Texnologiya | 23:17 / 01.01.2016
5452
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla mijozga 188 xaridorni jalb qilgani uchun qimmatbaho sedan sovg‘a qiladi

Tesla Motors kompaniyasi elektrokarlar egalariga yangi xaridorlarni jalb qilgani uchun chegirmalar va bonuslar berish dasturi doirasida o‘z mijoziga Model S P90D qimmatbaho sedanini sovg‘a qiladi, deb xabar bermoqda Electrek nashri.

Wei70644 nikneymi ostidagi Tesla Model S elektromobili egasining tavsiyasi bilan kompaniyaning 188 ta yangi mashinasi sotib olingan. “Tesla” mashinasining o‘rtacha narxi 85 ming dollarni tashkil etishi hisobga olinsa, Vey kompaniyaga 16 mln dollar ishlab olishga yordam bergan.

Sovg‘a sifatida Veyga ikkita elektromotorli, umumiy miqdorda 700 ot kuchini beruvchi Tesla Model S P90D sedani beriladigan bo‘ldi. Mashina joyidan 96 km/soat tezlikka 2,9 soniyada erishadi. AQShda bunday mashinaning narxi 130 ming dollardan boshlanadi.

Bundan tashqari, Wei70644 oddiy maishiy elektr tarmoqdan mashinaning akkumulyatorlarini quvvatlashga imkon beruvchi Powerwall qurilmasi hamda kompaniyaning Nevadadagi Gigafabrikasiga bepul ekskursiya safari bilan taqdirlanadi.

Ushbu dastur birinchi marta 2015 yilning yozida yo‘lga qo‘yilgan. Model S mashinasining elektron kod ko‘rishidagi belgilangan egalaridan mashinani sotib olish tavsiyasini olgan xaridorlarga ming dollarlik chegirma berilgan. Xuddi shuncha pul mashina egalariga har bir jalb qilingan mijoz uchun berilgan.

20 nafar yangi xaridorni jalb qila olganlarga Tesla Model X elektr krossoveriga 20 ming dollarlik chegirma berilgan.