O‘zbekiston | 18:44 / 29.11.2017
38536
2 daqiqa o‘qiladi

Amaliyot yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan talaba «ikkinchi» yilga qoldiriladi

Foto: KUN.UZ

Adliya vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining qarori (2017 yil 22 noyabrda 2548-1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Yuridik ta'lim muassasalari (harbiy, maxsus oliy ta'lim muassasalaridan tashqari) talabalari tomonidan tanishtiruv va malakaviy amaliyotni, shuningdek stajirovkani o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Amaliyot va stajirovka yakunlari hisobot bilan rasmiylashtiriladi

Endi amaliyot yoki stajirovka o‘tash davrida kundalik yuritilmaydi. Amaliyot yakunlangach, talaba tomonidan amaliyot o‘tash to‘g‘risida hisobot tayyorlanadi va topshiriladi. Hisobotda:

•  bajarilgan ish;
•  o‘rganilgan huquqni qo‘llash amaliyoti;
•  olingan bilim va ko‘nikmalar aks ettiriladi.

Hisobot talaba tomonidan imzolanadi hamda qabul qiluvchi tashkilotdagi amaliyot rahbari imzosi bilan tasdiqlanadi.

Amaliyotga qabul qiluvchi tashkilotlar ro‘yxati kengaytirildi

Yurist-talabalar tomonidan amaliyot o‘taladigan tashkilotlar jumlasiga advokatlik tuzilmalari va NNT qo‘shildi.

Amaliyot uchun yomon baho oldingmi – keyingi bosqichga o‘tmaysan

Ilgari talabalar ham amaliyot yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baho olgani, ham uzrli sabablarsiz amaliyotga kelmaganligi uchun talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin edi. Endi esa faqat amaliyotga kelmaganlik uchun chetlashtirish qo‘llaniladi. Amaliyot yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baho olinishi talabani akademik qarzdor sifatida tegishli o‘quv kursida qoldirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

E'tiborli jihati shundaki, amaliyotni o‘tash davomiyligi va muddati endi ishchi o‘quv rejasi bilan belgilanadi.

Hujjat 22.11.2017 yildan kuchga kirdi.    

Mavzuga oid