Jahon | 15:40 / 22.08.2025
2940
4 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Kolumbiyadagi ikki hujum oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odam jarohatlandi

Isyonchilarga aloqador guruhlar harbiy vertolyotni dron bilan urib tushirgan, shuningdek, aviabaza oldida portlovchi moddalar o‘rnatilgan yuk mashinasi portlatilgan.

Foto: Samir Rojas/AFP via Getty Images

Kolumbiyada sodir bo‘lgan ikki hujumda kamida 18 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralandi. Rasmiylarga ko‘ra, hujumlar Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari (FARC) isyonchilariga aloqador guruhlar tomonidan uyushtirilgan.

Mamlakatning aholi soni bo‘yicha eng yirik uchinchi shahri Kali shahrida portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan yuk mashinasi shu nomdagi harbiy aviatsiya maktabiga qarashli Marko Fidel Suares nomidagi aviabaza yaqinida portlatilgan. Rasmiylarga ko‘ra, bu hujum oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 71 kishi jarohatlangan. Atrofdagi ko‘plab uylar shikastlangan.

«Quloqni qomatga keltiruvchi tovush eshitildi – aviabaza yaqinida nimadir portladi», – deydi guvohlardan biri AFP axborot agentligiga.

Bundan bir necha soat oldin Medellin shahri yaqinidagi Antokiya departamentining shimoliy Amalfi munitsipalitetida giyohvandlik moddalar yetishtiriladigan plantatsiyalarni yo‘q qilish operatsiyasida ishtirok etayotgan Black Hawk politsiya vertolyotiga dron hujum qilgandi. Bortdagi 12 kishining barchasi halok bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi fotosuratlarda o‘rmonli hudud uzra ko‘tarilayotgan quyuq qora tutunni ko‘rish mumkin.

Kali shahri meri Alexandro Eder shaharda harbiy holat e’lon qildi va yirik yuk mashinalari shaharga kirishiga vaqtinchalik taqiq joriy qildi. U aholini sodir bo‘lgan voqea haqida har qanday ma’lumot haqida xabar berishga chaqirdi va buning uchun 10 ming AQSh dollari miqdorida mukofot va’da qildi.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro va armiya rahbariyati fuqarolarni «himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni belgilash» uchun Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazishini ma’lum qildi.

«Davlat terrorizmga yon bermaydi. Ushbu jinoyatlar qat’iy ta’qib qilinadi va jazolanadi», – deyiladi Kolumbiya mudofaa vazirligi bayonotida.

Aviatsiya bazasi atrofida mashinalar va uylar shikastlangan.
Ernesto Guzman/EPA/Shutterstock

Hujumlar uchun javobgarlik Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlarining ajralib chiqqan fraksiyalariga, so‘l radikal isyonchi guruhga yuklatildi. Ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari FARC’​​ni terrorchi tashkilot deb hisoblaydi. 2016 yilda guruh va Kolumbiya hukumati harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan, ammo FARC’​​ning bir qismi tinchlik shartnomasini rad etgandi.

Mudofaa vaziri Pedro Sanches portlashni «terrorchilik akti» deb atadi va unda «Mordisko nomi bilan tanilgan narkokartel»ni aybladi – gap jangarilar yetakchisi Ivan Mordisko haqida ketmoqda. U FARC’​​ning eng yirik tarmog‘i bo‘lgan EMC guruhiga boshchilik qilgan va bu guruh tinchlik shartnomasiga qo‘shilmagandi.

«Tinch aholiga qarshi qo‘rqoqlik bilan uyushtirilgan bu hujum Vale-del-Kauka, Kauka va Narino departamentlarida giyohvand moddalar savdosi ustidan nazorat yo‘qolishiga noilojlikdan qilingan javob bo‘ldi, bu hududlarda huquq-tartibot kuchlari ushbu tahdidning katta qismini bartaraf etgan», – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

So‘nggi oylarda Kolumbiyada xavfsizlik kuchlari va isyonchilar, narkokartellar va harbiylashgan guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Hujumlarda dronlar tobora ko‘proq qo‘llanmoqda: 2024 yilda 115 ta shunday hujum qayd etilgan. O‘tgan hafta mamlakat janubi-g‘arbida dron hujumi oqibatida nazorat-o‘tkazish punktida navbatchilik qilgan uch nafar harbiy halok bo‘ldi: dron ular ustiga portlovchi moddalar tashlagan.

Mavzuga oid