O‘zbekiston | 19:08 / 12.08.2023
15388
5 daqiqa o‘qiladi

«Agar o‘yinni yutsak, buni mo‘jiza desa ham bo‘ladi» – «Zakovat»ning birinchi Osiyo ochiq chempionati boshlandi

Toshkent dunyo bilimdonlarini bir yerga jamlagan musobaqaga mezbonlik qilmoqda. Unda 2 kun davomida 14 davlatdan kelgan 55 ta jamoa o‘zaro bellashadi.

Toshkentda 12 avgust kuni «Zakovat» intellektual o‘yinining birinchi Osiyo ochiq chempionati start oldi.

Ikki kun davom etadigan yirik turnirda O‘zbekiston, Isroil, Kipr, Germaniya, Armaniston, Qozog‘iston, Belarus, BAA, Latviya, Daniya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya kabi 14 mamlakatdan 55 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

«Men bu yerda ko‘rayotgan ishtirokchilar jahon chempionatlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shuning uchun hozirgi turnirni mini jahon chempionati desak ham bo‘ladi. Chunki ochiq chempionatga turli mamlakatlardan o‘yinchilar tashrif buyurgan.

Bu o‘yinning o‘ziga yarasha qonun-qoidasi bor. Qandaydir mo‘jizalar bo‘lishi qiyin, 10 yillardan beri shu o‘yinda qatnashib kelayotgan jamoalar bo‘lganidan keyin taxmin qilib ko‘rish, shunga qarab reja tuzish ham mumkin. 

Menimcha, bu darajadagi jamoalarning orasida top 5-o‘rinni olish juda yaxshi natija hisoblanadi, agar 3-o‘rin bo‘lsa, sovrindorlar qatoriga kirsak, oliy natija bo‘ladi, agar bu o‘yinda yutadigan bo‘lsak, buni mo‘jiza desak ham bo‘ladi», – deydi O‘zbekiston nomidan qatnashayotgan «Misteriya» jamoasi a’zosi Sardor Ahmedov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, turnir sportcha versiyasi hamda breyn-ring o‘yini bo‘yicha olib boriladi. Sportcha shakli uchun musobaqa 6 ta turga ajratilgan va har bitta tur uchun 15 ta savol tayyorlangan. 

Bu turnirda qatnashayotgan jamoalarning eng kuchlisi 90 ta savol orqali aniqlanadi degani. Bundan tashqari, kun tartibimizda «breyn ring» versiyasi bo‘yicha ham g‘oliblarni aniqlashni ko‘zlaganmiz. «Breyn ring» o‘yini shaxsan o‘zimga ham juda yoqadigan o‘yin. 

Bu qisqa vaqt ichida tezroq variant berib, to‘g‘ri javobga yetib kelinadigan o‘yin hisoblanadi. O‘ziga xos adrenalin beradi. Bunda 55 ta emas, 2 ta jamoa o‘zaro bellashgan holda keyingi bosqichga chiqadi, yutqazgani esa turnirdan tushib ketadi. Shu orqali kuchli jamoa aniqlanib, ertangi final o‘yinida ham shou tashkil qilinishi belgilangan»,– deydi «Zakovat intellektual klubi» NNT kengashi a’zosi Umid Valiyev.

«2 yilda dunyo chempionatlarini o‘tkazish darajasiga yetib oldik. Shu turnirning statusini dunyo chempionati deb qo‘ysak ham bo‘ladi. Osiyo ochiq chempionati deyilishida ham bir ma’no bor. Meni hurmat bilan mukofotlashgan vaqtda aytgan edim: bunday e’tiborlar 10 yil oldin bo‘lmaydimidi? Agar 10 yil oldin bo‘lganida edi…

Mana 2 yilda biz katta natijalarga erishdik. Prezident «Zakovat» ko‘rsatuviga kelguncha klubda bir necha ming nafar a’zolarimiz bor edi xolos. Hozir 700 ming nafar bo‘lgan. Hamma “yonib ketdi”… 

To‘g‘ri siyosat, to‘g‘ri yo‘nalish xalqni qo‘zg‘atdi. Mening boshim juda ham osmonlarga yetdi. 10 yildan keyin ham muvaffaqiyatlarni ko‘rish nasib qilsin, 23 yil ko‘rdik, bu yeriga ham nasib qilsa yana ko‘ramiz», – deydi klub prezidenti Abdurasul Abdullayev.

Ma’lumot uchun, «Zakovat» o‘yinining sportcha versiyasida g‘olib jamoalar quyidagi miqdorda taqdirlanadi:

1-o‘rin: 100 million so‘m;

2-o‘rin: 60 million so‘m;

3-o‘rin: 40 million so‘m.

Breyn-ring o‘yinida esa jamoaga maxsus tayyorlangan birinchi Osiyo ochiq chempionati kubogi topshiriladi.

Mavzuga oid