Jahon | 14:46 / 08.11.2025
4297
9 daqiqa o‘qiladi

Netanyahuni hibsga olishga order bergan Turkiya, G20 sammitini boykot qilgan Tramp va Indoneziyadagi masjidda portlash – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Turkiya sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi

Turkiya Bosh prokuraturasi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning hukumatidagi yuqori lavozimli amaldorlarga nisbatan «genotsid» ayblovi bo‘yicha xalqaro qidiruv e’lon qildi.

Istanbul prokuraturasi bayonotida aytilishicha, jami 37 nafar shaxsga qarshi ayblov qo‘yilgan. Ular orasida Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir hamda armiya boshlig‘i general Eyol Zamir ham bor. To‘liq ro‘yxat e’lon qilinmadi.

Turkiya rasmiylari ularni G‘azo sektorida «tizimli ravishda amalga oshirilgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar»da aybladi.

Bayonotda, shuningdek, Turkiya tomonidan G‘azoda qurilgan va mart oyida Isroil tomonidan bombardimon qilingan «Turkiya–Falastin do‘stlik kasalxonasi» ham tilga olingan.

Isroil bu qarorni «PR shousi» deb atab, keskin rad etdi.

O‘tgan yili Turkiya Janubiy Afrikaning Xalqaro sudda Isroilga qarshi genotsid bo‘yicha da’vosiga qo‘shilgan edi.

G‘azo sektorida 10 oktyabrdan buyon Donald Tramp sulh rejasining bir qismi sifatida nozik sulh kuchda qolmoqda.

Lavrov va Putin munosabatlari yomonlashdimi?

Kreml tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov prezident Vladimir Putin o‘rtasidagi aloqalar yomonlashgani haqidagi taxminlarni rad etdi. Bunday mish-mishlar o‘tgan oy Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi sammitni tashkil etish rejalari bekor qilingach paydo bo‘lgandi.

75 yoshli Lavrov — sovet davridan beri faoliyat yuritayotgan, qattiqqo‘l muzokarachi sifatida tanilgan diplomat. U bu hafta odatda qatnashadigan yirik Kremldagi yig‘ilishda ishtirok etmadi. Bundan tashqari, Putin kelasi oy Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga uni emas, boshqa kishini yuborishga qaror qildi. Odatda bu rol Lavrov zimmasida bo‘lgan.

Ikki haftadan beri Tashqi ishlar vazirligi Lavrovning safar rejalari yoki kelgusi haftadagi chiqishlari haqida hech qanday ma’lumot bermayapti. Bu holat Lavrov Putinning ishonchini yo‘qotgani haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.

Juma kuni jurnalistlar Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan Lavrov Putinning g‘azabiga uchraganmi, deb so‘rashganda, u bu fikrlarni qat’iyan rad etdi. «Qisqa javob beraman: bu xabarlarda hech qanday haqiqat yo‘q», — dedi Peskov.

«Albatta. Lavrov tabiiyki, tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyatini davom ettirmoqda», deya qo‘shimcha qildi u.

Reuters va boshqa OAVlarning yozishicha, yangi sammit — Lavrov boshchiligidagi vazirlik Ukrainaga oid keskin talablaridan voz kechmasligini bildirgan xabarni AQShga yuborgach, bekor qilingan. Financial Times esa o‘z manbasiga tayanib, Lavrovning Rubio bilan suhbati Vashingtonda salbiy taassurot qoldirganini bildirdi.

Indoneziyadagi masjidda portlash

7 noyabr kuni Indoneziya poytaxti Jakartadagi masjidda juma namozi vaqtida sodir bo‘lgan portlashlar o‘nlab odamlarning jarohatlanishiga sabab bo‘ldi. Rasmiylar bu hodisa hujum bo‘lishi mumkinligini bildirdi, gumondor sifatida esa 17 yoshli o‘quvchi aniqlangan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Kelapa Gading tumanidagi maktab majmuasida joylashgan masjidda yuz bergan portlashdan so‘ng 55 kishi turli darajada, jumladan, kuyish jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Hech kim vafot etmagan.

Jabrlanganlarning aksariyati o‘quvchilar bo‘lib, ularning ayrimlari og‘ir kuyish jarohatlari olgan. Indoneziya politsiya boshlig‘i Listyo Prabovoning aytishicha, gumonlanuvchining o‘zi ham jarohat olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda, jumladan, «gumondor portlovchi moslamani qanday tayyorlagani va hujumni qanday amalga oshirgani» o‘rganilmoqda.

Maktab o‘quvchilaridan birining aytishicha, portlovchi moslama qo‘pol muomalaga uchrab yurgan o‘quvchi tomonidan maktabga olib kelingan. Boshqa o‘quvchilar uni «yolg‘iz yuradigan» shaxs deb tasvirlagan.

Jakarta politsiyasi yuqori lavozimli rasmiysi voqea joyida qurolga o‘xshash ikki o‘yinchoq buyum topilganini tasdiqladi. Antara e’lon qilgan suratlarda ularning biri avtomat qurolga, boshqasi pistoletga o‘xshab ko‘ringan. Avtomat qurolga o‘xshash buyumda Brenton Tarrantning ismi yozilgan.

Brenton Tarrant — 2019 yilda Yangi Zelandiyadagi masjidga hujum qilib, 51 kishini o‘ldirgan terrorchidir.

Rasmiylar tergov hali davom etayotganini ta’kidlab, jamoatchilikni portlashni «terrorizm harakati» deb taxmin qilmaslikka chaqirdi.

Xitoyning yangi aviatashuvchisi

Xitoyning eng yangi va eng ilg‘or aviatashuvchisi — «Fujian» kemasi rasman xizmatga qabul qilindi. Bu Pekinning dengizdagi ustunlik borasida AQSh bilan raqobatlashish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida ko‘rilmoqda.

Xaynan orolidagi harbiy portida o‘tkazilgan marosimda Xitoy rahbari Si Jinping shaxsan qatnashdi.

«Fujian» — Xitoyning uchinchi va hozircha eng zamonaviy aviatsiya kemasi bo‘lib, unda elektromagnit katapultalar mavjud. Bu tizim samolyotlarga og‘irroq qurol va yoqilg‘i yuklamalari bilan uchishga imkon beradi, natijada ular uzoqroq masofadagi nishonlarni urish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday tizimga ega dunyodagi yagona boshqa kema — AQSh dengiz flotining «USS Gerald R.Ford» aviatsiya kemasi.

Xitoy OAVlariga ko‘ra, «Fujian»da ushbu texnologiyani qo‘llash qarorini shaxsan Sining o‘zi qabul qilgan.

Parvoz maydonida uchta katapulta uchirish joyi, shuningdek, Xitoyning kemadan uchiriladigan samolyotlari namoyish etilgan. Shu paytda Xitoyning ikkinchi aviatsiya kemasi — «Shandong» ham yaqin atrofda joylashtirildi.

Ayni vaqtda Xitoy dunyodagi eng katta harbiy flotni yaratgan. Biroq AQSh texnologik jihatdan sezilarli ustunlikni saqlab qolgan — xususan, aviatashuvchilar soni va imkoniyatlari jihatidan.

AQSh kemalari yadroviy reaktor bilan ishlaydi, bu ularga portga qaytmasdan dengizda uzoq muddat qolish imkonini beradi. «Fujian» esa an’anaviy yoqilg‘ida ishlaydi, demak u vaqti-vaqti bilan portda to‘xtashi yoki dengizda tanker orqali yonilg‘i olishi kerak.

AQSh G20 sammitini boykot qilmoqda

7 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp «bu oy oxirida Janubiy Afrikada o‘tkaziladigan «Katta yigirmalik» (G20) sammitida hech bir amerikalik rasmiy ishtirok etmasligi»ni e’lon qildi. Bunga u mamlakatda «inson huquqlari buzilayotgani»ni sabab qilib ko‘rsatdi.

«G20 sammitining Janubiy Afrikada o‘tkazilishi mutlaq sharmandalikdir. Afrikanerlar — golland, fransuz va nemis muhojirlarining avlodlari o‘ldirilmoqda, so‘yilmoqda, ularning yer va fermalari noqonuniy tarzda tortib olinmoqda. Inson huquqlari buzilishi davom etar ekan, hech bir AQSh hukumati rasmiysi sammitda ishtirok etmaydi», — dedi Tramp Truth Social platformasidagi postida.

Trampning ta’kidlashicha, qora tanlilar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Janubiy Afrikada ular irqiy ta’qibga uchramoqda. Biroq Janubiy Afrika hukumati bu da’volarni rad etgan.

O‘tgan oy prezident AQShga qabul qilinadigan qochqinlar soni uchun tarixdagi eng past kvotani belgilagan va bu kvotaning asosan oq tanli afrikaliklarga qaratilishini aytgan edi.

Joriy yil boshida AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Janubiy Afrikada o‘tgan G20 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashishdan bosh tortgandi.

Tramp avval ham Janubiy Afrikaning ichki va tashqi siyosatlarini tanqid qilib kelgan. Xususan, JARning yer islohoti siyosati hamda G‘azo urushida AQShning ittifoqchisi bo‘lgan Isroilga qarshi genotsid da’vosi qo‘zg‘atgani uchun tanqid qilib keladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid