Maktablar qachon ochilishi maxsus komissiya qarori bilan aniq bo‘ladi – XTV ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni rad etdi
Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarning qachon ochilishi ma'lum bo‘lgani haqida turli xabarlar tarqatilmoqda. Xalq ta'limi vazirligi mazkur xabarlar asossiz ekanini, yakuniy xulosa maxsus komissiya tomonidan chiqarilishi yana bir bor ma'lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlarning birida «1-4 va 11-sinflar 2 sentyabrdan, 3-7 va 9-sinflar 20 oktyabrdan, 5-8 va 10-sinflar 5 noyabrdan maktabga borishi» haqida aytilgan bo‘lsa, yana birida «10 sentyabrgacha maktablar ochilishiga ko‘rsatma berilgani» haqida aytiladi.
Kun.uz muxbiri ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlar yuzasidan izoh olish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova bilan bog‘landi.
«Maktablar qachon ochilishi haqida yakuniy qaror maxsus komissiya tomonidan chiqariladi. Komissiya qarori yaqin orada chiqishi kerak. Vazirlik ham maktablar qachon ochilishidan xabardor emas. Lekin o‘quv yilini boshlash bo‘yicha hozir 3ta ssenariy ustida ish olib borilmoqda», dedi vazirlik rasmiysi.
Avvalroq Xalq ta'limi vazirligi yangi o‘quv yilini qanday boshlash borasida 3ta ssenariy asosida ish olib borilayotganini, lekin yakuniy xulosa, ya'ni o‘quv yilining qaysi shaklda boshlanishi faqat respublika maxsus komissiyasi qarori bilan aniq bo‘lishini ma'lum qilgan edi.
Vazirlik tomonidan e'lon qilingan 1-ssenariyga ko‘ra, pandemiya holati barqarorlashib, maktablar odatiy tartibda o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu vazirlik va o‘quvchilar uchun eng maqbul variant bo‘lib turibdi. Xalqaro tajriba maktab yoshidagi bolalarga kasallik kam holatda yuqishini, ulardan kattalarga yuqish xavfi ham kamligini ko‘rsatmoqda;
2-ssenariy: Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda bolalarda virus kechishi bo‘yicha xulosasi ijobiy bo‘lmagan taqdirda ta'lim onlayn tartibda davom ettirilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin;
3-ssenariy: Gibrid ssenariy bo‘lib, maktablar ochiladi. Maktablar ham sinf tizimiga o‘tkaziladi. Faqat ma'lum bir hudud, maktab holatidan kelib chiqib, o‘quvchilarning onlayn darslarda yoki maktabdagi darslarda bilim olishi davom ettiriladi.
Mavzuga oid
15:42 / 28.10.2024
O‘zbekistonda maktablarda kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi
19:45 / 09.10.2024
O‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishi noqonuniy - MMTV
19:28 / 03.10.2024
“Men bolalardan o‘rgangani kelganman” - Andijondan Qashqadaryoning chekka hududiga borib ishlayotgan o‘qituvchi
14:52 / 03.10.2024