20:04 / 10.10.2015
14894

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Dilmurod Nazarov 39 yoshida vafot etdi

O‘zbek futboli yana bir og‘ir judolikka uchradi. Bugun, 10 oktabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Dilmurod Nazarov 39 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi.

Kun.uz saytining barcha xodimlari marhumning yaqinlari, xususan uning akasi, yana bir sobiq futbolchi Yorqin Nazarovga chuqur hamdardlik bildiradi. 

Marhumning janozasi bugun asr namozi mahalida o‘qilgan.

Ma'lumot uchun, 1976 yilning 12 aprelida tug‘ilgan Dilmurod Nazarov professional futbolchilik faoliyatini 1992 yil "Paxtakor" safida boshlagan. Ikki yil davomida ushbu klub sharafini himoya qilgan futbolchi O‘zbekiston chempioni (1992) va O‘zbekiston kubogi (1993) sohibiga aylangan.

1993 yilda Qozog‘istonning "Ordabasi" klubida o‘ynab yana "Paxtakor"ga qaytgan Dilmurod Nazarov 3 yil davomida "sherlar" safida yana chempion (1998) va kubok sohibi (1997) bo‘ldi. 1995 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi so‘rovnomasida 2-o‘rinni egalladi.

1999 yilda Toshkentning "Traktor" va Chimkentning "Ordabasi" klubida faoliyat olib bordi.

Keyingi yil "Paxtakor"da, 2001 yilda esa "Surxon" klubida o‘ynagan. Qisqa muddat Qozog‘istonning "Taroz" jamoasi sharafini himoya qilgan. Qozog‘istonda "Qaysar", "Yassi Sayram" va "Ordabasi" kabi klublarda o‘ynadi.

2006 yilda Namanganning "Navbahor" klubi safida o‘ynab, mavsum so‘ngida futbolchilik faoliyatini yakunlagan.

Marhum futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 1995-1997 yillarda 10ta o‘yinda maydonga tushgan. 1996 yilda Osiyo Kubogida ishtirok etgan.

Top