Jamiyat | 12:01 / 09.08.2021
40277
6 daqiqa o‘qiladi

Bugun Feruza, ertaga kim? - Nega jurnalistlarga bo‘hton uyushtirish ko‘paymoqda?

Ommaviy axborot vositalari erkinlashgani sayin jurnalistikaga tahdid, tuhmatlar ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Qalampir.uz jurnalistini badnom qilish uchun qilingan jirkanch xatti-harakatlar afsuski yagona misol emas.

Albatta, jurnalist o‘zining tanqidiy ko‘zi bilan qarab, haqli savollarni o‘rtaga tashlab tayyorlagan maqolasi kimlargadir yoqmaydi. Ko‘pincha, ular — tanqid ostiga olingan sohaga mansub amaldorlar bo‘lishadi.

Jurnalistga nisbatan tuhmat uyushtirildimi, demak, qalamkash to‘g‘ri yo‘lda ekanligi ayon bo‘ladi. Lekin eng yomoni — bu tuhmatga ishonadiganlar ham topiladi. Bu esa ruhiy ezilish, ma'lum muddat tuhmat tamg‘asi ostida yurishga sabab bo‘ladi.

Ammo jurnalistika — oddiygina kasb emas, u ongning holati, hayot tarzi. Bu sohada uning qiyinchiliklariga bardosh bera oladigan, tuhmat, bosim va tahdidlarga qaramasdan, haqiqat yo‘lida ijod qilishda davom eta oladiganlargina dovrug‘ qozonadi.

Bilamiz, yaqin-yaqingacha amaldorlarimiz jurnalist deganda buyruqqa some', obuna kampaniyasi chog‘ida yordam so‘rab mustargina bo‘lib turgan qalamkashlarni tushunishgan. Muammolarni ko‘tarib chiquvchi, tanqid qiluvchi insonni emas. Amaldorlarning buyurtmasi bilan ular ishora bergan insonni badnom qilish uchun xizmat qilgan qalamkashlar ham bo‘lgan, afsuski. Tanqid chegarasi shu bilan tugagan.

Lekin bugun zamon o‘zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi jurnalist va blogerlarni qo‘llab-quvvatlab turibdi. Lekin shunga qaramasdan ayrim mansabdorlar, kuchishlatar tizimlarning xodimlari bot-bot jurnalistlarning ishiga xalaqit berishga urinishmoqda. Materiallarni e'lon qilishga qarshilik ko‘rsatishmoqda, e'lon qilingan materiallarni o‘chirtirishga harakat qilishmoqda. Ularning noqonuniy buyruqlariga bo‘ysunmagan jurnalistlarni badnom qilish, ularga tuhmat uyushtirishga jazm etishmoqda.

Feruza ham ana shunday insonlarning navbatdagi qurboni bo‘ldi. Lekin hamkasb singlimiz bunday harakatdan aslo tushkunlikka tushmasligi, o‘zining o‘tkir chiqishlari bilan ishlashda davom etishi kerak.

Bugun Feruzani ko‘plab hamkasblari, mutasaddi idoralar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Unga qilingan tuhmat qattiq qoralanmoqda. Jirkanch tuhmatni kimlar, qanday maqsadlarni ko‘zlab qilganini ham ko‘pchilik sezib-bilib turibdi.

Bu kabi sho‘rishlar Kun.uz jurnalistlarining ham boshidan o‘tgan. «Jurnalist mendan 1 gektar yer berishni so‘radi», deb tuhmat qilib, qilmishi uchun jazosiz qolgan mansabdorni eslang.

Albatta, bunday tuhmatdan yomoni yo‘q. Bejiz ota-bobolarimiz «o‘t balosi va suv balosidan asrashni so‘ray turib, ketidan tuhmat balosidan ham asra», deb iltijo qilishmagan.

Ming afsuski, keyingi paytlarda yangi «trend» paydo bo‘ldi: Turli Telegram kanallar orqali anonim tarzda jurnalistlar va blogerlarga tuhmat uyushtirish, ularning oilaviy hayotiga raxna soladigan bo‘hton ma'lumotlarni e'lon qilish, ularning nomiga loy chaplashga zo‘r berilmoqda. Bunday ishni ko‘chadagi bekorchi havaskorlar emas, ma'lum bir maqsadni ko‘zlagan, imkoniyat va resurslarga ega, siz-u biz to‘lagan soliqlar hisobiga yashovchi davlat tashkilotlari yoki shunday tashkilotlardagi guruhlar qilgani ehtimoli yuqori. Maqsad — qo‘rqitish, badnom qilish, jur'atni o‘ldirish.

Bu — o‘sha tuhmatlarda nomlari tilga olingan jurnalistlargagina nisbatan tahdid emas. Bu — butun sohaga, qalamkashlarga qarab qilich yalang‘ochlash, og‘izni yumishga majburlashdir. Chunki jasurroq hamkasbi qay ko‘yga tushirilganini ko‘rgan boshqa qalamkashlar ham jim yurishga majbur bo‘lishadi. Jurnalistika sohasi oqsay boshlaydi.

Ammo bu hech qachon o‘zini oqlamaydigan usuldir. Jurnalistlarning ovozi o‘chirilsa, qo‘rqitilsa, siz faqat tepadagilarga qulay bo‘lgan insonlar va muammolar haqida o‘qiy boshlaysiz. Siz qaysidir mahallada qurilish uchun daraxtlar kesilayotgani, mast mansabdor kimnidir mashinasida urib yuborgani, lekin unga nisbatan jinoiy ish ochilmagani, IIB bo‘limida ushlanganlarni qiynoqqa solishayotganidan bexabar qola boshlaysiz. Qo‘shni tumandagi kimyoviy zavoddagi xavfli portlashni eshitmaysiz. Chunki bu narsalarni yozib, sizga yetkazadigan odam qolmaydi.

Huquqlaringizni poymol qilishayotgan ekan, imkon qadar qattiqroq baqirish va e'tiroz bildirish kerak. Chunki sukut saqlasangiz sukunatga cho‘kib ketasiz. Matbuotga bosim, uni yo‘q qilishga harakat — barchaning haqsizligi masalasidir. Siz yon-atrofingizda sodir bo‘layotgan voqealardan voqif bo‘lishdan mosuvo bo‘lasiz. O‘shanda, o‘zingiz bilan dahshatli narsalar sodir bo‘la boshlaganda, sukut saqlashga majbur bo‘lasiz. Chunki dardingizni eshitadigan odam qolmaydi.

Alalxusus, erkin so‘z va jurnalistlarga qarshi tahdid kampaniyasi butun jamiyatga qarshi kampaniya o‘laroq baholanmog‘i kerak. Shunday bo‘lyapti ham. Senat, AOKA, Jurnalistlar uyushmasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bu jirkanch nayrangni bee'tibor qoldirmadi.

Biz hamkasblarga nisbatan bo‘layotgan bunday tuhmat va tahdidlarga indamasdan qarab turmasligimiz, birdamlik bilan barchamiz qarshi turishimiz kerak. Bugun Feruzaga tashlangan tuhmatchilar ertaga istalgan boshqa birimiz bilan «shug‘ullana» boshlashadi.

Ular o‘z maqsadiga yetisholmasligi uchun halol va xolis bo‘lmog‘imiz kerak. Shundagina anonim tarzda qilingan tuhmat bilan jirkanch kimsalar aslo o‘z niyatlariga yeta olishmaydi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Tahririyatdan: Kun.uz jurnalistlarga nisbatan qilinayotgan tuhmat, bosim va tahdidlarning har qanday ko‘rinishini qoralaydi. Bunday tahdidlarga qaramasdan, jurnalist hamkasblarni xalq va davlat manfaati yo‘lida xolis ma'lumot tarqatishda davom etishga chorlaydi.

Mavzuga oid