta’kidlagan.

Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, harbiy holat davrida saylovlar bekor qilinadi. Shu sabab 2023 yilda parlament, 2024 yilda esa prezidentlik saylovlari o‘tkazilmagan. Rossiya bu holatdan foydalanib, Zelenskiyni «nolegitim» deb atayotgan bo‘lsa, Ukraina rahbari Putinni tinchlik muzokaralarini cho‘zishda aybladi.

Putin: «Yevropa Tramp oldida dumini likillatadi»

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ko‘ra, Yevropa yetakchilari yangi voqelikka tezda moslashadi. «Hammasi egasining oyog‘i etagiga tiz cho‘kadi va muloyimgina dumini likillatadi», — dedi Putin.

Putin Yevropa elitalari Jo Bayden ma’muriyati davrida ham Vashington ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarganini qo‘shimcha qildi.

Putin ayni paytdagi yevropalik siyosatchilarni o‘tgan asrdagi yetakchilar bilan taqqoslab, hozirgilari mustaqillik va jasoratdan yiroqligini ta’kidladi.

Osvensim ozod qilinganining 80 yilligi munosabati bilan Rossiya rasmiylarining chaqirilmagani haqidagi savolga Putin bundan ajablanganini aytdi va bu qarorni «sharmandali» deb atadi.

AQShdan Meksika va Kanada importiga boj

AQSh prezidenti Donald Tramp 1 fevraldan boshlab Meksika va Kanadadan keladigan barcha tovarlarga 25 foizlik import boji joriy qildi. Xitoy tovarlariga esa qo‘shimcha 10 foizlik boj kiritildi. Bu qaror Amerika bozorida narxlarni keskin oshirish xavfini tug‘dirmoqda.

Qonunchilik organlarida bu qarorga qarshi chiqishlar bo‘ldi. Chunki Trampning import bojlari avokado, pomidor, avtomobil qismlari, yuk mashinalari, neft va maishiy texnikalar narxini oshirishga olib keladi.

Tramp bu chorani savdo balansidagi muvozanatni tiklash va noqonuniy muhojirlikka qarshi kurashish deb baholadi. Biroq tahlilchilar bojlar aynan Amerika iste’molchilari zimmasiga tushishi haqida ogohlantirmoqda.

Kanada va Meksikaning rahbarlari Trampning bu qarorni adolatsiz, deb baholashdi. Jastin Tryudo va Klaudiya Sheynbaum Trampning bu kabi qaroriga javob qaytarilishini ma’lum qildi. Xitoy esa Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qilishini bildirdi.

Trampning Meksika va Kanadaga 25 foizlik boj joriy qilishi fond bozorlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Jahon mojarolari yangi davrga o‘tmoqda

Jahondagi urushlarda yirik korporatsiyalar roli oshib bormoqda. Foreign Affairs jurnaliga ko‘ra, Ukrainadagi urush raqamli infratuzilma himoyasi xususiy kompaniyalar qo‘lida ekanini ko‘rsatdi.

Ukraina hukumati Starlink, Microsoft, Amazon Web Services, Capella Space va Maxar Technologies bilan hamkorlikda axborot uzatish va sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatuvni yo‘lga qo‘ydi. Microsoft Kiyevga 500 mln dollarlik yordam ko‘rsatdi, SpaceX esa Starlink xizmati uchun 80 mln dollar sarflagan.

Jurnal mutaxassislari bu modelning Tayvan mojarosida qanday ishlashini tahlil qilmoqda. Mask Tayvanni «Xitoyning ajralmas qismi», deb atagani uning Starlink’ni Taybeyda ishlatishga qanchalik tayyorligiga shubha uyg‘otmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid