Jamiyat | 18:45 / 21.09.2021
1703
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qidiruvdagi ota topilib, undan 82,5 million so‘m aliment undirildi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida qidiruvdagi ota ushlanib, undan 82,5 million so‘m aliment undirilgan. Bu haqda MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2016 yil 22 apreldagi buyrug‘iga asosan Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi B.Q.dan uch nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta'minoti uchun daromadning uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Sud qarori bo‘yicha MIB Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limida ijro ishi yuritilgan.

Qayd etilishicha, fuqaro B.Q. aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab chet elga chiqib ketganligi sababli unga nisbatan qidiruv e'lon qilingan. Olib borilgan qidiruv natijalariga ko‘ra, qarzdor ota chet eldan qaytgan vaqtida topilib, ijro harakatlarini davom ettirish uchun davlat ijrochisiga topshirilgan.

Muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash muhimligini inobatga olgan holda MIB xodimlari qarzdor B.Q. bilan suhbat o‘tkazgan. Unga farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani tushuntirilgan.

Shuningdek, xodimlar fuqaro B.Q.ga 2016 yil 22 apreldan beri to‘lanmagan aliment qarzdorligini to‘lashi, aks holda to‘plangan hujjatlar sudga taqdim etilishi hamda 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi taynlanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Bunday suhbatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan ota joriy yil 1 oktabr kuniga qadar bo‘lgan jami 82 million 500 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘lab bergan.

Mavzuga oid