Jamiyat | 18:10 / 03.11.2024
25155
16 daqiqa o‘qiladi

“Asosiysi jonim omon qoldi” – O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov bilan suhbat

“Qirol sher” multfilmidagi Mufasa, “Muhtasham yuz yil” serialidagi Sulton Sulaymonni o‘zbekcha gapirtirgan dublyaj ustasi Afzal Rafiqov yana mingdan ortiq ekran qahramonlarining ovoziga aylangan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda u noyob ovozining qanday qilib “yo‘qolib qolgan”i, kinodagi omadsiz faoliyati sabablari, O‘zbekistonda dublyajning rivojlanishdan to‘xtashi, teatrlarda tomoshabin kamligi haqida gapirib berdi.

Keksayganda og‘ir sinov berildi

Asl kasbim sahna aktyori bo‘lishiga qaramay, meni tomoshabinlarning katta qismi ovozim orqali taniydi. Ammo hamma bilgan ovozim hozir yo‘q. Keksayganda og‘ir sinov berildi, chap ovoz pardalarimda xastalanish vujudga keldi. Ochig‘ini aytsam, bu nihoyatda qiyin vaziyat, undan chiqishim oson bo‘lmadi, chuqur ruhiy tushkunlikka tushdim. Bir qancha dorilar qabul qilib, davolanish muolajalarini o‘tkazdim. Ammo bular natija bermadi, oxiri jarrohlik amaliyotiga rozi bo‘ldim. Sababi bu kasallik nafaqat ovozim, balki butun tanamga tahdid solib turgan xastalik edi.

Baxtim shunda ekanki, avvalo, jonim omon qoldi, ikkinchidan, ovozimning o‘zi o‘zgardi, biroq uning ortida turgan narsalar o‘zgargani yo‘q. Did-farosat, ichki dunyo, bilim – hammasi ovozdan bilinadi, diktofon yoki mikrofonda gapirganimda ana o‘shalarning barchasi saqlanib qolgani seziladi. Avval ham aytardim, har bir ovoz – betakror, noyob, go‘zal. Gap ovozda emas, uning ortida turgan narsalarda…

Ushbu sinovga qaramasdan faoliyatimni davom ettiryapman. Haliyam sahnadaman, hali ham mikrofon qarshisidaman. Bilasizmi, tomoshabin ham normal qabul qilyapti, “ovozing yo‘q ekan, chiqib ket sahnadan”, deb hech kim aytmayapti. Texnika rivojlangan, uning yutuqlaridan foydalanib tinglovchiga hamon maqbul keladigan kontentlarni tayyorlashda davom etyapmiz. Yaqinda dasturchilar bir programmani yaratdi, u orqali ovozimdagi xastalik belgilari olib tashlanib, o‘qigan matnlarim avvalgi original ovozimga o‘girilyapti. Endi ishsiz qolib ketaman deb qo‘rqmasam ham bo‘ladi.

Tinglovchi yaxshiroq tushunishi uchun Qur’oni karimni aktyor ovozi bilan o‘qidim”

1991 yil mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, Qur’oni karim o‘zbek tilida nashr etildi. O‘sha yili ro‘za tutishni boshlagan edim. Ana shu kezlarda muqaddas kitobimizni boshidan oxirigacha o‘qib chiqdim. Kitob mutolaasini tamomlagandan so‘ng, ichimda bu asarning audio-disk formatini tayyorlash kerak, degan g‘oya tug‘ildi. Kitobning ovozli variantini ishlab chiqarish uchun katta mablag‘ talab etilardi, bu borada ko‘pchilikdan yordam so‘radim, izlandim, harakat qildim, lekin ishim yurishmadi, homiy topilmadi. Oradan 16 yil o‘tib bir inson “Afzal aka, Qur’oni karimning o‘zbekcha tarjimasini audioformatda tayyorlamoqchimiz, o‘qib bera olmaysizmi?” deb qo‘ng‘iroq qildi. Va men "bu narsani amalga oshirishni necha yildan beri orzu qilib yuribman, sizdan ayni shunday taklif tushdi, bu ham Xudoning bir inoyati bo‘lsa kerak, albatta o‘qib beraman”, dedim. Shu tariqa, Shayx Abdulaziz Mansurning tarjimalaridan foydalanib, Qur’oni karimning o‘zbekcha audioyozuvlarini tayyorlashga kirishdik.

Har bir qismni o‘qib tugatganimizdan so‘ng, uning to‘g‘riligini shayxning o‘zi tekshirib berar edi. Kitobni ovozlashtirish jarayonida faqatgina yarim pora matnni o‘qiy olardim. Bitta porani to‘liq o‘qishga jismoniy kuchim yetmasdi. Qur’oni karimni quruq matn holida o‘qimay, aktyor sifatida his-tuyg‘u qo‘shib ovozlashtirishni ma’qul ko‘rdim. Bilasizmi, kitobdagi so‘zlar mazmunini to‘liq anglamasam, u yerda nima yozilganini tushunib, etim junjikmasa, yozilgan matndan o‘zim hayajonga tushmasam, tinglovchiga qilayotgan ishim yetib bormas edi. Shu sabab, asl mazmunni anglab, kitobni aktyor rolida ovozlashtirdim.

Ushbu kitobni o‘qish uchun kishining ma’lum darajada tayyorgarligi bo‘lishi kerak, tayyorgarligi yo‘q odam uni tinglay olmaydi. Kitobni aktyor ovozida audiolashtirishimizdan asosiy maqsadimiz tayyorgarligi yo‘q insonlar, hatto, bolalarning ham ushbu kitobni tinglashga qiziqishi va intilishini orttirishdan iborat edi. Ba’zilarga keyinchalik bu formatda o‘qiganim yoqmadi, hissiyotsiz, quruq o‘qish kerak, degan izohlarni berishdi. Lekin men tinglovchi tushunib, his qilib, uning ichiga sho‘ng‘ib ketishi uchun kitobni aktyor formatida o‘qishni tanladim. Kitobni ovozlashtirish jarayonida musiqiy bezaklar qo‘shdik. Masalan, Xudoning qahri kelganda momoqaldiroqning ovozi, jannat haqida gap ketganda suvlarning shildirashi, qushlarning sayrashi kabi musiqiy sayqallarni kiritdik. Agar quruq o‘qiyversangiz, bu tinglovchini zeriktirishi mumkin edi.

Teatrlarda tomoshabin kamligi azaliy masala

Ilgari, ya’ni Sovet ittifoqi davrida ham teatrlarga tomoshabin tashkil etilar edi. Administratorlar raykomga murojaat qilar, ular esa biletlarni tarqatishda katta yordam berardi. Tomoshabin turli tashkilotlardan majburiy-ixtiyoriy tarzda zo‘rma-zo‘raki bilan olib kelinardi. 1969 yili Hamza teatriga ishga kirgan bo‘lsam, to u yerdan ketishim – 1987 yilgacha teatrdagi atigi ikkita spektakl o‘zi tomoshabinni olib kelgan. Bular "Kelinlar qo‘zg‘oloni" hamda "Bilmayin bosdim tikanni" asarlari edi. Ayni shu spektakllar uchun kassada biletlar qolmagan. Boshqa barcha asarlarga, hatto davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlariga ham tomoshabin tashkil etilar edi. Hozir ham ahvol deyarli shunday. Chunki teatr xos san’at, ommabop emas. Unga har vaqt odam tirband bo‘lmaydi, biroq teatr hech qachon o‘lmaydi. Shu bois teatrga odam tushmayapti, tomoshabin kamayib ketdi, deb hech qachon o‘ksinish, tanqid qilish kerak emas, vaziyat doim shunday bo‘lgan.

Dramaturgiya – oqsoq, tajribali rejissyorlar yetishmaydi

Teatrning asosi – pesa, dramaturgiya esa adabiyotning eng murakkab janri, toji sanaladi. Masalan, roman yozgan odam pesa yoza olmaydi. Bu alohida yo‘nalish. O‘zbekistonda dramaturgiya oqsoq bo‘lgan doim. Sobiq Hamza teatri o‘zbek dramaturgiyasining laboratoriyasi edi, yozuvchi u yerga pesani olib kelar, asar teatrda o‘qilib, qayta ishlanardi, repetitsiya jarayonida sayqallanardi. Shu tariqa kuchli pesalar teatrda yaratilardi.

Hozirda teatrning rivojlanishiga kerakli darajada yordam bera olmayotgan narsa ¬– dramaturgiya. Mahoratli dramaturglar barmoq bilan sanarli darajada. Ayni davrga kelib sohada rejissura masalasi ham o‘rtaga chiqyapti, tajribali rejissyorlar kam. Bu kabi muammolar, ya’ni kadrlar masalasi avval ham bo‘lgan, fikrimcha, keyin ham davom etadi.

Bahodir Yo‘ldoshev ketganidan so‘ng teatrning menga qizig‘i qolmadi

O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev teatrdan ketganidan keyin yangi rejissyorlar keldi, butun faoliyatim davomida Bahodir Yo‘ldoshev bilan birga ishlaganim bois boshqalardan ham undagi boshqaruvchanlikni izlar edim, biroq topa olmasdim. Uning eng katta yutug‘i repetitsiya jarayonida edi, aktyorlar bilan ishlashda, teatrlarning repertuarlarini tashkil qilishda, spektakllarning badiiy sifatida ish vaqtida haqiqiy ijod muhitini yaratardi. Uning so‘zlari bilan hamma ijod qilgisi kelar, san’at olamiga sho‘ng‘ib ketardi. Bahodir Yo‘ldoshev teatrni tark etganidan so‘ng, ayni o‘sha ish joyim (O‘zbek milliy akademik drama teatri)ning qizig‘i qolmadi. Shu kezlarda O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatrining badiiy rahbari Vladimir Shapiro uch marta ishga taklif qildi. Ikki marta rad javobini berib, uchinchisida yuqorida aytgan vaziyatim sabab qo‘shimcha ish sifatida rus teatrida yarim stavka ishlashga rozi bo‘ldim. Lekin hali asosiy ish joyim davlat akademik drama teatrida edi. 2014 yil u yerda rahbar almashdi. Yangi direktor teatrdagi barcha nafaqaxo‘rlarni chaqirib, “moyananing yarmiga ishlashga roziman deb ariza yozsangiz, teatrda qolishingiz mumkin”, degan shartni qo‘ydi. Prezidentning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi farmonini vaj qilib, “sizlar yarim oylikka ishlasangizgina, yoshlarning maoshini ko‘tara olishim mumkin”, deya murojaat qildi. O‘sha kezda ariza yozib, o‘zbek milliy akademik drama teatridan bo‘shab ketganman. Keyinchalik bu vaziyat yuqoridagilarga yetib borganidan so‘ng, pensionerlarning maoshini joyiga qaytarishgan, noqonuniy-da aslida bu. Lekin men ishga qaytib bormaganman.

Ekranda ishim yurishmadi

“Kinogenichnost” degan tushuncha bor, ya’ni kinoda suratga tushish uchun insonning chehrasi ekranbop bo‘lishi lozim. Ba’zi insonlar hayotda o‘ta kelishgan, chiroyli bo‘lmasa ham, ekranda ko‘rkam, jozibador chiqadi. Biroq menga bunaqa chehra berilmagan, suratlarda o‘zimga hech qachon yoqmaganman. Bundan tashqari, tashqi ko‘rinishim sharqona ham emas, yoshligimda atrofdagilar meni o‘zbek demasdi. Shu sabab kinoda ishim yurishmadi.

“Mikrofon oldiga duch kelgan odam o‘tira boshladi, shu sabab dublyajda sifat tushib ketdi”

“O‘zbekning qulog‘iga hissiyot yoqadi”, buni televizon dublyajni endi boshlagan vaqtlarimizda tushunib yetdik. 1992 yilda hindlarning ko‘p seriyali “Mahobhorat” filmini o‘zbek tiliga o‘girish boshlandi. Bu jarayonga sof dublyaj bilan shug‘ullanganlar ichidan 4 kishi – O‘zbekiston xalq artistlari Hojiakbar Nurmatov va Oybarchin Bakirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rima Ahmedova hamda meni taklif etishdi, shu jamoa “Mahobhorat” filmi bilan televizon dublyajni boshlab berdi. Nega aynan ular tanlab olingan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu ishni Bahodir Ahmedov amalga oshirgan, u kishi televideniyega qanday ovozlar kerak bo‘lishini juda yaxshi bilar edi. Mazkur to‘rtlikning ovozi suvga o‘xshab qorishib ketadigan, moslashuvchan, jonga tegmaydigan ovoz edi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta rolga bir-biriga o‘xshamaydigan ovozlarni bera olish imkoniyat bor edi ushbu to‘rtlikda. Shu sabab ular ilk o‘zbek televizion dublyajiga tanlab olingan.

