O‘zbekiston | 16:08 / 20.09.2021
6781
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 6 oyda deyarli 20 ming oila ajrashgan

2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda deyarli 20 ming oila ajrashgan. Ajralishlarning har beshtadan bittasiga er yoki xotinning qarindoshlari sabab bo‘lmoqda.

 Bugun, 20 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva oilaviy ajrimlarning sabab-oqibatlari, ajrimlarni kamaytirish borasida qilinayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.

“2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda deyarli 20 ming oila ajrashgan. Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan viloyatlar, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab oilaviy ajrimlar bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda respondentlar javoblaridan quyidagilar ma'lum bo‘ldi:

Ajralishlarning har beshtadan bittasiga er yoki xotinning qarindoshlari sabab bo‘lmoqda. Oilaviy ajralishlarning eng ko‘p uchraydigan sabablari — er va xotin o‘rtasida doimiy maishiy-psixologik darajadagi kelishmovchiliklar, o‘zaro mehr-oqibatning yo‘qligi (30,2 foiz), er-xotin oila a'zolarining doimiy aralashuvi, ular bilan kelishmovchilik (21,2 foiz), oilaviy xiyonat (17,1 foiz) hisoblanadi. So‘nggi ikki yilda oilaviy xiyonat tufayli ajrashishlar ikki barobarga oshgan.

2020 yil yanvar-iyun oylariga nisbatan 2021 yilning shu oylarida ajralishlar soni 50 foizga oshgan. Lekin bu mutlaq o‘sish ko‘rsatkich real holatni belgilamaydi. Umumiy o‘sishdagi real o‘sishni baholashda umumiy nikoh ko‘rsatkichi o‘sishini hisobga olish zarur. Respublikada 2020 yil yanvar-iyun oylarida 75 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 2021 yil shu davrida 118 mingtani tashkil etgan.

Ajralishlar sabablari orasida oilada ayollarning huquqlarini cheklash, ularga nisbatan zo‘ravonlik saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, biroq ushbu vaziyat oldingi yillarga nisbatan kamayganini ko‘rishimiz mumkin”, dedi Nodira Egamberdiyeva.

Qo‘shimcha qilinishicha, so‘rovnomada qatnashgan ajrashgan ayollarning 59,2 foizi aliment undirishda mas'ul tashkilotlarga yuborilgan murojaatlardan amaliy natija bo‘lmaganini ta'kidlashgan. Ushbu holat aliment undirish mexanizmi mukammal emasligi, bu bo‘yicha monitoring zarur darajada yuritilmasligidan dalolat beradi.

Mavzuga oid