O‘zbekiston | 09:04 / 13.07.2021
2806
5 daqiqa o‘qiladi

Nukusdagi yopiq harbiy shaharchada yashovchi harbiy pensionerlar murojaat bilan chiqishdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahridagi 1-sonli yopiq harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan bir guruh harbiy pensionerlar bir nechta masala bo‘yicha murojaati aks etgan videotasvirlar tarqaldi.

Unda bir guruh harbiy pensionerlar Mudofaa vazirligi balansida turgan yopiq harbiy shaharchani Nukus shahar hokimligi balansiga o‘tkazish bo‘yicha murojaat qilgan. Shuningdek, Qurolli Kuchlardan zaxiraga bo‘shatilgan sobiq harbiy xizmatchilar bo‘lgan fuqarolarni ro‘yxatga olish ayni vaqtda ushbu yopiq harbiy shaharchaning turar-joylarida emas, balki harbiy shaharcha hududidan tashqarida, ichki ishlar organlari tomonidan shahardagi boshqa manzillarga hisobga olingani ta'kidlangan.

Yuqoridagi holat yuzasidan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati rasmiy izoh berdi (https://shgho.uz/uz/9215.html). Ta'kidlanishicha, aynan bu holatlar bo‘yicha 1-sonli yopiq harbiy shaharchada yashovchi harbiy pensionerlar tomonidan murojaatlar kelib tushmagan. Muammolar yuzasidan 5 iyul kuni 1-sonli yopiq harbiy shaharchada yashaydigan aholining muammoli masalalarini hal etish maqsadida davlat organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan.

Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov raislik qilgan yig‘ilishda Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq qabulxonasi mutaxassisi Sh.Ibragimov, Davlat kadastrlar palatasi boshqarmasining Nukus shahar filiali boshlig‘i A.Xudaybergenov, Nukus shahar IIB xodimi va boshqa mas'ullar qatnashgan.

Kun tartibiga kiritilgan birinchi masala, ya'ni yopiq harbiy shaharchada yashovchi harbiy pensionerlarning o‘zlari yashayotgan va Mudofaa vazirligi balansida turgan turar-joy manziliga elektron hisobga qo‘yish hamda turar-joy kadastri bilan bog‘liq muammoli masala atroflicha o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida 1-sonli yopiq harbiy shaharchada yashovchi harbiy pensionerlar tomonidan farzandlarini maktabga joylashtirish maqsadida yangi tizim bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligiga elektron talabnoma yuborilganida, elektron tizimda ular yashayotgan manzillari o‘rniga harbiy shaharchadan tashqaridagi boshqa bir noma'lum manzillarda ro‘yxatga qo‘yilganligi aniqlangan.

Bu holatga Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i mayor B.Allanazarov aniqlik kiritgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kadastr bo‘limi tomonidan elektron tizimga 1-sonli yopiq harbiy shaharchadagi turar joylarining kadastr raqamlari kiritilmagan. B.Allanazarov shu muammolar sabab, fuqarolarni ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha elektron tizim bazasi yaratilganida 1-sonli yopiq harbiy shaharcha aholisining ro‘yxatga olish manzillari bo‘yicha boshqa manzillardagi kadastr raqamlarini kiritishga majbur bo‘lganligini bildirdi. Bunga fuqarolarning statistik hisobini yuritish zarurligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ushbu masala bo‘yicha Davlat kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Nukus shahar filiali boshlig‘i A.Xudaybergenov ham ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, 1-sonli yopiq harbiy shaharchadagi yashash turar joylarining kadastr hujjatlari maxfiylik darajasiga ega bo‘lganligi sabab, kadastr raqamlari elektron tizimga kiritilmaganligi aytib o‘tildi.  A.Xudaybergenov tomonidan, agar 1-sonli yopiq harbiy shaharchadagi yashash turar joylarining kadastr hujjatlaridan maxfiylik darajasi olib tashlansa, kadastr raqamlarini elektron tizimga kiritish mumkinligi bo‘yicha taklif bildirilgan.

Kun tartibidagi ikkinchi masala, ya'ni 1-sonli yopiq harbiy shaharchada yashovchi harbiy xizmatchilar va harbiy pensionerlarning farzandlarini maktabga joylashtirishdagi yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha Qorqalpog‘iston Xalq ta'limi vazirligi xodimi G‘.Boltayev tushuntirish bergan. Mutaxassis fikriga ko‘ra, hozirgi kunda bolalarni maktabga qabul qilish yangi elektron tizim orqali amalga oshirilishi, maktabga qabul qilish bo‘yicha talabnomalar ota-onalar tomonidan elektron tizimga kiritilishi, talabnomalarni qabul qilish 2021 yil 25 iyul kuniga qadar uzaytirilganligi, shu muddatga qadar 1-sonli yopiq harbiy shaharchada yashovchi fuqarolarni ro‘yxatga olish bo‘yicha muammo hal qilinadigan bo‘lsa, elektron tizim orqali talabnoma berishda muammo bo‘lmasligini aytgan.

10 iyul kuni holatiga ko‘ra, 1-sonli yopiq harbiy shaharchada joylashgan har bir xizmat xonadoniga alohida kadastr raqami berilib, xozirda ushbu raqamlarga asosan fuqarolarning o‘zlari yashab turgan manzil bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish ishlari boshlangan.

Ma'lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 iyundagi 552-son farmoyishiga muvofiq, Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharcha hududidagi 24 xonadondan iborat bo‘lgan 37-sonli hamda 32 xonadondan iborat bo‘lgan 38-sonli turar-joy binolari, ularga tutash bo‘lgan 10,09 gektar yer maydoni bilan Nukus shahar hokimligi balansiga topshirilgan.

Mavzuga oid