18:48 / 07.02.2020
1
17822

Narpayda 20 yil muqaddam vafot etgan kishining uyiga maishiy chiqindi uchun to‘lov talabnomasi kelmoqda

Kun.uz tahririyatiga Narpay tumanida istiqomat qiluvi Jamshid Tog‘ayevdan murojaat kelib tushdi. Uning aytishicha, 20 yil muqaddam vafot etgan otasi nomiga MIBdan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun to‘lov talabnomasi kelishda davom etmoqda.

Foto: KUN.UZ

Narpay tuman «Barkamol» MFY, Sho‘rkent ko‘chasi 25-uyda ayni paytda marhumning bevasi Zamira Tog‘ayeva farzandlari bilan istiqomat qilib keladi. Ular o‘zlari yashab turgan xonadondan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun muntazam to‘lovlarni amalga oshirib kelishgan (Abonent raqami: 105100660026).

Biroq, Narpay tuman maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi korxonasi taqdim etgan ma'lumotnomaga ko‘ra, MIB 15 yanvar kuni 48000 so‘m, 6 fevral kuni 58000 so‘mlik qarzdorlik to‘g‘risidagi talabnomani marhum Tog‘ayev Toshbotir Astanovich nomiga yo‘llagan. Boz ustiga, marhumning nomiga kelgan talabnomada ko‘rsatilgan abonent raqami ham boshqa: 105100660037.

Ta'kidlanganidek, Tog‘ayev Toshbotir Astanovich 2000 yil 1 may kuni o‘tkir yurak miokardi — infarktdan vafot etgan.

Mazkur masala yuzasidan MIB narpay tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Zayniddinovning fikri bilan qiziqdik. MIB vakiliga ko‘ra, ro‘yxatni ular shakllantirmaydi va unga biror o‘zgartirish ham kirita olishmaydi:

«Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun abonentlar ro‘yxati va to‘lovlarni «Toza hudud» DUKdan olamiz. Bu ro‘yxat «Toza hudud»ning bazasidan MIBga o‘tadi. Biz bazadan o‘chira olmaymiz, faqat ko‘rsatilgan summani undirib beramiz. Shu bois undirish uchun talabnoma jo‘natilmoqda. Shunday holatga duch kelganlar «Toza hudud» idorasiga borib, ism-familiyani bazadan o‘chirtirishlari kerak bo‘ladi», — deydi S.Zayniddinov.

«Toza hudud» DUK Narpay filiali rahbari Shamsiddin Ro‘ziyev vaziyatni quyidagicha izohladi. Mutasaddining aytishicha, shakllantirilgan baza ro‘yxatida chindan ham chalkashliklar bor:

«Fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish bizning zimmamizda emas. Biz faqat chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha texnik xizmat ko‘rsatamiz. Bazani Sanitar tozalash markazi tuzadi. Ularga ma'lumotni Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi №95-sonli qaroriga ko‘ra Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari har oyning 5-sanasigacha taqdim etishi kerak. Ayni paytda ro‘yxatda chalkashliklar chindan ham bor. Eski ro‘yxatdan qolib ketgan ism-familiyalar bor. Ular orasida vafot etganlar ham uchraydi. Yoki, aytaylik xonadon 3 kishiga pul to‘lab yurgan bo‘lsa, yillar o‘tib ularning sonida o‘sish bo‘lgan. Bunday holatlar ham inobatga olinmay qolgan. Shunday kamchiliklar MFY va Sanitar tozalash markazi ishtirokida bartaraf etiladi», — dedi Sh.Ro‘ziyev.

Samarqand viloyat Ekologiya boshqarmasi huzuridagi Sanitariya tozalash markazi rahbari Umid Munavvarovning aytishicha, bunday holatlar vujudga kelishiga bosh sababchi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining Vazirlar Mahkamasi qaroriga bepisandligi oqibatida kelib chiqmoqda:

«Sanitariya tozalash markazining tuman va shaharlarda bir nafardan xodimlari bor. Hukumat qaroriga ko‘ra, MFY raislari har oyning 5-sanasida o‘z mahallasidagi abonentlar va istiqomat qiluvchi shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni xodimlarimizga berib borishlari shart. Lekin, ayrim mahallaqo‘mlar bu ishga bepisandligi tufayli xodimlarimizga bir paytlar shakarga, unga shakllantirilgan tayyor ro‘yxatlar berib yuborilmoqda. Bu esa shunday noreal qazdorliklar vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Yoki xodimlarimiz o‘zlari mahallalarni kezib, raislardan ro‘yxat ololmasdan, ko‘chaboshilardan iltimos qilib, ro‘yxat shakllantirib yurishibdi», — deydi U.Munavvarov.

Narpay tumanidagi «Barkamol» MFY raisi Elmurod Umarov vaziyatni shunday tushuntirdi:

«2019 yilning boshida ro‘yxat shakllantirilgan. Hukumat qarori chiqqach, zudlik bilan tayyorlangan. Avval har bir xonadon chiqindi bo‘yicha alohida shartnoma tuzar edi, keyin mahalla umumiy shartnoma tuzadigan bo‘ldi. Xullas, turar joy kadastr hujjatlariga ko‘ra kimning nomida bo‘lsa, o‘shalarning nomiga ro‘yxat shakllanib ketgan. Haqiqatan ham, murojaatchining otasi dunyodan o‘tgan. Lekin uy-joy otasining nomida qolib ketgan.

Mazkur vaziyatdan xabarim bor. Bu mahallamizdagi yagona holat ham emas. Hamma ham uy-joyning kadastr hujjatlarini o‘z vaqtida to‘g‘rilab qo‘ymaydi. Ota-onasining nomida qolib ketaveradi. Biz bunday holatlarga barham beramiz, xususan shu holatda mahalla raisi sifatida marhumning nomini ro‘yxatdan o‘chirishga yordam qilaman», — dedi E.Umarov.

Chindan ham, mazkur xususiy holda «Barkamol» MFY raisi o‘z mahallasidagi fuqarolarning yangilangan ro‘yxatini Sanitariya tozalash markaziga taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi №95-sonli qarorining 36-bandida shunday belgilangan:

«Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari har oyning 5-sanasiga qadar Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha Sanitar tozalash markaziga abonentlar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning xizmat ko‘rsatish zonasida haqiqatda istiqomat qiluvchi shaxslar bo‘yicha quyidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lumot taqdim etib borishadi:

·       abonent bilan birga istiqomat qiluvchi, ko‘chib kelgan yoki ko‘chib ketgan shaxslar sonini ko‘rsatgan holda yangi abonent ko‘chib kelishi yoki abonentning ko‘chib ketishi;

·       familiya, ismi va otasining ismi, shuningdek, mazkur manzil bo‘yicha yangi abonentning pasport ma'lumotlarini ko‘rsatgan holda, abonentning o‘lim yoki boshqa sababga ko‘ra yashash manzilidan chiqarilganligi;

·       abonentning manzili bo‘yicha bir yoki bir nechta birga istiqomat qiluvchi shaxslar sonining o‘lim, tug‘ilish, ko‘chib kelish yoki ko‘chib ketish (shu jumladan vaqtincha) bilan bog‘liq o‘zgarishlar.

Abonentlar bo‘yicha o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi va Sanitar tozalash markazining tegishli tuman (shahar)ga biriktirilgan mutaxassisi tomonidan imzolanadi.

Sanitar tozalash markazi ma'lumotlarni olgan kundan boshlab uch ish kunidan kechikmay Hisobga olishning yagona elektron tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun majburiy to‘lovlarning keyingi hisob-kitobi ko‘rsatilgan o‘zgartirishlar Hisobga olishning yagona elektron tizimiga kiritilgan vaqtdan boshlab amalga oshiriladi.

Xulosa qilish mumkinki, muammo birgina J.Tog‘ayev yashab turgan xonadonda ro‘y bermayapti. Muhimi, uning yechimi bor. O‘ylaymizki, Narpaydagi mutasaddilar Yagona elektron bazani to‘gri shakllantirishda sa'y-harakatni kuchaytirib, yuqoridagi misol kabi turli tushunmovchiliklarning oldini olish payidan bo‘lishadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top