Duda Ukrainani o‘ziga yordam bermoqchi bo‘lgan qutqaruvchini cho‘ktirayotgan odamga qiyosladi
Polsha Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirishga taqiqni uzaytirdi, shu bilan birga, g‘alla tranzitiga ruxsat berdi. Bunga javoban Kiyev Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qilgan.
Ukraina va bir qator Sharqiy Yevropa davlatlari o‘rtasida Ukraina g‘allasini olib kirishga qo‘yilgan taqiqning uzaytirilishi sababli yuzaga kelgan mojaro fonida Polsha prezidenti Anjyey Duda Ukrainani o‘ziga yordam bermoqchi bo‘lgan qutqaruvchini cho‘ktirayotgan odamga qiyosladi. «Men buni cho‘kib ketayotgan odamga o‘xshash narsaga qiyoslagan bo‘lardim. Cho‘kayotgan odam o‘ta xavfli, chunki u sizni chuqurlikka tortib ketadi. U qutqaruvchini cho‘ktirib yuborishi mumkin», dedi Duda chorshanba, 20 sentabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan brifingda.
«Bu Polsha va Ukraina o‘rtasidagi vaziyatga o‘xshaydi. Ukraina Rossiya hujumi ostida, shubhasiz, juda og‘ir ahvolda, qo‘lidan kelgan hamma narsaga tirmashyapti. Biz bundan xafa bo‘lishimiz mumkinmi? Albatta, g‘azablanishimiz mumkin. Cho‘kayotgan odamdan zarar ko‘rmaslik uchun o‘zimizni himoya qiladigan tarzda harakat qilishimiz kerakmi? Ha, biz cho‘kayotgan zarar yetkazmasligi uchun himoyalanishimiz lozim, sababi u shikast yetkazib, cho‘ktirib yuborsa, yordam ololmaydi. Shuning uchun biz o‘z manfaatlarimizni ko‘zlashimiz kerak hamda buni samarali va qat’iyat bilan qilamiz», dedi Polsha prezidenti Kiyevning noroziligini izohlar ekan.
Anjyey Duda Ukrainani Polshadan yordam olayotganini unutmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, taqiq Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tranzitiga emas, balki importiga tegishli.
Duda va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvning bekor qilinishi
Duda, shuningdek, ayni kunlarda Nyu-Yorkda bo‘lgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan «tashkiliy sabablarga ko‘ra» uchrasha olmaganini tasdiqladi.
Uchrashuvning bekor qilinishi rasman BMT Bosh assambleyasidagi davlat rahbarlarining «nutqlari jadvalidagi o‘zgarish» bilan izohlandi. Shu bilan birga, Polsha prezidenti Zelenskiy bilan uchrashuv hali boshqa vaqtda bo‘lib o‘tishini istisno etmadi.
Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi bilan bog‘liq ziddiyat
Aprel oyida Polsha Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, jumladan, g‘allani import qilishni taqiqladi. Varshavadan keyin yana to‘rtta Yevropa Ittifoqi davlati: Vengriya, Slovakiya, Ruminiya va Bolgariya buni amalga oshirdi, ammo g‘alla tranziti uchun ruxsatnoma o‘z kuchida qoldi. Bu mamlakatlar import taqiqini fermerlarning bankrotlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar haqidagi shikoyatlari bilan izohladi.
Sharqiy Yevropa beshta davlatining qarori Yevropa komissiyasi tomonidan ham ma’qullandi, biroq 15 sentabr kuni u embargo muddatini uzaytirishdan bosh tortdi, chunki «Ukraina bilan chegaradosh besh a’zo davlatda bozor buzilishlari yo‘qoldi». Biroq, Polsha, Vengriya va Slovakiya bu xulosalarga rozi bo‘lmadi va taqiqni uzaytirdi, Varshava uni muddatsiz qildi.
Ukraina embargo yuzasidan Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qildi. Bunga javoban Polsha Ukraina g‘allasi masalasi hal etilmasa, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga rozi bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi.
Mavzuga oid
16:28 / 17.11.2024
Frontdagi vaziyat: Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi ko‘plab uchastkalarda qulamoqda
14:24 / 17.11.2024
«Eng yirik havo hujumlaridan biri». RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar uyushtirdi
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
14:00 / 16.11.2024