19:25 / 02.08.2015
25741

1 avgustdan GM Uzbekistan bir oyga ishni to‘xtatadi

Andijonning Asaka tumanida joylashgan GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyati qo‘shma korxonasi 2015 yilning 1 avgustidan boshlab bir oy muddatga o‘z ishini to‘xtatadi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar bermoqda.
“Ishlab chiqarishning to‘xtatilishi rejali asosda bo‘lib, Asakadagi avtomobil zavodidagi profilaktika ishlari bilan bog‘liq”, – dedi “O‘zavtosanoat” AK strukturasidagi korxonalardan birining vakili agentlik muxbiri bilan suhbat chog‘ida.
Shu bilan birga, kompaniya vositachilari ish faoliyati to‘xtatilishini kompaniyaning asosiy eksport bozori hisoblanmish Rossiyada mashinalarga bo‘lgan talabning tushib ketishi bilan bog‘lamoqda.
Kompaniya 2015 yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6.5 foizga kamaytirib, 119.412 ming avtomobil ishlab chiqargan edi. Bu Rossiyadagi xaridlarning keskin tushib ketishi bilan bog‘langan edi. Yevropa biznesi uyushmasi avtomobilsozlar qo‘mitasi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida GM Uzbekistan’ning Rossiyadagi savdolari 1.57 barobarga tushib ketgan.

Top