Jamiyat | 20:05 / 23.12.2025
4096
6 daqiqa o‘qiladi

“Hokimlar va’dasiga ishonib sarson bo‘ldik” – Rishtonda tadbirkorlar buyum bozorini tiklab berishlarini so‘ramoqda

2003 yilda Rishton tumani hokimining qaroriga muvofiq “Buyum bozori” tashkil etish uchun 4 gektardan ziyod yer maydoni ajratilgan edi. Tadbirkorlarga do‘kon qurish uchun shu bozordan yer beriladi. Tuman hokimi tadbirkorlarni yig‘ib do‘konlar qurib bitkazilgach kadastr xujjatlari qilib berilishiga va’da bergan. Hokim va’dasiga ishongan 114 nafar tadbirkor o‘z hisoblaridan do‘kon qurib bitkazishadi. Bozor ma’muriyatining talabi bilan do‘konlar atrofini obodonlashtirish uchun 3 mln so‘mdan pul ham berishadi. Lekin shu paytgacha hokimlar tomonidan berilgan birorta va’da bajarilmagan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

114 nafar tadbirkor tomonidan yig‘ilgan mablag‘lar buyum bozoriga emas, balki o‘zi shundoq ham obod bo‘lib turgan dehqon bozoriga sarf qilib yuboriladi. Oradan bir necha yil o‘tib esa “snosga tushdi” deb endi do‘konlarni buzishga tushishadi.

Bu orada tumanda bir nechta hokim almashgan. Lekin Rishton tumanida buyum bozorining o‘zi yo‘q. Bozor uchun ajratilgan maydon esa abgor holatda. Savdogarlar ilojsizlikdan yog‘in-sochin kunlarda ham yerda o‘tirishga majbur.

Hokimlarning va’dalariga ishonib mablag‘ sarflab do‘kon qurib qo‘ygan tadbirkorlarning dodini eshitadigan odamning o‘zi yo‘q.

Katta bir tumanda buyum bozori yo‘q...

“Tumanning o‘sha paytdagi hokimi G‘ayrat Mamadaliyev tadbirkorlarni yig‘ib Rishtonday katta bir tumanda buyum bozori yo‘qligini ta’kidlab, do‘kon qurishimizni aytgan edi. Biz tadbirkorlarga joy ajratildi. Hokim va’dasiga ishonib o‘z hisobimizdan do‘konlar qurganmiz. Hokim do‘konni quraveringlar, bitgach barcha xujjatlarini qilib beraman deb va’da bergan. Ular bizga bozor bosh rejasini ham taqdim qilgan.

Keyin biz shu rejaga asosan bu yerda qurilish ishlarini boshlaganmiz. Bizga o‘sha majlisda “Buyum bozorida do‘kon qurasizlar, shu yerni gullatamiz, obod qilamiz. Binolar bitgandan keyin umumiy bitta kadastr qilib, do‘kondorlar ulushdor sifatida kirasizlar”, deb aytishgan. O‘sha paytdagi hokimning barcha aytganlarini so‘zsiz bajarganmiz. Do‘kon qurgan 114 kishi 2011 yildan 2015 yilgacha atrofni obodonlashtirish uchun bozor hisob raqamiga 3 million so‘mdan pul o‘tkazganmiz.

Lekin o‘tkazgan pullarimiz qayerga sarflandi bilmaymiz. Kimlardir u mablag‘ni o‘zlashtirgani aniq. Rishtonda nechta hokim almashgan bo‘lsa buyum bozori masalasini chetlab o‘tyapti. Bizning katta shunday Rishton degan joyda buyum bozori yo‘q. Yog‘in-sochin paytida ham sotuvchilar yerda o‘tirib savdo qilishadi.

Bozor yo‘qligidan xalq mana bu ko‘chada, katta yo‘lning bo‘yida, hokimiyatdan to dehqon bozorigacha yerda o‘tirib, gazonlarda, trotuarlarda o‘tirishibdi. Piyodalar yo‘lagidan yurishga joy yo‘q. Bizning niyatimiz buyum bozorini tashkil qilish. Qo‘shni Oltiariq, Bog‘dod tumanlarida ham buyum bozori chiroyli qilib tashkil qilingan. Rishtonda bunday bozor yo‘q. Tuman bozori noqulayligidan Rishton xalqi atrofdagi bozorlarga boradi.

Hokimimiz Rishton xalqiga amaliy yordam berib, abgor holatda yotgan buyum bozori infrastrukturasini tiklashga yordam bersa, qolgan ishlarini biz o‘zimiz tashkillaymiz”, deydi Muhayyo Doniyorova.

Muhayyo Doniyorova

Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqovdan holat bo‘yicha izoh so‘radik.

“Buyum bozorimiz 2015-2016 yilga qadar katta bozor bo‘lgan. Ayni paytda shu bozor haftada bir kun ishlaydi xolos. Buyum bozorining mavjud yer maydonidan samarali foydalanilmayapti. Bozorga do‘kon qurgan mahalliy tadbirkorlarni chaqirtirib gaplashdik. Savdo majmuasini zamon talabiga mos ravishda qayta tashkil qilish taklifini berdim.

Bahodir Xoliqov. Rishton tumani hokimi

Mahalliy tadbirkorlar tomonidan agar tashabbus bo‘lsa, loyiha taklif bo‘lsa, zamon talabiga mos aholi uchun qulay sharoit yaratilsa, avvalambor mahalliy tadbirkorlar bilan ishlaymiz.

2011 yilda har bir tadbirkor obodonlashtirish ishlari uchun bozor hisobiga 3 million so‘mdan o‘tkazgan ekan. Endi u masalada bizning xabarimiz yo‘q. Bu zararni tadbirkorlarga qoplash yoki qoplamaslik investorga bog‘liq. Agar o‘sha yerga investor savdo majmuasi, yoki boshqa ishlab chiqarish faoliyatini, yo ko‘p qavatli uy faoliyatini yo‘lga qo‘yaman desa, hududda do‘kon qurilganligi, do‘kon qurgan tadbirkorlarni rozi qilish masalasini to‘g‘ri tushuntiramiz. Lekin o‘sha paytda ham o‘sha savdo do‘konlarini qurish, savdo majmuasini tashkil qilish tashabbusi shaxsan hokimlar tomonidan qilingan bo‘lsa, yaxshi tashabbus bo‘lgan.

Yangi zamonaviy aholi uchun qulay bo‘ladigan majmua yaratishimiz kerak. Va o‘sha joydan bir kunlik bozor emas, kerak bo‘lsa haftaning har kuni ishlaydigan majmua tashkil qilish taklifi bilan chiqqanmiz. Va bu tashabbusni o‘zim ilgari surib, tadbirkorlarni chaqirib gaplashdik, suhbatlashdik, muzokaralar olib boryapmiz”, deydi Rishton tumani hokimi.

Hokimlar va’dasiga ishonib o‘z hisobidan do‘kon qurib qo‘ygan va atrofni obodonlashtirish uchun o‘sha paytda bozor hisob raqamiga 3 mln so‘mdan pul o‘tkazgan 114 tadbirkor tegishli idoralardan holatga e’tibor qaratishlarini so‘raydi.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid