Jamiyat | 07:57 / 01.04.2019
60452
5 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillarda yorug‘lik qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzish qonunan jazolanadi - IIBB

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

2019 yilning 1 yanvar kunidan 29 mart kunigacha bo‘lgan muddat ichida Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan 352 nafar haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 127-moddasi “Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish” bo‘yicha ma'muriy bayonnomalar tuzildi.

IIBB xabariga ko‘ra, faqatgina 29 mart kunining o‘zida 20 marotaba yuqoridagi kabi huquqbuzarliklar sodir etilgan, bir kun oldin esa (28-mart kuni) ushbu ko‘rsatkich 37 tani tashkil etgan. 

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Bildirilishicha, YHQga kiritilayotgan har bir o‘zgarish yo‘l harakati xavfsizligi talabi hisoblanib, ular achinarli statistikaga asoslangan. Ksenon va svetodiod lampochkalari bilan bog‘liq masala haqida: bir tarafdan qaraganda, ular haqiqatdan ham yo‘llarni yaxshiroq yoritadigandek tuyuladi. Ammo ko‘pincha aksi bo‘lib, kutilgan natijaga erishmagan haydovchi quyidagi ma'nodagi e'lon berishiga to‘g‘ri keladi: “Ksenon lampalarini Kobaltning asl lampalariga almashtiraman, ortiqcha to‘lovsiz, o‘rnatish xarajatlarini o‘zimning zimmamga olaman”. 

Ksenon lampochkalari tarafdorlarining aytishicha, bu kabi faralar yo‘llarni yorqinroq yoritadi. To‘g‘ri, ular ko‘proq yorug‘lik taratadi, ammo ularning yorug‘ligi boshqa tomonga yo‘naltirilgan. Gap shundaki, yorug‘lik avtomobilga nisbatan yaqinroqqa tushib, natijada yo‘llar ksenon faralari tomonidan yomonroq yoritiladi. Bu solishtirish sinovlari natijasi bilan tasdiqlangan.

Shu bilan birga, haydovchilar faralarning oq nuri sariq rangli nurdan afzal ekanligi borasida tez-tez bahslashadi. Yomg‘irli ob-havoda bu o‘zgarish yo‘llar ko‘rinishini 40% ga kamaytirishi mumkin. Balki Sergeli tumanida joylashgan ustaxonadagi Alisher-aka haqiqatdan ham “ksenono-led” masalasini avtokonsernlardagi oliy ma'lumotli va tajribali muhandislardan yaxshiroq tushunar, deyiladi xabarda.   
     
Qayd etilishicha, yo‘llarning ko‘rinishi faqatgina lampochkalarga emas, balki fara moslamalariga, shu bilan birga, undagi nur qaytaruvchi elementlarga ham bog‘liq. Har bir zavodda fara/fonarlar ma'lum lampochka turlaridan kelib chiqib ishlab chiqariladi. Ksenon va galogen nurlarida farq bor, aynan shu sababli boshqa turdagi lampochka tanlab faralar sifatini pasaytirib qo‘yish mumkin.

Qoidalar faqatgina haydovchilarning xavfsizligidan kelib chiqib emas, boshqa haydovchilarga nisbatan yuzaga chiqishi mumkin bo‘lgan xavfni deb ham o‘ylab chiqilgan. Fara yo‘lni yomon yoritib, yaqin atrofda harakatlanayotgan haydovchilarning ko‘zlarini olishi mumkin, bu esa yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lishi ehtimoli bor. Yoritish moslamalarining “ijodiy” o‘zgarishlari haqida ham to‘xtalish kerak: ular instagramdagi suratlar yoki ko‘rgazma uchun yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo yo‘llar uchun emas, boisi – bu kabi faralar haydovchilarni chalg‘itib, umumiy xavfsizlikka tahdid solishadi.

Avtomobilga zavodda o‘rnatilgan ksenon va svetodiod faralar esa ko‘rinishni yomonlashtirmaydi hamda boshqa haydovchilarga xalaqit bermaydi, shuning uchun ular taqiqlanmagan.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 127-moddasiga muvofiq, tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish – eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, qonunchilikning ma'lum talablariga nomuvofiqlik yuzaga kelsa, transport vositasi jarima maydonchasiga joylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.12.2015 yildagi 370-son Qarorida bir qator hollarda transport vositasining ekspluatatsiyasi taqiqlangani keltirilgan, tashqi yoritish asboblariga esa alohida paragraf bag‘ishlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid