O‘zbekiston | 17:11 / 20.01.2021
11181
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l-transport hodisasini ichki ishlar xodimisiz rasmiylashtirish tartibi belgilanmoqda

2021 yil 20 yanvar kuni Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Parlament saytida yozilishicha, respublika hududida yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq ma'muriy huquqbuzarliklar tahliliga ko‘ra, 2018 yilda 13 701ta, 2019 yilda 24 005ta, 2020 yilda 16 023ta tan jarohati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ushbu ma'muriy huquqbuzarliklar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun sud idoralariga yuborilgan. Yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilarining 40 foizi e'tirozi yo‘qligi va maqsadi sug‘urta tovonini olish ekanligini bildirgan.

Amaldagi qonunchilikda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda yo‘l patrul xizmati inspektori chaqirilib, hujjatlar rasmiylashtiriladi, tibbiy-narkologik tekshiruvdan o‘tkaziladi va sug‘urtalovchiga xabar beriladi. Tergovga qadar tekshiruv, turli ekspertizalar, sud jarayoni tamomlanib, ishtirokchilar o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va transport vositalari hujjati, ekspertiza xulosasi, tergovga qadar tekshiruv, sud qarorlarini to‘plab sug‘urtalovchiga taqdim etadi. Sug‘urtalovchi hujjatlarni o‘rganib chiqib tovon to‘lash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ushbu harakatlarni amalga oshirish uchun o‘rtacha 30-50 kun sarflanadi va fuqaroning ortiqcha sarson bo‘lishi va qo‘shimcha xarajatlar qilishiga sabab bo‘ladi.

Qonunga kiritilayotgan yangi normalar bilan yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma tuzish orqali tan jarohati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish bo‘yicha soddalashtirilgan tartibni belgilash nazarda tutilyapti.

Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda ishtirokchilar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimisiz bildirishnoma to‘ldirib, tibbiy-narkologik tekshiruvdan o‘tadi va transport vositalarini texnik shikastni baholash ekspertizasidan o‘tkazib, 3 kun ichida sug‘urtalovchiga ariza taqdim etadi. Sug‘urtalovchi hujjatlarni o‘rganib chiqib, 15 kun ichida tovon to‘lash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi

Loyiha bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi – yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma rasmiylashtirish munosabati bilan ma'muriy javobgarlikdan ozod etish normasi hamda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunga yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma, degan tushuncha kiritilmoqda.

Shuningdek, tan jarohati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish asoslari, qoidalari va tartibi belgilanyapti.

Bildirilishicha, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibini (yevroprotokol) joriy etish yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi bevosita muloqotni amalga oshirishda “inson omili”ga va ortiqcha qog‘ozbozlikka, fuqarolarning ortiqcha sarson bo‘lishiga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Shuningdek, har bir sodir etilgan yo‘l-transport hodisasini rasmiylashtirish uchun yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining o‘rtacha 2-3 soat vaqti tejaladi, tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini ko‘rib chiqishda sifat darajasi oshadi hamda avtomobil yo‘llarida tirbandliklarning oldi olinadi.

Mavzuga oid