— O‘zbek dublyaji bir vaqtlar juda yuqori darajada edi. Bugungi kunda unga qanday baho berasiz?

— Haqiqatan ham o‘zbek dublyaji bir paytlar cho‘qqida bo‘lgani to‘g‘ri. Hozirgi kunda o‘zimizning tilimizda tushunarli bo‘lgani uchun dublyaj degan so‘z qolgan, lekin jarayon butunlay o‘zgarib ketgan. O‘zbek tiliga o‘girish, mana shu to‘g‘riroq bo‘ladi. Yana bir to‘g‘riroq nom – “kadr ortidagi ovozlashtirish”.

Dublyajning ovozlashtirishdan farqi – filmda deylik, 27 nafar aktyor ishtirok etgan bo‘lsa, epizodik, ikkilamchi, umuman filmda kimki gapirsa, hammasiga aktyor chaqirilgan. 27 obrazga 27 nafar aktyor ovoz bergan. Ingliz, rus yoki hind tilidagi original ovoz olib tashlangan. Ya'ni obrazlar sof o‘zbek tilida gapira boshlagan.

Hozir unday emas, bitta filmni maksimum 7 nafar aktyor ovozlashtiradi, ya'ni o‘zbek tiliga o‘girib beradi. Bir aktyorga besh-oltitadan obraz tushadi. Bitta aktyor yo‘l-yo‘lakay shuncha obrazga ovoz berib ketadi.

Siz aytgan SSSR davridagi dublyaj hozir qilinmayapti. Chunki u hozirgi paytimizga hamma tomonlama to‘g‘ri kelmaydi. Professional darajada chiqishi uchun unga vaqt, mablag‘ zarur, tomoshabinning tezkor ma'lumot olish ishtiyoqi so‘nadi. Masalan, “Titanik”ni endi chiqdi, deb olaylik. Uni o‘zbek tilida biz ko‘rmoqchimiz. Bilasiz, “Titanik”ning ichida 40ga yaqin qahramon bor, deylik. Uni yozib chiqish bor. Ovoz bilan musiqani qo‘shish, ovoz bilan intershovqinni qo‘shish ishlari bor. Bitta film uchun bularni qilishga salkam ikki oy vaqt ketadi.

— Hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalar bilan bir yarim soatlik bitta filmni qancha vaqtda tugatasizlar?

— Agar 5 kishi ovozlashtirsa, masalan, bir kunda tugatiladi.

— Bugungi kunda dublyaj studiyalarining asosiy buyurtmachilari kimlar? Yangi film ishlayotganlarmi yoki telekanallar?

— O‘zbek seriallariga hozir urg‘u berilgan. Shularni tayyorlash asosan, nodavlat studiyalarga yuklanadi. O‘ynagan aktyor, aktrisalar o‘zlari ovoz bera olmaydi. Gapirgan aktyorning ustidan biz o‘qib berishimiz kerak. Buni obrazni ko‘tarib berish, deb atasak bo‘ladi. Chunki o‘ynagan aktyorlar ko‘pi – yangi, endi kirib kelayotganlar, institutda o‘qiydiganlar, o‘qimaydiganlar, ko‘cha tilida aytganda “konfetka”lar. Ular ishtirok etgan filmda ikki og‘iz so‘zni eplab gapira olmaydi. Lekin suratga tushgan. Biz kelamiz-da, chiroyli qilib o‘qib beramiz. Tayyor bo‘lgandan keyin filmni ko‘rgan o‘zbek tomoshabinlari tushunadi. Agar asl shaklida berib yuborsangiz, uni mahsulot ham deb bo‘lmaydi.