Jahon | 22:16 / 28.10.2025
7570
3 daqiqa o‘qiladi

Tug‘ilish pasayishining asosiy omili ayollar mustaqilligining oshishi bo‘ldi – tadqiqot

Tadqiqotga ko‘ra, tug‘ilishning past darajasi «tarkibiy to‘siqlar» - er-xotinlar o‘rtasidagi majburiyatlar bilan bog‘liq muammolar va bolalarni parvarish qilish bo‘yicha davlat tomonidan ishonchli kafolatlarning yo‘qligi bilan bog‘liq.

Foto: EPA

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Klaudiya Goldin tug‘ilishning global pasayishini tushuntiruvchi tadqiqotini taqdim etdi. Tug‘ilish pasayishining asosiy omili ayollar mustaqilligining oshishi bo‘ldi - ta’lim olish, martaba imkoniyatlari va tug‘ilishni nazorat qilish orqali. Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish va tug‘ilishning pasayishi o‘rtasidagi an’anaviy bog‘liqlik o‘zgardi: Shvetsiya va AQSh kabi ba’zi boy mamlakatlarda tug‘ilish Gretsiya va Janubiy Koreyaga qaraganda yuqoriroq.

Dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pida tug‘ilish koeffitsiyenti aholining tiklanish darajasi 2,1 dan past. Bu davlatlarda dunyo aholisining qariyb uchdan ikki qismi istiqomat qiladi, shu jumladan, sayyoramizning aholi eng zich joylashgan ikki mamlakati.

Goldinning ta’kidlashicha, muammo uy vazifalarini taqsimlashda erkaklar va ayollarning xohish-istaklari o‘rtasidagi nomuvofiqlik tufayli yanada kuchayadi.

Erkaklar ko‘pincha rollarning an’anaviy taqsimlanishini saqlab qolishga intiladi, ayollar esa bolalarga g‘amxo‘rlikni baham ko‘rishga tayyor sheriklarga muhtoj bo‘ladi. Ayniqsa, bu muammo Ikkinchi jahon urushidan keyin jadal iqtisodiy o‘sishni boshidan kechirgan mamlakatlar - Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya va Portugaliyada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Bu davlatlarda ayollar uy yumushlari va bola parvarishiga erkaklarga nisbatan kuniga 3-3,1 soat ko‘proq vaqt sarflaydi va dunyodagi eng past tug‘ilish ko‘rsatkichlaridan biriga ega. Taqqoslash uchun: Shvetsiya va Daniyada bu farq bir soatdan kamroq, tug‘ilish esa yuqoriroq.

Tadqiqot, shuningdek, AQShda oliy ma’lumotli ayollar orasida tug‘ishning pasayishi 1970 yillardayoq boshlanganini aniqladi. 1950 yilda tug‘ilganlar uchun universitet diplomiga ega bo‘lgan har bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 1,64 gacha kamaydi.

Goldin xulosasiga ko‘ra, tug‘ilishning past darajasi «tarkibiy to‘siqlar» - er-xotinlar o‘rtasidagi majburiyatlar bilan bog‘liq muammolar va bolalarni parvarish qilish bo‘yicha davlat tomonidan ishonchli kafolatlarning yo‘qligi bilan bog‘liq.

Yetarli darajada qo‘llab-quvvatlash kafolatlari bo‘lmasa, ayollarning mustaqillik darajasi oshishi tug‘ilishning pasayishiga olib keladi, ammo bunday kafolatlar mavjud bo‘lsa, u tug‘ilishning o‘sishiga hissa qo‘shishi, shu bilan birga ayollarning mehnat bozoridagi samaradorligini oshirishi va oilalar ichida adolatliroq munosabatlarni yaratishi mumkin.

Mavzuga oid