Yildan yilga dublyajlar soni ko‘paya boshladi. Dastavval faqat shu to‘rt kishi filmlarni ovozlashtirar edi. Keyinchalik safimizga Dilbar Ismoilova qo‘shilgan, boshqa ijodkor dublyajga yaqin ham kelmas edi, odatda.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, 1990 yilgacha O‘zbekistonda dublyaj san’at darajasiga ko‘tarilgandi, dublyaj maktabi ham bor edi, yaxshi rivojlanayotgandi. Televideniyeda 1992 yillarda filmlar ovozlashtirila boshlanib, dublyaj markazi televideniyega ko‘chganidan so‘ng, kinostudiyadagi sof dublyaj tanazzulga yuz tutdi.

Vaqt o‘tib televideniyeda ko‘plab kanallar dublyaj qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, film, seriallar ko‘paydi, dublyajga boshqa aktyorlar ham chaqirildi. Ana o‘sha vaqtda xatoga yo‘q qo‘yildi: mikrofon oldiga duch kelgan, tajribasiz insonlar o‘tira boshladi va sifat tushib ketdi. Shundan so‘ng, dublyaj bilan shug‘ullanaman, deganlar ham ko‘paydi. Negadir dublyaj birdan ko‘pchilikni qiziqtirib qoldi. Ilgari “dublyajda qatnashaman”, deb jon-jahdi bilan tirishganlarni, “qanaqa qilib dublyajga borsa bo‘ladi?” deb yurganlarni hech uchratmasdim, bunaqa “ajiotaj” yo‘q edi. Odamlar dublyajga ko‘p pul to‘lanadi, deb o‘ylardi, ammo bunday emasdi. Dublyaj bilan shug‘ullanish uchun aktyor bo‘lish, sahnada bir-ikkita rol o‘ynagan bo‘lishi kerak, quruq ovoz bilan bu sohada professionallikka yetish qiyin masala.

Hanuzgacha o‘rgatishdan ko‘ra o‘rganishni ma’qul ko‘raman

Tadbirlar, syomkalar, ko‘cha-ko‘yda madaniyat sohasi vakillari “ustoz” deya chaqiradi. “Ustoz” deganlarni tan olaman, faqat ularni tarbiyalay olmaganman. Nazdimda, birovga bir narsani o‘rgatish uchun insonda alohida qobiliyat bo‘lishi kerak. Kimgadir bilim ulashish ham alohida iste’dod. Menga aynan shu narsa berilmagan ekan. Hanuzgacha o‘rgatishdan ko‘ra, o‘rganishni ma’qul ko‘raman. Yangi rolga qo‘l ursam, butun hayotim davomida qilgan ishlarim, O‘zbekiston xalq artisti ekanim – hammasini bir chetga surib, go‘yo kechagina institutni bitirib, endi ish boshlagan aktyordek repetitsiyaga kirishaman. Shunday tayyorgarlik ko‘rmasangiz, natija siz xohlagandek chiqmaydi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga borib, nutq madaniyati bo‘yicha 3 oy dars berib ko‘rdim. O‘xshamadi, ko‘nglimga bu ish hech botmadi, o‘zimni majburlar edim, oxiri taslim bo‘ldim dars bermaslikka.

Adabiy tilga shevalarni aralashtirmaslik zarur

Ommabop nashrlarda adabiy tilga kiritilmagan so‘zlarning qo‘llanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu holatga jiddiyroq qarash kerak. So‘nggi yillarda poytaxtga viloyatlardan ko‘plab aholi ko‘chib keldi, natijada me’yoriy tilga turli shevalar aralashib ketdi. Faoliyatim davomida bildimki, mualliflar matnda o‘ziga yaqin bo‘lgan so‘zlarni qo‘llashni afzal ko‘radi. Masalan, bir safar dublyaj jarayonida jumlada shevaga xos so‘zlar qo‘llangani, vaholanki, o‘zbek adabiy tilida o‘sha so‘zlarning sinonimi borligi, muallifga ularni almashtirish lozimligini aytsam, buni qilishni xohlamadi. Sababi unga aynan o‘sha jumla yoqadi, bolaligidan qulog‘iga o‘rnashgan shevadagi so‘zlarning jaranglashini xohlaydi. Hatto yozuvchi, shoirlar ham mana shunday xatoga yo‘l qo‘yyapti: shevani adabiy tilga aralashtirib yuboryapti. Fikrimcha, bu xavfli jarayon – til me’yorlarining buzilishi, til birligining zaiflashishi singari salbiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustalari: Nuriddin Nursaidov, Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid