Jamiyat | 23:43 / 16.01.2018
87618
3 daqiqa o‘qiladi

Sobiq «Abu Saxiy» bozori​dagi tadbirkorlarga ko‘chma savdo rastalarini olib tashlash buyurilmoqda

Foto: KUN.UZ

16 yanvar kuni sobiq «Abu Saxiy» bozori, hozirgi «Toshkent ipak yo‘li» savdo-kompleks majmuasi hududida faoliyat olib boruvchi sotuvchilarga savdo o‘rinlari tashqarisiga o‘rnatilgan ko‘chma savdo qilish uchun joy va tovarlarni olib tashlash buyurildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri bir nechta mustaqil axborot manbalariga asoslangan holda xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, «Toshkent ipak yo‘li» majmuasi hududida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga do‘kon oldiga chiqarib qo‘yilgan mulklarni olib tashlash buyurilgan. Hozircha bunday buyruq faqat savdo-kompleksi ichidagi avtoturargoh atrofida joylashgan do‘kon egalariga bildirilgan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan tadbirkorlarning aytishicha, «akfa stollarni olib tashlash to‘g‘risidagi buyruq ichkari qatordagi sotuvchilarga aytilmadi».

Bu holat bozor hududiga tashrif buyurgan mijoz va xaridorlarga qulaylik yaratish, jamoat xavfsizligini kuchaytirish maqsadlarida amalga oshirilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo «Toshkent savdo markazi» majmuasi direktori birinchi muovini Nodir Nabiyev «ish vaqti yakunlanganini» vaj qilib, holatga izoh berishdan bosh tortdi.

Kun.uz axborot manbasining ta'kidlashicha, «bozorning old qatorlarida savdo qilayotgan tadbirkorlar namunaviy loyiha asosida do‘konlarining old fasad qismini ta'mirlashi shart. Shuning uchun, mutasaddi vakillar va dizaynerlar kelishiga hozirlik ko‘rilmoqda. Qisqa muddatdan so‘ng, tadbirkorlarga yana tovarlarini tashqariga chiqarishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan».

Bundan avval, 2018 yil 5 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga tashrifi chog‘ida «​sobiq «Abu Saxiy» MChJ davrida davlat byudjyetiga bir oyda 5 milliard so‘m tushgani»​ haqida bildirgandi. Prezident Matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, ​ushbu bozor «Toshkent ipak yo‘li» majmusiga aylantirilgandan so‘ng atigi 15 kunda tushum 35 milliard so‘mga yetgan»​.

Eslatib o‘tamiz, bozor ma'muriyatida bir muncha o‘zgarishlardan so‘ng (rahbariyat almashinuviga ishora qilmoqda - tahr.) uning nomi ham yangilanishi kutilayotgani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid