Jahon | 14:02
1619
9 daqiqa o‘qiladi

AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Erondagi urush davom etmoqda

Rasmiy Vashington Tehron rahbariyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish va hatto kelishuvga erishilmagan taqdirda ham mojaroni to‘xtatish imkoniyatlariga ishora qilmoqda.

«Mening qiladigan yagona ishim — Eronni tark etish va biz buni juda tez orada amalga oshiramiz», dedi AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga. «Biz juda yaqin orada chiqib ketamiz. Bu jarayon balki ikki hafta, balki uch hafta ichida yuz berishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

AQSh operatsiyasini to‘xtatishi uchun muvaffaqiyatli diplomatiya shartmi, degan savolga Tramp: «Eron kelishuv tuzishga majbur emas, yo‘q», dedi.

Bundan avval AQSh agar Tehron 15 banddan iborat rejani qabul qilmasa, operatsiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qilgandi. Ushbu rejaning asosiy talablari orasida Eronning yadroviy qurolga intilmaslik majburiyati, uranni boyitishni to‘liq to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq qayta ochish bandlari bor.

Oq uyning bildirishicha, Tramp chorshanba kuni «Eron bo‘yicha muhim yangiliklarni yetkazish uchun» xalqqa murojaat qiladi.

Marko Rubio esa tomonlar o‘rtasida «qaysidir pallada» uchrashuv o‘tkazish imkoniyati borligini va AQSh «marra chizig‘ini ko‘rayotganini» aytdi. «Bu bugun emas, ertaga ham emas, lekin u yaqinlashmoqda», dedi u.

AQShning bayonotlariga qaramay, chorshanba kuni erta tongda har ikki tomondan hujumlar davom etmoqda. Kuvayt xalqaro aeroportidagi yoqilg‘i baklariga dronlar zarbasi natijasida kuchli yong‘in kelib chiqdi. Bahrayn rasmiylari esa Eron hujumi oqibatida noma’lum kompaniyada yong‘in chiqqanini ma’lum qildi.

Eron davlat matbuoti AQSh—Isroil havo hujumlaridan so‘ng Tehronning bir necha hududlarida portlashlar eshitilgani va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushganini xabar qildi. Shuningdek, Bandar-Abbos portida joylashgan Eronning eng yirik yo‘lovchi terminali – Shahid Haqqoniy porti tunda havo hujumiga uchradi.

Eron Inqilobiy gvardiyasi chorshanba kunidan boshlab mintaqadagi AQSh kompaniyalariga qarshi yangi tahdid bilan chiqdi. Ro‘yxatga 18 ta korxona, jumladan, Microsoft, Google, Apple, Intel, IBM, Tesla va Boeing kiritilgan bo‘lib, ular yaqin vaqtlardan boshlab nishonga olinishi aytilgan.

Urush ortidan neft va yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi AQShdagi uy xo‘jaliklari budjetiga ta’sir qila boshladi. Bu esa noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan Tramp va uning Respublikachilar partiyasi uchun siyosiy bosh og‘rig‘iga aylangan.

Qrimda harbiy samolyot halokati

31 mart kuni Qrimda Rossiya harbiy samolyoti halokatga uchradi, natijada bortdagi 29 kishining barchasi halok bo‘ldi.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, An-26 samolyoti bilan «navbatdagi parvoz» vaqtida aloqa uzilib qolgan. Shundan so‘ng uning qoldiqlari topilgan.

Texnik nosozliklar samolyotning qoyaga urilishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bortda 6 nafar ekipaj a’zosi va 23 nafar yo‘lovchi bo‘lgan; halokatdan hech kim omon qolmagan.

Rossiya Qrim yarimorolini 2014 yilda Ukrainadan anneksiya qilib olgan edi. To‘rt yil avval Rossiya bosqini boshlanganidan beri Qrimda ham jangovar harakatlar to‘xtovsiz davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi samolyotga tashqi tomondan hech qanday zarar yetmaganini ma’lum qildi, bu esa halokatga raketa, dron yoki qushlar bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgani haqidagi shubhalarni inkor etadi.

An-26 — sovet davrida ishlab chiqarilgan samolyot bo‘lib, asosan harbiy maqsadlarda og‘ir yuklarni va uncha ko‘p bo‘lmagan yo‘lovchilarni qisqa va o‘rta masofalarga tashish uchun ishlatiladi. Havo kemasi Ukrainaning «Antonov» aviatsiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Yevropaliklar AQShga «yo‘q» demoqda

Yevropa davlatlari, xususan, Ispaniya, Fransiya va Italiya AQSh—Isroil harbiy operatsiyalarining ayrimlariga qarshilik ko‘rsatmoqda.

Shu oy boshida Tramp NATOdagi uzoq yillik ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlash yetarli bo‘lmagani uchun «qo‘rqoqlar» deb atagan edi. Seshanba kuni u AQSh va Isroilning zarbalarida yordam bermagan mamlakatlarni keskin qoraladi.

Xususan, Tramp Fransiyani Isroilga harbiy yuk olib ketayotgan samolyotlarning o‘z hududi orqali uchib o‘tishini to‘sib qo‘yishda aybladi. U Fransiya «juda foydasiz» bo‘layotganini yozdi.

Fransiya prezidenti ma’muriyati esa bu qaror mojaro boshlanganidan beri ularning siyosatga mos kelishini bildirdi. Manbalarga ko‘ra, Isroil Eronga qarshi urushda qo‘llanadigan AQSh qurol-yarog‘larini tashish uchun Fransiya havo hududidan foydalanmoqchi bo‘lgan. Fransiya esa buni rad etgan.

Isroil Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida Fransiyani Isroilga o‘q-dorilar yetkazib berishga faol to‘sqinlik qilayotganlikda aybladi. Isroil Fransiyadan barcha harbiy xaridlarni to‘xtatishini va harbiylari bilan yangi hamkorlik qilmasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, Italiya ham o‘tgan haftada AQSh harbiy samolyotlarining Yaqin Sharqqa yo‘l olishdan oldin Sitsiliyadagi aviabazaga qo‘nishiga ruxsat bermagan. Keyinroq Italiya mudofaa vaziri Vashington bilan hech qanday kelishmovchilik yo‘qligini, ammo AQSh amaldagi kelishuvlardan tashqari maqsadlar uchun maxsus ruxsat olishi kerakligini yozib qoldirdi.

Ispaniya esa Eronga hujumlarda ishtirok etayotgan AQSh samolyotlari uchun o‘z havo hududini to‘liq yopish qarorini himoya qilmoqda. Bosh vazir Pedro Sanches AQSh va Isroil zarbalarini eng ko‘p tanqid qilayotgan yetakchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Mudofaa vaziri Margarita Roblesning ta’kidlashicha, Ispaniya o‘z bazalaridan faqat NATO ittifoqchilarining umumiy mudofaasini ta’minlash maqsadidagina foydalanishga ruxsat beradi.

Tramp, shuningdek, Britaniyani ham yordam bermayotganlikda aybladi.

Bag‘dodda amerikalik jurnalist o‘g‘irlandi

Seshanba kuni Bag‘dodda amerikalik jurnalist ayol o‘g‘irlab ketildi. Politsiyaga ko‘ra, rasmiylar uni butun shahar bo‘ylab qidirmoqda.

Iroq Ichki ishlar vazirligi jurnalist o‘g‘irlab ketilganini tasdiqladi. Biroq uning fuqaroligini oshkor qilmadi. Vazirlikning bildirishicha, bir gumonlanuvchi qo‘lga olingan va jurnalistni ozod qilish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.

Ismi oshkor etilishini istamagan politsiya mulozimlari keyinchalik jabrlanuvchining shaxsini aniqladi — Shelli Kitlson. U Rimda istiqomat qiluvchi amerikalik mustaqil jurnalist bo‘lib, mintaqadagi bir qancha urushlarni yoritgan va ko‘plab nashrlar uchun maqolalar tayyorlab kelgan.

Politsiya mulozimlari so‘zlariga ko‘ra, Kitlsonni fuqarolik kiyimidagi to‘rt kishi qo‘lga olib, noma’lum avtomobilda olib ketgan.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Bag‘dodda amerikalik jurnalist o‘g‘irlab ketilganidan xabardor ekanini va jurnalist bunday xavfdan ogohlantirilganini aytdi.

«Biz uning imkon qadar tezroq ozod etilishini ta’minlash uchun FQB bilan muvofiqlashtirish ishlarini davom ettiramiz», deb yozdi departament rasmiysi. Shuningdek, amerikaliklarga har qanday sabab bilan Iroqqa safar qilmaslik tavsiya etildi.

Suriya prezidenti Britaniyaga keldi

Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a Germaniyadan so‘ng Buyuk Britaniyaga kelib, bosh vazir Kir Starmer bilan uchrashdi. Yetakchilar ushbu davrni Britaniya—Suriya munosabatlari uchun «muhim palla» deb atagan.

Britaniya hukumati bayonotiga ko‘ra, yetakchilar «Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha hayotiy rejaga ehtiyoj borligini» ta’kidlagan. Shuningdek, tomonlar Yaqin Sharqda davom etayotgan mojaroni muhokama qilib, vaziyatning yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik va mintaqaviy barqarorlikni tiklash zarurligini ta’kidladi.

Suriya davlat OAVlariga ko‘ra, Ash-Shar’a endilikda qurol-yarog‘ ustidan mutlaq nazorat faqat davlat qo‘lida ekanini va mamlakatda qurolli guruhlar istisno qilinishini ta’kidlagan. U, shuningdek, Suriya AQSh—Isroilning Eronga qarshi urushidan chetda qolishga intilayotganini aytgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid